Jahon | 08:14 / 30.07.2024
4018
4 daqiqa o‘qiladi

«Kommersant»: Yuandagi transchegaraviy to‘lovlar Rossiyaga qaytarib yuborilmoqda

Xitoydan tovarlarga to‘lovdagi qiyinchiliklar fonida rossiyalik mijozlar vositachilar xizmatiga murojaat qilishga va tranzaksiya uchun qo‘shimcha komissiya to‘lashga majbur, deb yozadi «Kommersant».

Foto: China Photos / Getty Images

Xitoyga yuanda amalga oshirilgan transchegaraviy to‘lovlarning qariyb 80 foizi Rossiya Federatsiyasiga qaytarilyapti. To‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq qiyinchiliklar tufayli mijozlar vositachilar xizmatlariga murojaat qilishga va operatsiyalar uchun qo‘shimcha komissiya to‘lashga majbur. Bu haqda 29 iyul, dushanba kuni «Kommersant» gazetasi manbalarga tayanib yozdi. «Transchegaraviy hisob-kitoblardagi xavflar endi bozor ishtirokchilari tomonidan eng keskinlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda», — deyiladi nashrda.

Hozirda «Xitoy tomoni tobora ko‘proq talab qo‘ymoqda, xususan, ko‘proq hujjatlar talab qilmoqda», dedi suhbatdoshlardan biri nashrga. Uning qo‘shimcha qilishicha, transchegaraviy to‘lovlar bilan bog‘liq birinchi muammolar 2023 yil dekabrida, AQSh prezidenti Jo Baydenning ikkilamchi sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonidan so‘ng yuzaga kelgan va vaziyatning yana bir keskinlashishi 12 iyunda yangi sanksiyalar paketi qabul qilinganidan keyin sodir bo‘lgan.

Transchegaraviy to‘lovlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan moliya bozori mutaxassislarining kuzatishlariga ko‘ra, Xitoydan yetkazib berilgan tovarlar uchun to‘lovni amalga oshirishga urinayotganda, «pul shunchaki 30-40 kun davomida vakillik hisobvaraqlarida osilib qoladi va qaytariladi». Natijada, ko‘plab rus mijozlari «bir yoki ikkita emas, balki besh yoki oltita bankda hisobraqamlarini ochishadi va shu bilan Xitoyda buyurtma qilingan tovarlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlarga erishadilar».

To‘lovni amalga oshirishni ta’minlashning yana bir usuli - bu vositachilar yordamida: to‘lov agentlari yoki «savdo uylari» orqali. Nashrga ko‘ra, ular nafaqat to‘lovlar bo‘yicha, balki tovarlar harakatida ham vositachi bo‘lgan yuridik shaxslardir.

Ba’zida xaridor Xitoydan avval neytral yurisdiksiyaga, keyin esa Rossiyaga tovarlarni import qilishi kerak, deb xabar beradi nashrga manbalar.

Rossiyadan Yevropa va AQShga yuandagi pul o‘tkazmalari taqiqlanishi

Rus tilidagi OAV eslatganidek, 2023 yil yozida Rossiya Federatsiyasining moliyaviy tashkilotlariga Yevropa va AQShga yuanda o‘tkazmalarni amalga oshirish taqiqlangan edi, 2024 yil fevralida esa Zhejiang Chouzhou Commercial Bank Rossiya bilan barcha to‘lovlarni to‘xtatdi.

Aprel oyida Reuters AQSh tomonidan Ukrainadagi urush munosabati bilan Rossiya davlati va bir qator rus kompaniyalariga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar tufayli ko‘plab Xitoy banklari Rossiya Federatsiyasiga mahsulot eksport qiluvchi Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikdan qo‘rqishayotganini yozgan edi. Bundan ayniqsa Xitoyning eksport bilan shug‘ullanuvchi kichik korxonalari katta zarar ko‘rmoqda, deyiladi nashrda. 

Xitoy kompaniyalari Rossiya bozorini tark etmoqda 

«Xitoyning yirik banklari Rossiya bilan bog‘liq operatsiyalarni moliyalashtirishdan voz kechar ekan, ba’zi Xitoy kompaniyalari chegaradagi kichikroq banklarga va pul brokerlari, hatto taqiqlangan kriptovaluta kabi moliyalashtirish kanallariga murojaat qilmoqdalar», - deya o‘z manbalaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. 

Xitoy banklariga Rossiyadan to‘lovlarni AQSh sanksiyalarini buzishi yoki buzmasligini tekshirish uchun bir necha oy kerak bo‘ladi, deya shikoyat qildi agentlikka korxonalardan birining egasi. Bunday sharoitda Xitoyning ba’zi kompaniyalari Rossiya bozorini butunlay tark etishdi.

Mavzuga oid