Jahon | 23:26 / 02.08.2024
5006
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp mahbuslarning almashtirilishi AQSh uchun manfaatli bo‘lganiga shubhalandi

Sobiq prezident almashuv shartlarini oshkor qilishga chaqirdi.

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Rossiya bilan mahbuslarni ayirboshlash bo‘yicha kelishuv doirasida amerikalik fuqarolarning vatanga qaytganidan mamnun, biroq bu Vashington uchun manfaatli shartlar asosida amalga oshirilganidan gumonda. Bu haqda Fox Business yozdi.

«Odatdagidek, bu Rossiya yoki biz bilan aloqada bo‘lgan boshqa davlatlarning g‘alabasi bo‘ldi. Lekin biz hech bo‘lmaganda vatandoshlarimizni uyga olib keldik, shuning uchun men bu jihatni tanqid qilmayman», dedi u.

Tramp kelishuvlar tafsilotlarini bilmasligini, ammo baribir ular o‘z mamlakati uchun unchalik foydali emasligiga ishonishini ta’kidladi.

«Men ular (AQSh rasmiylari) bu holatda nima qilganini bilmayman. Ular bu juda murakkab bitim ekanini e’lon qildi. Odatda bu «Biz yomon bitim tuzdik, ammo hech kim tushunmasligi uchun uni ataylab qiyinlashtirdik» degan ma’noni anglatadi», dedi Tramp.

Trampning aytishicha, agar u prezident bo‘lganida jurnalist Evan Gershkovich Rossiyada qamoqqa olinmagan va qaytarilgan bo‘lar edi. U kelishuvga qanday erishilganini tasavvur ham qilolmasligini, qandaydir to‘lov ham bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Uning eslatishicha, oxirgi marta Qo‘shma Shtatlar shunga o‘xshash almashinuv paytida Eronga 6 milliard dollar to‘lagan.

«Biz hech narsa to‘lashimiz shart emas edi. Biz dunyodagi eng mashhur qotillarni qo‘yib yuborishimiz shart emas edi. Ammo kelishuv juda murakkab bo‘lgan», dedi Tramp.

Avvalroq, Tramp 1 avgust kuni Anqara aeroportida bo‘lib o‘tgan mahbuslarni ayirboshlash kelishuvi tafsilotlarini oshkor qilishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid