Jahon | 10:34 / 25.07.2024
2134
2 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari Ukrainaga 4,2 mlrd yevro ajratishga kelishib oldi

Yevropa Ittifoqining moliyaviy yordami tufayli Ukraina maosh va pensiyalarni to‘lashni davom ettira oladi. Bundan tashqari, pul urush natijasida vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun ishlatilishi mumkin.

Foto: Lukasz Kobus/European Union | CC BY 4.0

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya hujumiga uchragan Ukrainaga salkam 4,2 milliard yevro moliyaviy yordam ajratishga kelishib oldi. Pul yangi ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida taqdim etilmoqda va, xususan, vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash, mamlakatni modernizatsiya qilish uchun sarflanadi. Bu haqda 24 iyul, chorshanba kuni Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi raisligi ma’lum qildi. Yevropa kengashi endi bu qarorni yozma ravishda tasdiqlashi kerak.

Yevropa komissiyasi bir hafta oldin Ukraina moliyaviy yordam ko‘rsatish shartlari sifatida ilgari surilgan bir qator talablarni bajarganini ta’kidlab, to‘lovni tavsiya qildi, deb eslatadi dpa agentligi. Gap, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi yanada samaraliroq kurashish bo‘yicha islohotlar, shuningdek, davlat kompaniyalari boshqaruvidagi o‘zgarishlar, milliy energiya va iqlim rejasini qabul qilish zarurati haqida borgan.

Yevropa Ittifoqining yangi yordam dasturi to‘rt yil davomida 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Buning 33 milliard yevrosi kredit, qolgani esa grant ko‘rinishida to‘lanadi. Oraliq moliyalashtirish uchun jami 7,9 milliard yevro ajratilgan. Yevropa Ittifoqi Ukraina davlati maosh va pensiyalarni to‘lashda davom etishini ta’minlash uchun moliyaviy yordamdan foydalanmoqchi. Bundan tashqari, shifoxonalar, maktablarning ishlashi va ko‘chirilganlar uchun uy-joy ajratilishi kafolatlanishi kerak. Shuningdek, pul Rossiya urushi natijasida vayron bo‘lgan infratuzilmani, jumladan, elektr uzatish liniyalari, suv tizimlari, yo‘llar va ko‘priklarni tiklashga ham sarflanishi mumkin. O‘tgan yili YeI jami 18 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid