Jahon | 09:11 / 22.07.2024
5263
3 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab namoyishchilar Isroil bosh vazirini AQShga bormaslikka chaqirdi

Ben-Gurion aeroportida to‘plangan namoyishchilar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni HAMAS garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha, AQShga uchmaslikka chaqirdi.

Foto: AP / Ohad Zwigenberg

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning AQShga ketishidan bir kun oldin Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroportiga yuzlab namoyishchilar yig‘ildi. Bu haqda 21 iyul, yakshanba kuni Isroilning Haaretz gazetasi xabar berdi.

Namoyishchilar bosh vazirni HAMAS harakati bilan G‘azo sektorida garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha Vashingtonga uchmaslikka chaqirdi. Xabar qilinishicha, namoyishchilar orasida o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarning qarindoshlari ham bo‘lgan. 

Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi 

Avvalroq Isroil bosh vaziri AQSh poytaxtiga 22 iyul kuni kelishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Shu kuni Netanyahu AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashadi, shuningdek, Kongress oldida nutq so‘zlamoqchi. 

Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda 

21 iyul kuni dpa Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan bilvosita muzokaralarning yangi bosqichi uchun Qatarga delegatsiya yuborishi haqida xabar bergan edi. Delegatsiya 25 iyul kuni Qatar poytaxti Dohaga jo‘nab ketadi va unga Isroil razvedka agentligi - «Mossad» direktori David Barnea boshchilik qiladi. OAV xabariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri o‘zining eng yaqin maslahatchilari bilan bir necha soatlik maslahatlashuvlardan so‘ng ushbu delegatsiyani yuborishga qaror qildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Barnea o‘tgan hafta Qatarga uchishi kerak edi, ammo uning safari qoldirildi. Shuningdek, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Uilyam Berns G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun Dohaga borishi ma’lum qilindi. Qatar va AQSh Misr bilan birga bu muzokaralarda vositachilik qilmoqda.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 38 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid