Vengriya va Slovakiya Rossiya nefti bo‘yicha YeI bilan maslahatlashuv o‘tkazmoqchi
Vengriya va Slovakiya Yevropa komissiyasidan Rossiya Federatsiyasidan neft tranziti bo‘yicha Ukraina bilan maslahatlashuvlarda vositachi bo‘lishni so‘radi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Siyyarto Kiyevga «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgani uchun sudga berish bilan tahdid qildi.
Vengriya va Slovakiya Yevrokomissiyaga murojaat qilib, Kiyev Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirgandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasidan neft tranziti masalasida Ukraina bilan maslahatlashuvlarda vositachilik qilishni so‘radi. Bu haqda 22 iyul, dushanba kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi. U Budapesht Ukrainani sudga berishi mumkinligini ta’kidladi va uning qarori «Vengriya va Slovakiyaga energiya ta’minoti xavfsizligiga tubdan tahdid solayotganini» qo‘shimcha qildi.
Vengriya va Slovakiya «Lukoyl»dan Ukraina orqali neft olmayapti
«Drujba» neft quvurining Slovakiya uchastkasi operatori Transpetrol, shuningdek, Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi 18 iyul kuni «Lukoyl» nefti Kiyev tomonidan mahsulot tranzitiga qo‘ygan taqiq tufayli mamlakatga kelishi to‘xtaganini ma’lum qildi.
«Hozirda biz «Lukoyl» Slovakiya neftni qayta ishlash zavodiga Rossiya neftini yetkazib berishni bekor qilganini qayd etmoqdamiz, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u Ukrainaning kengaytirilgan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan», — deya Transpetrol bayonotidan iqtibos keltirgan Bloomberg agentligi. Shu bilan birga, Transpetrol aniqlik kiritishicha, Rossiyaning boshqa eksportchilaridan neft Ukraina orqali Slovakiyaga borishda davom etmoqda. Reuters agentligi Ukraina energetika sohasidagi manbasiga tayanib, Ukraina orqali Yevropa mamlakatlariga neft tranziti «reja bo‘yicha ketayotganini» yozdi.
17 iyul kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto «Lukoyl» kompaniyasiga nisbatan Ukraina sanksiyalari kuchaytirilgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasidan neft Vengriyaga «Drujba» quvuri orqali yetkazib berilmayotganini aytdi. Siyyarto so‘zlariga ko‘ra, «Lukoyl» va Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi hozir quvur orqali neft ta’minotini tiklash uchun «qo‘shma huquqiy yechim ustida ishlamoqda».
Iyun oyida Kiyev «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi, xususan, Rossiya kompaniyasi mahsulotlarining Ukraina orqali tranzitiga taqiq qo‘yildi. «Lukoyl» Vengriya va Slovakiyaga asosiy xomashyo yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Mavzuga oid
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
12:41 / 21.12.2024
Polsha sobiq amaldoriga Vengriyada boshpana berilganidan norozi
21:33 / 20.12.2024
Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishdan oldin Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi
11:15 / 18.12.2024