O‘zbekiston | 21:52 / 26.07.2024
6110
6 daqiqa o‘qiladi

26 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Parlament saylovlariga berilgan start, adolatsiz sudyaga o‘qilgan hukm, O‘zbekistondagi o‘rtacha maosh miqdori va Shohimardonda kelgan shag‘alli sel— kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Saylovga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024 yil 27 oktyabrda o‘tkaziladi. Saylov kampaniyasiga esa bugundan start berildi.

Shunisi e’tiborliki, Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi.

Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.

Ayollarning soni deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 65 nafar a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga ko‘ra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari a’zolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq fuqarolar va xorijliklar kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki kutilmoqda.

Adolatsiz sudyaga jazo

Adolatsiz qaror chiqargan sudya 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi jinoiy jazoga tortildi. U ommaviy-huquqiy nizolar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish vaqtida 27 ta holatda adolatsiz qaror chiqargan.

Sud hujjatida keltirilishicha, 50 yoshli A.A. Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimida ishlab, ommaviy-huquqiy nizolar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish vaqtida o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan. U 2021-2022 yillar davomida 27 ta holatda Yer kodeksi, prezident, hukumatning tegishli farmon va qarorlari talablariga zid ravishda hokimlik hamda kadastr idoralarining yer (bino-inshootlar) bilan bog‘liq qarorlarini haqiqiy emas deb topib, ular zimmasiga majburiyatlar yuklash haqida adolatsiz hal qiluv qarorlari qabul qilgan.

A.A. tomonidan qabul qilingan ushbu 27 ta hal qiluv qarorining barchasi Toshkent viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi qarorlari bilan bekor qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2024 yil 4 iyuldagi hukmi bilan A.A. aybli deb topilgan. Unga 2 yil sud idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarida o‘tash belgilangan.

O‘zbekistonda o‘rtacha maosh

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln so‘mga yetgani ma’lum qilindi. Eng yuqori maoshlar bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati hamda axborot va aloqa sohalarida berilayotgan bo‘lsa, taassufki, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘rtacha maosh eng pastligicha qolmoqda.

Statistika agentligi xabariga ko‘ra, yarim yil mobaynida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri, Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlarida kuzatilgan.

Olti oy davomida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (20,2 foiz), Samarqand (18,2 foiz), Andijon (17,6 foiz), Farg‘ona (16,8 foiz) hamda Navoiy (16,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

O‘rtacha oylik ish haqlari eng yuqori bo‘lgan sohalar:

bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati (14,4 mln so‘m), axborot va aloqa (12,4 mln so‘m) bo‘lsa, eng past sohalar — ta’lim (3,5 mln so‘m); sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,3 mln so‘m) bo‘lib qolmoqda.

Farg‘onada ko‘chalarni shag‘al bosdi

25 iyul kuni kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani qishloqlarida sel oqimi yuz berdi. O‘zgidromet xabariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan, biroq ba’zi uy-hovlilar va ko‘chalar qum-shag‘alga to‘lgan.

Jumladan, Shohimardon qishlog‘i tog‘-adirliklaridan kuchli jala va do‘l yog‘ishi oqibatida soniyasiga 4-5 metr kub sel oqimi vujudga kelib, qishloq vrachlik punkti hovlisi hamda 4 ta aholi hovli joylarini qum-shag‘al bilan to‘ldirgan.

Yordon mahallasi hududida joylashgan Bukan sel yo‘lidan soniyasiga 1,5-2 metr kub sel oqimi vujudga kelib, aholi va hududlarga zarar yetkazmagan.

Mavzuga oid