Sport | 23:07 / 01.08.2024
28857
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu men uchun mag‘lubiyat emas!» - Italiyalik bokschi testosteroni yuqori raqibiga qarshi jangni davom ettirishdan bosh tortdi

Parij-2024 boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarda Olimpiada tarixidagi eng mojaroli voqealardan biri yuz berdi.

Foto: Getty Images

Nima bo‘ldi?

Ayollar o‘rtasidagi boks bahslarida -66 kg vazn toifasidagi italiyalik Anjyelina Karini 1/8 final doirasida jazoirlik Iman Helifga qarshi bahsning birinchi raundida jangni to‘xtatishga qaror qildi. Karini Xelifning kuchli zarbasidan so‘ng 45-soniyadayoq uchrashuvni davom ettirishdan bosh tortdi. Italiyalik bokschi qiz murabbiylarga jangni davom ettira olmasligini tushuntirib, ringni ko‘zda yosh bilan tark etdi. Helif esa jang g‘olibi deb topilib, chorakfinalga yo‘llanma oldi. Anjyelina esa bunday raqibga qarshi jang qilish o‘rniga Olimpiadani tark etishni afzal bildi.

«Dahshatli og‘riqni his qildim, davom ettirishni istamayman»

Italiyalik bokschi testosteroni yuqori bo‘lgan raqibiga qarshi jangni davom ettirishdan bosh tortgach, mag‘lubiyatni tan olmasligini aytdi.

«Men uchun bu mag‘lubiyat emas. Bu yerda bo‘lish, Olimpiada bahsida ringga chiqish men uchun sharaf», - deydi Karini jangdan keyin.

La Gazzetta dello Sport’ning qo‘shimcha qilishicha, Karini birinchi rauddan keyin: «Dahshatli og‘riqni his qildim, davom ettirishni istamayman», - degan. U ringni tark etgach, raqibiga qo‘l uzatishni istamadi va «Bu adolatsizlik!», - deya baqirgan.

Iman Helif kim?

24 yoshli jazoirlik Iman Helif ayollar boksidagi eng mojaroli sportchilardan biri sanaladi. 2023 yilgi jahon chempionatida Iman rossiyalik Azaliya Aminevani mag‘lub etib, finalga chiqqach, AIBA uni DNK-test topshirishga majbur qilgan va yakunda jazoirlik bokschida XY-xromosomalar aniqlanib, uning testosteroni yuqoriligi aniqlangan. Shu tariqa, u «fiziologik erkak» deb topilib, jahon chempionatidan diskvalifikatsiya qilingan edi.

Shunga qaramay, jazoirlik Iman Helif barcha ayblovlarni rad etib, o‘zining chetlatilishini adolatsiz qaror deb hisoblaydi.

MOQ nima deydi?

Milliy Olimpiya Qo‘mitasi AIBA’ning Iman Helif bo‘yicha qarorini tan olmaydi. Tashkilot jazoirlik sportchini ayol deb hisoblaydi, shu bois uning ayollar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

XOQ rasmiysi Mark Adams yaqinda Helif masalasiga to‘xtalib, testosteron testi inson jinsini aniqlashning ideal usuli emas deb hisoblashini aytdi.

«Helif musobaqalarda kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u anchadan buyon turnirlarda ishtirok etib kelmoqda. Iman Tokio Olimpiadasida ham qatnashgan», - deya tortishuvlar asossizligi va qayta tekshiruvlarga hojat yo‘qligiga ishora qilgan tashkilot rasmiysi.

Ammo Karinining jangni to‘xtatgani atrofidagi shov-shuvlar bu borada yana qandaydir boshqacha tekshiruvlar zarurligini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid