Jahon | 07:41 / 31.07.2024
3025
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kursk viloyatidagi neft bazasiga zarba berganini ma’lum qildi

Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi neft bazasiga hujum qildi, natijada yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi. Mintaqa rasmiylari Ukraina armiyasining to‘rtta raketasi urib tushirilganini xabar qildi.

Foto: Getty images

Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatining Vozi qishlog‘idagi neft omboriga hujum qildi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 30 iyul, seshanba kuni. 

«Bugun tunda Rossiyaning Kursk viloyatining Vozi qishlog‘ida dushmanning 43-sonli logistika markazi neft bazasiga zarba berildi, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida dushman obektida yong‘in sodir bo‘lgan», deb xabar berdi Bosh shtab. Ukraina Qurolli kuchlari qo‘shimcha qilishicha, zarba Ukraina Xavfsizlik xizmatining («SBU») «kuch va vositalari orqali mudofaa kuchlari boshqa tarkibiy qismlari bilan o‘zaro hamkorlikda» amalga oshirilgan. 

Bir kun avval Bosh shtab Kursk viloyatidagi nishonlarga navbatdagi hujum haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari xabariga ko‘ra, «SBU» qoshidagi «Alfa» maxsus operatsiyalar markazi mintaqadagi «bir qator tortish elektr podstansiyalariga» zarba berdi. «Kursk viloyatining Ponirovskiy, Kursk va Solnsevskiy tumanlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda», - deya ta’kidladi Ukraina tomoni. 

Kursk viloyati rasmiylari: Ukrainaning to‘rtta raketasi urib tushirildi

Kursk viloyati ma’muriyatining ma’lum qilishicha, mintaqa uzra to‘rtta Ukraina raketasi urib tushirilgan. 30 iyulga o‘tar kechasi «UQK raketalari Oktyabr va Kurchatov tumanlari uzra osmonda yo‘q qilindi», deb yozdi Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Telegram’da. 

28 iyulga o‘tar kechasi dronlar hujumi natijasida Kursk viloyatidagi neft bazasida katta yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in faqat ikki kundan so‘ng, 30 iyul kuni ertalab o‘chirildi, dedi viloyat rahbari Smirnov. 

Mavzuga oid