O‘zbekiston | 12:30 / 22.07.2024
11354
2 daqiqa o‘qiladi

“Hammasi hayotda bo‘layotgan voqealardan olingan” – bolalar o‘limi bilan bog‘liq ta’sirli videorolik

Zo‘ravonlik, qotillik va avariyalar qurboni bo‘lgan bolalarning ayanchli taqdiriga bag‘ishlangan videorolik jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ijodkorlar shu orqali ommaga oz bo‘lsa-da ta’sir qilib, bu kabi hodisalarni kamaytirishni o‘ylagan.

Foto: Videodan kadr

Mazkur rolik Instagram’dagi Chumoli akkauntida 16 iyul kuni joylangan.

Loyiha a’zolaridan biri Jasur Rustamov Kun.uz’ga bu videorolik Chumoli jamoasi tomonidan oxirgi vaqtda turli jinoyatlar qurboni bo‘layotgan bolalar xotirasiga bag‘ishlab olinganini aytdi.

“Bu kontent olinishiga sabab oxirgi paytlarda bolalar o‘limi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar bo‘ldi. Ayniqsa 3 yoshli bolaning o‘ldirilishi, YTH qurboni bo‘lgan bolalar yoki pedofiliya bilan bog‘liq fojialar bizni qattiq ta’sirlantirdi. Anchadan beri shu haqida nimadir olishni va shu orqali ommaga oz bo‘lsa-da ta’sir qilishni o‘ylab yurgan edik.

O‘z yo‘nalishimizda noodatiy yondashishga harakat qildik. Hammasi hayotda bo‘layotgan voqealardan olingan. Ssenariy, g‘oya – barchasi jamoamiz tomonidan amalga oshirildi”, — deydi u.

Baxtsiz hodisalar, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, sifatsiz tibbiyot sabab vafot etgan xasta bolalarning iztiroblarini ko‘rsatib bergan kontent “Biz bolajon xalq edik”, deb yakunlangan.

Yashnoboddagi 3 yoshli bolaning o‘limi, Xatirchida BYD haydovchisi bosib ketgan 9 yashar qiz voqeasi, Yangihayot tumanida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan Muslima fojiasi va boshqa ko‘plab og‘riqli holatlarni yodga soluvchi rolik jamoatchilikni hushyor torttirishga qaratilgan.

Mavzuga oid