AQSh Rossiya bilan hamkorligi uchun Hindiston banklarini dollardan uzish bilan tahdid qildi
Hindiston banklari agar Rossiya mudofaa sanoat kompleksi bilan hamkorlik qilsa, sanksiya ostiga tushib, AQSh moliya tizimidan uziladi. Hindiston banklar assotsiatsiyasiga tegishli ogohlantirish bitilgan xatni AQSh moliya vazirining o‘rinbosari Uolli Adeyyemo jo‘natgan, deb xabar beradi VOA-news.
«Biz Rossiya harbiylari stanoklar va mikroelektronika kabi nozik tovarlarni import qilishda operatsiyalarni soddalashtirish uchun xorijiy banklarga murojaat qilayotganini bilib turibmiz», — deyiladi Amerika moliya vazirligi xatida.
Shu sababli vazirlik 30 kun ichida Hindiston biznesini AQShning ehtimolli sanksiyalari to‘g‘risida ogohlantirish bo‘yicha choralar ishlab chiqishga chaqirgan. Bu holatda Hindiston banklariga muayyan e’tirozlar bitilmagan, shunchaki, AQShning hamkor davlatlari Rossiyani “urush olib borishning moddiy va moliyaviy vositalari”dan mahrum etishi bo‘yicha qanday harakatlarni amalga oshirishi yuzasidan umumiy yo‘riqnomalar tilga olingan.
Bir vaqtning o‘zida AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Amerika Hindiston bilan iqtisodiy hamkorlik olib borishga intilayotgani va Dehlini o‘zining yetakchi savdo sheriklaridan biri deb hisoblashini qayd etgan. Xususan, o‘tgan o‘n yil ichida mamlakatlar o‘rtasida tovar aylanmasi 110 foizga o‘sgani eslatib o‘tilgan.
Hujjatda shuningdek, ogohlantirish prezident Jo Baydenning 2023 yilning dekabridagi farmoniga asoslangani aytilgan. Farmonda Rossiyaning sanksiya ostidagi kompaniyalari hamda harbiy sanoat kompleksi manfaatida to‘lovlarni amalga oshirgan xorij banklariga sanksiyalar joriy etish nazarda tutilgan. Iyun oyida AQSh bu mexanizmni kengaytirib, sanksiya ostidagi barcha shaxslar, jumladan, Rossiya banklari bilan hamkorlikni ham ro‘yxatga kiritgan.
Vashington Hindistonning Rossiya bilan aloqalari unga yoqmayotganini Dehliga birinchi bor ochiqcha bildirayotgani yo‘q. AQSh Moliya vazirligining xatigacha bunday ogohlantirishlar iyul oyining boshlarida, Narendra Modi Moskvaga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan uchrashganda yangragandi. O‘shanda Modi Rossiyaga eksportni oshirish imkoniyatini o‘rganib chiqayotganini aytgan edi. Bunga javoban AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kurt Kempbell Dehli va Moskvaning o‘zaro hamkorligi AQSh-Hindiston texnologik hamkorligiga xalaqit berayotganini qayd etgan edi.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:42 / 14.11.2024