O‘zbekiston | 13:55 / 24.07.2024
20514
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkaunti avtomatik ravishda firibgarlik kanallariga ulanib qolmoqda

Bu so‘nggi bir necha kunda yanada avj oldi: Telegram sozlamasidan guruhlarga qo‘shishni cheklash ham ish bermayapti. Turli nomlar ostidagi firibgarlik kanallarida esa pulini sanoqli soatlarda bir necha baravarga ko‘paytirib berish va’dasi orqali odamlarni chuv tushirishga harakat qilinmoqda.

Bir necha kundan beri O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkaunti avtomatik ravishda firibgarlik kanallariga ulanib qolish holatlari kuzatilmoqda. Hatto Telegram sozlamalaridan akkauntni guruhlarga qo‘shishni cheklab qo‘yish ham ish bermayapti. 8-10 minglab a’zo yig‘ilgan kanallarning o‘zi esa maxfiy tarzda tashkil qilingan.

Odamlar qo‘shilib qolayotgan har xil nomdagi maxfiy kanallarning barchasida turli yo‘llar va usullar bilan pulni bir necha soatda 10-15 baravar ko‘paytirib berish va’dasi berilmoqda.

Masalan, “Uzbekiston investuz” kanalida 8 832 nafar a’zo yig‘ilgan.

Kanalda fuqaroning loyihaga pul tikib, katta miqdorda mablag‘ yutib olgani haqidagi yolg‘on videolavhalari e’lon qilingan bo‘lib, ular 1000-1200 marta ko‘rilgan.

Kanal admini – Muhammadfozil Qodirov ismli shaxs bo‘lib, u odamlarga bu ish davlat nazoratidan o‘tganini aytgan holda ochiqchasiga 1,5 mln so‘m to‘lasa, bir soatda 20 mln so‘m qilib qaytarib berishni va’da qilmoqda.

Navbatdagi kanal “HALOL SARMOYA ISHLASH BEPUL” nomi ostida ochilgan. Kanalda 23 967 a’zo borligi ko‘rsatilgan. Unda e’lon qilingan postlar esa 2 ming martagacha ko‘rilgan.

E’tiborlisi, ushbu kanal egasi ham Muhammadfozil Qodirov hisoblanadi. U ushbu kanalda odamlarning ishonchiga kirish uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda o‘zi ham ko‘rinish bergan.

Bundan tashqari, Muhammadfozil Qodirov o‘z “lichkasi”da manzilni ham ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘ygan.

“HALOL SARMOYA ISHLASH BEPUL” kanalida ham pulini 1 soatda 15 baravargacha ko‘paytirib berish va’dasi bilan odamlarni chuv tushirishga harakat qilinmoqda.

Shuningdek, “Golden daromad” kanali ham ayni shu “ssenariy” asosida odamlarni aldashga urinmoqda.

Kanalda pulni ko‘paytirib olish shartlari juda osonligi, “depozit” qilinsa 2-3 soatda natija bo‘lishi, 1 mln so‘m bergan odam pulini 15 mln so‘m qilib qaytarib olishi haqida “cho‘pchak o‘qilgan”. Pulni esa Nasiba Murodova ismli shaxs nomiga ochilgan bank kartasiga tashlash so‘ralmoqda.

Mazkur kanal admini Islomjon Karimjonov bilan bog‘lanib, loyiha haqida so‘rab ko‘rdik. U o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, fotoshop dasturida yasalgan litsenziyasini hamda “Online Broker International” MChJga hozirda tugatilgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan 2019 yil 25 dekabrda berilgan litsenziyani taqdim qildi.

Islomjon Karimjonov o‘zini “Online Broker International” MChJ direktori deb tanishtirdi.

Ochiq ma’lumotlardan izlab ko‘rilganda “Online Broker International” MChJ haqiqatan ham 2017 yil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, qimmatli qog‘ozlar va tovarlarga shartnomalar bo‘yicha brokerlik xizmati ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi. Ammo Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan MChJning ta’sischisi va rahbari sifatida boshqa shaxslar keltirilgan. Shuning o‘ziyoq bu firibgarlik ekaniga yaqqol dalildir.

Pulni ko‘paytirib berishni aytayotgan firibgarlik kanallarining barchasida “loyiha rahbari”dan ishonch uchun biror hujjat so‘ralganida ular shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini ochiq-oydin taqdim etmoqda. Biroq birortasida pul tashlanishi aytilayotgan bank kartalari ularning o‘z nomida emas, boshqa shaxslar nomiga ochilgan. Bu ushbu turdagi barcha kanallar va ularda aytilayotgan va’dalar yolg‘on ekaniga yana bir isbot.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir kafolatlanmagan va xavfli loyihalarga pul tikmaslikka chaqiradi hamda Telegram akkaunt yuqoridagi kabi kanallarga ulanib qolganida ulardan chiqib ketishni tavsiya qiladi.

Mavzuga oid