Jahon | 11:53 / 22.07.2024
2362
4 daqiqa o‘qiladi

Minsk Kriger ishi bo‘yicha Berlin bilan maslahatlashuvlar haqida ma’lum qildi

Belarus o‘lim jazosiga hukm qilingan germaniyalik Riko Kriger masalasi bo‘yicha Germaniya bilan aloqada bo‘lib, GFRga «aniq yechimlar» taklif qildi, dedi Belarus TIV matbuot kotibi.

Foto: SCANPIX / Caro

Germaniya va Belarus o‘limga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Kriger masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Bu haqda Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz ma’lum qildi.

«Albatta, bu mavzuda nemis tomoni bilan aloqalar mavjud. Germaniya Tashqi ishlar vazirligining so‘rovini inobatga olgan holda, Belarus tomoni ushbu mavzu bo‘yicha maslahatlashuvlarda vaziyat rivojiga oid mavjud variantlar yuzasidan aniq qarorlar taklif qildi. Maslahatlashuvlar ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari orqali amalga oshirilmoqda», — dedi diplomat.

Glaz qo‘shimcha qilishicha, Minsk «nemis tomoni»ning Kriger bo‘yicha «tashvishini» tushunadi va unga konsullik yordamini ta’minlaydi.

Germaniya TIV Belarus hukumati oldida Riko Krigerning manfaatlarini himoya qiladi

Bir kun avval Germaniya tashqi ishlar vazirligi DW nashriga nemis fuqarosi Belarusda o‘lim jazosiga hukm qilinganini tasdiqladi. «Tashqi ishlar vazirligi va Minskdagi elchixona jabrlanuvchiga konsullik xizmatlarini ko‘rsatadi va Belarus hukumati oldida uning manfaatlarini faol himoya qiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, «o‘lim jazosi shafqatsiz va g‘ayriinsoniy jazo turi bo‘lib, Germaniya tomonidan har qanday sharoitda ham rad etilishini» ta’kidladi. «Biz butun dunyo bo‘ylab uni bekor qilishni va barcha jabrlanuvchilarga nisbatan uni qo‘llashdan bosh tortishga erishmoqchimiz», deyiladi vazirlik javobida.

Belarusda Riko Kriger ishi 

Avvalroq Belarusning «MotolkoPomogi» Telegram-kanali Belarusda iyun oyi oxirida Germaniya fuqarosi va Germaniya Qizil Xoch (GQX) xodimi Riko Kriger o‘limga hukm qilingani haqida xabar berdi. Xabar mualliflarining ta’kidlashicha, erkak «o‘qotar qurolga nisbatan qonunga xilof harakatlar», «transport yoki aloqa vositalarini yaroqsiz holga keltirish», «ekstremistik tuzilma yaratish yoki unda ishtirok etish», «yashirin faoliyat», «yollanma ish» va «terrorizm akti» kabi moddalarda ayblangan. 

«Vesna» inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Kriger ishi Rossiyaga qarshi urushda Ukraina tomonida jang qilayotgan Kastus Kalinovskiy nomidagi Belarus ko‘ngillilar bo‘linmasi polkiga tegishli. 

Mustaqil matbuotning avvalroq xabar qilishicha, 6 iyun kuni Minsk viloyat sudida Riko Kriger ustidan sud jarayoni boshlandi. O‘shanda Belarus poytaxtidagi Germaniya elchixonasi jurnalistlariga aytishicha, diplomatlar «ishdan boxabar» va «konsullik xizmatlarini ko‘rsatyapti». 

Krigerning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, u 2021 yildan beri Germaniya Qizil Xoch jamiyatida tez tibbiy yordam bo‘yicha texnik bo‘lib ishlaydi. 2014—2017 yillarda Riko Kriger AQShning Berlindagi elchixonasida xavfsizlik xizmati xodimi, 2017—2021 yillarda esa Oraniyenburgdagi qariyalar uyida uy hamshirasining yordamchisi bo‘lgan. Belarusning «Nasha Niva» nashri Riko Krigerning Germaniyada hali voyaga yetmagan farzandi borligini yozdi.

Mavzuga oid