Jamiyat | 21:01 / 23.07.2024
14866
5 daqiqa o‘qiladi

Telegram orqali sodda odamlarni osonlikcha shilayotganlar ko‘paymoqda. Ularga nega chora ko‘rilmayapti?

Telegram'da 4 soat ichida 500 ming so‘mni 3,2 mln so‘mga, 4 mln so‘mni esa 55 mln so‘mga ko‘paytirib berishni va’da qilgan yangi firibgarlar paydo bo‘ldi. Bir necha kishi ularning qurboniga ham aylangan. Qancha ogohlantirilmasin, bong urilmasin, odamlar baribir aldanishda davom etyapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar esa bu holatni jimgina kuzatib turgandek.

Foto: Kun.uz

Oxirgi paytlarda firibgarlar juda sodda yo‘llar bilan ham minglab o‘zbeklarni yaxshigina mablag‘ga “uxlatyapti”.

Masalan, Telegram'da “Alhamdulillah Pull” nomli kanal odamlarga mablag‘ini 4 soat ichida bir necha barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilyapti.

O‘zini Dinora Karimova deb tanishtirgan loyiha rahbari 500 ming so‘mni 3,2 mln so‘mga, 1 mln so‘mi 8,5 mln so‘mga, 4 mln so‘mni 55 mln so‘mga ko‘paytirib olishga 100 foiz “garantiya” beryapti. Buning uchun atigi 4 soat kutishning o‘zi kifoya, deb odamlarni aldamoqda.

“Biz kriptovaluta orqali ishlaymiz. Misol uchun, agar siz 500 ming so‘m sarmoya kiritsangiz, biz sizning pulingizni fond bozoriga investitsiya qilish orqali 3 mln 200 ming so‘mga ko‘paytiramiz. 8 yildan ortiq tajribamiz bor. Siz 100 foiz yutasiz!” – deydi Dinora Karimova u bilan mijoz sifatida onlayn gaplashgan Kun.uz muxbiriga.

U mablag‘ni quyidagi karta raqamga tashlash mumkinligini aytdi.

Bu karta raqam Ipotekabankda Xushboqova U.ning nomiga rasmiylashtirilgan. Firibgar o‘zining gaplariga ishontirish maqsadida soxta pasport ma’lumot, fotoshop dasturida tayyorlangan sertifikat va litsenziya ham yubordi.

Ma’lumot uchun, Markaziy bankning rasmiy saytida litsenziya berilgan kredit tashkilotlarining ro‘yxati keltirilgan va bu doimiy yangilab boriladi. Qaysidir tashkilotning qonuniyligini tekshirish uchun mazkur ma’lumotlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Kanalda bir nechta fuqaroning loyihaga pul tikib, katta miqdorda mablag‘ yutib olgani haqidagi videolavhalar ham joylashtirilgan.

Kuni kecha Kun.uz Telegramʼda paydo bo‘lgan boshqa bir “Uzbekiston investuz” kanali odamlarga 1,5 mln so‘m pulini 60 daqiqada 20 mln so‘m qilib qaytarib berishni va’da qilayotgani haqida ham surishtiruv e’lon qilgandi. Ushbu surishtiruv ostidagi izohlarda ko‘plab insonlar mazkur firibgarlik sxemasining qurboni bo‘lgani haqida yozib qoldirgan.

Nega firibgarlar O‘zbekistonda bemalol ishlab yuribdi?

Ko‘p hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar jabrlanuvchilarning arizalari yo‘qligi vaji bilan yuqoridagi kabi qing‘ir ishlarga e’tibor qaratmayapti. Ammo bu to‘g‘ri emas.

Aslida kiberjinoyatlardan odamlarni himoyalovchi o‘nga yaqin idoralar bor: Kiberxavfsizlik markazi, IIV tuzilmalari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq organlari, banklarning kiberxavfsizlik bo‘yicha tuzilmalari, Markaziy bank va hokazo. Kun.uz'ning o‘rganishlariga ko‘ra, bu idoralarning birortasida aynan shubhali biznes loyihalarni kuzatadigan, ularning faoliyatini shubha ostiga oladigan hamda bu bo‘yicha tezkor choralar ko‘radigan bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas.

Ta’kidlash kerak, ko‘plab davlatlarda shubhali holatlarni aniqlash va tekshirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus vakolatli bo‘linmalar bor. Shuningdek, ayrim mamlakatlarda moliyaviy piramida bo‘lgan loyihalar ro‘yxati ham yuritiladi.

Masalan, Qozog‘istonda alohida davlat tashkiloti – Moliyaviy monitoring agentligi mavjud va aynan ular tomonidan moliyaviy piramidalar ro‘yxati yuritiladi. Bu orqali odamlarning soxta loyihalar, moliyaviy piramidalar bo‘yicha xabardorligi oshirib boriladi.

O‘zbekistonda ham shu kabi choralar ko‘rilishi, moliyaviy piramida bo‘lgan loyihalarning “boshini silash” o‘rniga ularga qarshi ogohlik targ‘ibot tadbirlari bilan cheklanib qolmasdan, keskin kurashish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor kafolatlanmagan, shubhali va xavfli loyihalarga pul tikmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, aholini turli qonunsizliklardan, muttaham va o‘g‘ri-firibgarlar tuzog‘idan saqlashi kerak bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan bu borada dadilroq ishlashni, ochiq-oydin odamlarning pulini shilishga qaratilgan sxemalarga qarshi tezda chora ko‘rib borishni so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid