Jahon | 11:35 / 02.08.2024
2418
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela prezidenti: Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz

Venesuela imperializm, fashizm va jinoyatchilar qo‘liga tushmaydi, dedi Nikolas Maduro.

Foto: AP

Venesuela hukumati prezidentlik saylovlaridan keyin boshlangan norozilik namoyishlari tufayli mamlakatda fuqarolar urushi avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Bu haqda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karakasdagi Miraflores saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Biz zo‘ravonlikni qo‘zg‘atayotgan yomon niyatli faollarga nisbatan bag‘rikenglik ko‘rsatamiz. Biz ularni kim moliyalashtirayotganini bilamiz», – dedi davlat rahbari.

Maduroning ta’kidlashicha, namoyishlardan maqsad mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishdir. «Venesuela imperializm, fashizm va jinoyatchilar qo‘liga tushmaydi. Biz mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Maduro.

Venesuela prezidenti aniq nomlarni aytmay, ko‘chadagi tartibsizliklarda AQShni aybladi. «Odamlar buni bilishadi. Ammo, agar imperiya o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirmoqchi bo‘lsa, biz Vatanimizni oxirigacha himoya qilamiz. Biz xalqimizni himoya qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Maduroning aytishicha, rasmiylar saylov natijalariga oid barcha mavjud protokollarni oshkor qiladi. «Yana qancha dalillar keltirishimiz kerak? Nega mamlakatni urushga tortmoqchisiz? Nega Venesuelaga qarshi bunday kampaniya? Men yolg‘ondan qo‘rqmayman va haqiqatga tik qarayman. Men hech qachon Markaziy razvedka boshqarmasi (AQSh MRB) agenti bo‘lmaganman va bo‘lmayman ham», — dedi davlat rahbari Qo‘shma Shtatlarni mamlakatda tartibsizliklar qo‘zg‘atayotganlikda ayblab. «Afg‘oniston, Liviya va Iroqdagi urushlar va o‘limlar uchun siz javobgarsiz», — deya qo‘shimcha qildi Maduro.

Mavzuga oid