Isroilning o‘layotgan turizm sohasi, Baydenga rahmi kelgan Tramp va YouTubeʼni bloklashga kirishgan Rossiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azodagi urush Isroil iqtisodiyotiga katta zarar yetkazayotganiga qaramasdan, hamon tugash bilmayapti. Isroil iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri turizm ayni paytda og‘ir ahvolga kelib qolgan.
Okkupatsion davlatning harbiy harakatlari mamlakat aholisining turmush darajasiga ham salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Ayni paytga kelib Isroildagi hotellarning 10 foizi kasod bo‘lish arafasida, deb yozadi mahalliy «Yedioth Ahronoth» nashri.
Isroil hotellari assotsiatsiyasi 2024 yilning birinchi yarmida mehmonxonalar ishi hisobotida Isroildagi turizm sohasi duch kelayotgan jiddiy moliyaviy muammolarni qayd etgan. Unga ko‘ra, 10 foiz hotellar kasod bo‘lish yoqasiga kelib qolgan bo‘lsa, ko‘plab hotellarda ham ahvol krizis darajasiga yaqinlashgan.
2024 yilning birinchi yarmida 969 ming tunash qayd etilgan, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 81 foizga kam.
Turizm vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki 6 oyida Isroilga bor-yo‘g‘i 500 ming xorijiy turist kelgan. O‘tgan yilning shu davrida ularning soni 2 mln bo‘lgan.
Turistlarning qadam ranjida qilmay qo‘ygani tirikchiligi turistlar ortidan bo‘lgan Quddus shahri aholisining yashash darajasiga ham ta’sir o‘tkazmoqda.
Urushning 293-kuniga kelib, G‘azoda qurbon bo‘lgan fuqarolar soni 39 ming 175 nafarga yetgan. 90 ming 403 kishi yarador bo‘lgan. So‘nggi sutka ichida 30 kishi o‘ldirilgan, 146 kishi yarador qilingan.
Netanyahuning AQShga safari
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning AQSh kongressidagi chiqishini tanqid ostiga oldi.
“BMT Xalqaro sudining genotsidni bartaraf qilish, Netanyahuni genotsidda ayblab hibsga olishga hozirlik ko‘rayotgani borasidagi sa’y-harakatlariga qaramasdan, 7 oktyabrdan buyon 40 ming tinch aholining yostig‘ini quritgan Netanyahuga Kongress oldida chiqish qilishga izn berish insoniyat uchun isnoddir”, — degan vazir.
Turkiya adliya vaziri erishilishi lozim bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga aniq zarar yetkazuvchi pozitsiyani qoraladi.
“Turkiya yerlari ko‘p yillardan buyon okkupatsiya qilingan falastinlik birodarlar va opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va butun dunyoda adolat o‘rnatilishi uchun kurashadi”, — degan Tunch.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyau chorshanba kuni Vashingtonda Kongressda chiqish qildi. Asosan respublikachi kongressmenlar uning chiqishini tik turgan holda qarsaklar bilan kutib olishgan. Netanyahu prezident Bayden, vitse-prezident Kamala Harris va prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan uchrashgan.
Tramp Bayden haqida
AQSh prezidentligiga respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp demokratik partiyaning yetakchi vakillari prezident Jo Baydenni qayta saylanish urinishidan voz kechishga majburlash uchun qo‘pol harakatlar qilganini ta’kidlagan.
«Menimcha, bu qandaydir davlat to‘ntarishi edi. Ular Baydenning nomzodini xohlamadilar. Uning so‘rovnoma natijalari yomon edi, ular uni yutqazadi, deb o‘ylashdi. Ular uning oldiga kelib, «Siz bu poygada yutolmaysiz», degan», dedi Tramp Fox News telekanalida.
Uning ta’kidlashicha, o‘z manbalariga ko‘ra, ko‘plab demokratlar Baydenni yaxshi munosabatda bo‘lishlariga ishontirishgan. «Ammo men bilaman, ular sahna ortida unga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishgan», dedi Tramp.
«Men narigi tomondagi ko‘p odamlarni bilaman. Aminmanki, ular Baydenni poygadan chiqib ketishga majbur qilishdi. Gap Pelousi va Obama haqida ketmoqda va siz televizorda ko‘rayotgan boshqa odamlar ham bor», deb qo‘shimcha qildi u.
Ukrainaga yordam
Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 4,2 mlrd yevro ajratishga kelishib oldi. Bu moliyaviy yordam tufayli Ukraina maosh va pensiyalarni to‘lashni davom ettira oladi. Bundan tashqari, pul urush natijasida vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun ishlatilishi mumkin.
Yevropa komissiyasi bir hafta oldin Ukraina moliyaviy yordam ko‘rsatish shartlari sifatida ilgari surilgan bir qator talablarni bajarganini ta’kidlab, to‘lovni tavsiya qilgan. Gap, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi yanada samaraliroq kurashish bo‘yicha islohotlar, shuningdek, davlat kompaniyalari boshqaruvidagi o‘zgarishlar, milliy energiya va iqlim rejasini qabul qilish zarurati haqida borgan.
Yevropa Ittifoqining yangi yordam dasturi to‘rt yil davomida 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Buning 33 milliard yevrosi kredit, qolgani esa grant ko‘rinishida to‘lanadi. Oraliq moliyalashtirish uchun jami 7,9 milliard yevro ajratilgan.
Yevropa Ittifoqi Ukraina davlati maosh va pensiyalarni to‘lashda davom etishini ta’minlash uchun moliyaviy yordamdan foydalanmoqchi. Bundan tashqari, shifoxonalar, maktablarning ishlashi va ko‘chirilganlar uchun uy-joy ajratilishi kafolatlanishi kerak. Shuningdek, pul Rossiya urushi natijasida vayron bo‘lgan infratuzilmani, jumladan, elektr uzatish liniyalari, suv tizimlari, yo‘llar va ko‘priklarni tiklashga ham sarflanishi mumkin.
YouTubeʼni bloklayotgan Rossiya
Shu haftaning oxiriga borib, Rossiyada statsionar kompyuterlarda YouTube videoxostingining yuklanish tezligi 40 foizga, keyingi hafta oxiriga borib esa 70 foizga tushishi mumkin.
Bu haqda kecha Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. «Ushbu chora faqat «desktop» versiyalariga ta’sir qiladi, bu hozircha mobil aloqaga tegishli emas», deyiladi xabarda.
Deputat butun sivilizatsiyalashgan dunyoda mashhur bo‘lgan resursning sun’iy «degradatsiyasini» Rossiya rasmiylarining «majburiy qadami» deb atadi. Xinshteyn so‘zlariga ko‘ra, bu YouTube harakatlariga javob bo‘lib, «u qonunlarimizni jazosiz buzish va e’tiborsiz qoldirish mumkin deb hisoblaydi».
Deputat an’anaga ko‘ra bunday sekinlashuv uchun barcha javobgarlikni videoxosting siyosatiga yuklagan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu «davlat aniq qadamlarga o‘tganini ko‘rsatadi». Xinshteyn, shuningdek, YouTube «fikri g‘arb nuqtayi nazaridan farq qiladigan jamoat arboblar», boshqacha aytganda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlayotganlarga tegishli kanallarni o‘chirayotganini ta’kidladi.
Rossiya OAVlariga ko‘ra, Kremlda YouTubeʼni Rossiyada to‘liq bloklash to‘g‘risida siyosiy qaror tayyorlanmoqda. Servis avval oktyabr oyigacha bosqichma-bosqich sekinlashtirib boriladi, so‘ngra platforma to‘liq bloklanadi.
Shuningdek, Rossiya Davlat dumasi birinchi o‘qishda Instagram va Facebookʼda reklama berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Tashabbus nomaqbul deb topilgan tashkilotlar resurslari, shuningdek, Rossiyada ishlashi taqiqlangan platformalarda reklama joylashtirishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Misrda anomal jazirama
Misrda anomal jazirama hukmron bo‘lib turibdi: may oyidan buyon Qohirada havo harorati 40 darajadan pastga tushmayapti. Mamlakat elektr stansiyalari jazirama mavsumigacha ham o‘sib borayotgan ehtiyojni zo‘rg‘a qondirayotgandi, yoz boshlanishi bilan yuklamalarga dosh bera olmasdan, birin-ketin ishdan chiqmoqda.
Misr hukumati mamlakatning katta qismida bir yildan ziyodroq muddatga elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar kiritdi. Bu esa millionlab misrliklar 40 darajali jaziramada konditsionerlardan foydalanishdan mosuvo bo‘lganini anglatadi.
O‘tgan yozda elektr energiyasi yetishmovchiligi Misr hukumatini har kunlik uzib qo‘yishlarni joriy qilishga majbur qilgandi. Blekautlar shu qadar odatiy holga aylanib qoldiki, mahalliy OAVlar elektr uzilganda liftda qamalib qolsa nimalar qilish kerakligi to‘g‘risidagi maslahatlarni e’lon qila boshlashdi.
Mahalliy OAVlarning xabariga ko‘ra, tok uzilib, liftda qamalib qolish tufayli shu paytgacha 9 kishi vafot etgan.
Jazirama Misrdagi rekord inflatsiya, subsidiyalarning qisqarishi va milliy valutaning keskin tanazzuliga ham sabab bo‘lmoqda. Misrliklar jaziramaga Sahroi Kabirdan kelayotgan shafqatsiz issiqlik to‘lqinlari sabab bo‘layotgani to‘g‘risidagi rasmiy bayonotlarni qiyinchilik bilan qabul qilishmoqda, deb yozadi The New York Times.
Iqlimshunoslarning fikricha, Misr dunyoda eng tez sur’atlar bilan qizib borayotgan davlatlardan biri sanaladi.
Mavzuga oid
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024