Jahon | 21:29 / 07.08.2024
29582
13 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlarning Kursk oblastiga hujumi: nimalar bo‘lmoqda?

Ukraina qo‘shini Kursk oblastiga kirgan va chegara hududda mustahkam o‘rnashib olgan. Janglar vaqtida ruslarning harbiy texnikalari, shuningdek kamida bitta Ka-52 vertolyoti urib tushirilgan, o‘nlab harbiylar asir olingan. Z-kanallar hujumni to‘xtatish va ukrain bo‘linmalarini siqib chiqarishning uddasidan chiqilmaganini aytishmoqda.

Sudja, 2024 yil 6 avgust
Fotosurat mahalliy aholi vakili tomonidan olingan va ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan

6 avgustga o‘tar kechasi Kursk oblastiga kirib kelgan ukrain qo‘shini chegaradosh hududlarda mustahkam joylashib olgan. RF mudofaa vazirligiga yaqin deb hisoblanuvchi Rybar telegram-kanali 7 avgustga o‘tar kechasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Kursk oblastining Sudjansiy rayonidagi Nikolayevo-Darino, Sverdlikovo va Darino qishloqlarini ishg‘ol etgan (Ukraina chegarasidan eng uzoqdagisi bo‘lgan Darino — to‘rt kilometr masofada joylashgan). Shuningdek, Ukraina qo‘shini Rilsk — Sudja trassasini nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda. Harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanalning yozishicha, ukrain harbiylari Sudjaning g‘arbiy chekkasi sanalgan — Goncharovka (chegaradan sakkiz kilometr ichkarida) yo‘nalishida harakatlanmoqda, bu hududda shiddatli janglar olib borilmoqda. Bundan tashqari, chegara yaqinidagi Oleshnya xutori ham harbiy harakatlar maydoniga aylangan.

Boshqa bir harbiy kanal, RF mudofaa vazirligini tez-tez tanqid qilib turadigan «Dva mayora» muallifi esa 7 avgust tongida ukrainalik harbiylar Darino, Sverdlikovo, Gogolevka, Goncharovka aholi yashash manzillarini egallab turgani, Oleshnyada esa Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning tayanch punktlarini nazoratiga olganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Sudja-Belitsa trassasini masofadan turib minalashtirmoqda. «Dva mayora» ukrain kuchlarini «egallangan hududlaridan siqib chiqarishning imkoni bo‘lmagani», Sudja shahri «amalda to‘liq evakuatsiya qilingani» haqida yozgan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, 7 avgustga o‘tar kechasi rossiyaliklarning harbiy samolyotlari va dronlari Sudja shahri atrofida ukrainlarning kolonnalariga zarbalar bergan. Shuningdek, kanal «ochiq ma’lumotlarga ko‘ra», Kursk oblastida front kengligi 10-11 kilometrni tashkil etayotganini xabar qilgan. Ukraina qurolli kuchlari tor frontda Sudjadan g‘arbda 10 kilometrga olg‘a siljigan.

Turli manbalarga ko‘ra, Kursk oblastiga Ukraina qurolli kuchlarining bir yoki ikki batalyoni kirgan. Rybar ma’lumotiga ko‘ra, region hududiga jami 400 ga yaqin ukrain harbiysi kirgan, yana ikki mingga yaqin harbiy chegara bo‘ylab joylashtirilgan. Harbiy mavzudagi «Arxangel spetsnaza Z» telegram-kanali tasdiqlashicha, 7 avgustga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari ikkita batalyonni (ya’ni 800 kishi) jangga tashlagan va ular Sudja tomon harakatlanishni boshlagan.

Ukraina ham, Rossiya ham qator texnikalaridan ayrilgan. Ukrainadagi telegram-kanallar rossiyaliklarning ukrainlar hujumi vaqtida yo‘q qilingan ikkita tanki va Ka-52 vertolyoti aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Urib tushirilgan vertolyot fotosi urushlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi Monitor pabligi tomonidan e’lon qilingan. O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vazirligiga aloqador bo‘lgan DeepState OSINT-proyekti Sudjaga kirishda yo‘q qilingan ikkita tank suratini tarqatgan.

Rossiya harbiy texnikalari yo‘q qilingani aks etgan kadrlar

«Agenstvo» nashri yozishicha, harbiy ekspertlar tomonidan geolokatsiyasi aniqlangan, zarbaga uchragan harbiy texnikalar kadrlariga ko‘ra, Ukraina bir necha zirhli mashina va kamida bitta zenit-raketa kompleksidan ayrilgan.

Bundan tashqari, DeepState xabariga ko‘ra, e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, ukrainalik harbiylar chegaradagi Gornal qishlog‘ida Avliyo Nikolay Belogorskiy monastiri hududida turgan rossiyalik piyodalar ustiga aniq zarba bergan. Rossiyadagi telegram-kanallarda monastirning devorida snaryad kelib tushishi izlari qolgan binosi fotosurati tarqalgan.

Kursk oblasti Sudjanskiy rayonidagi Avliyo Nikolayev Belogorskiy erkaklar monastiri
«Sudja rodnaya» Telegram-kanali

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklarning yo‘l ustidan uchib o‘tgan ikkita samolyoti va quruqlikda yonayotgan yuk mashinasi aks etgan videoyozuv keng tarqaldi. DeepState ma’lumotiga ko‘ra, bu video Sudjaning sharqiy chekkasida olingan.

Avliyo Nikolayev Belogorskiy monastiri
TRK Seym

Rossiyalik o‘nlab harbiylar asir olingan. 6 va 7 avgust kunlari telegram-kanallarda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi janglar chog‘ida asir olgan rossiyalik harbiylarning so‘roq qilinishi videoyozuvini tarqatdi, ulardan kamida ikki nafari muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlardir. Shuningdek, o‘nlab harbiy asirlar ukrain harbiylari kuzatuvi ostida olib ketilayotgani aks etgan turli videolar tarqalmoqda.

Kursk oblasti rahbariyati regiondagi janglar to‘g‘risida yangi ma’lumotlarni e’lon qilmayapti. Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnov 7 avgust tongida region «ukrain natsistlarining hujumlariga qahramonlarcha qarshi turgani», barcha favqulodda xizmatlar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgani haqida aytgan. Smirnov tinch aholi vakillarini mahalliy shifoxonalardagi donorlik qon zaxiralarini to‘ldirishga chaqirgan.

RF mudofaa vazirligi 6 avgust kuni tongda rossiyalik chegarachilarning Kursk oblastining Nikolayevo-Darino va Oleshnya rayonlaridagi pozitsiyalariga Ukraina qurolli kuchlarining 300 chog‘li harbiy xizmatchisi 11 tank va 20 dan ortiq zirhlangan mashinalar ko‘magida hujum uyushtirgani haqida xabar qilgandi. Vazirlik janglar davomida RF harbiylari ukrainlarning 16 dona zirhli texnikasini yo‘q qilganini ma’lum qilgan. RF mudofaa vazirligi 6 avgust kuni kechqurun ukrainlarning Kursk oblastiga yorib kirmoqchi bo‘lgan otryadi chekingani haqida xabar qildi. Bu vaqtda gubernator Smirnov chegara hududlardagi vaziyat «keskinligicha qolayotgani», joylarda «RF mudofaa vazirligi va chegarachilar» ishlayotgani haqida aytdi. Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi xabaridan ukrain kuchlari chekingani haqidagi gap olib tashlandi.

RF mudofaa vazirligi 7 avgust kuni kunduzi o‘tgan tunda rossiyalik harbiylar FXX bilan birgalikda «Kursk oblastining Rossiya-Ukraina chegarasiga yaqin bo‘lgan rayonlarida Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yo‘q qilishni davom ettirgani»ni ma’lum qildi. «Kursk yo‘nalishida aviatsiya zarbalari, raketa qo‘shinlari, artilleriya o‘qlari va Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘shinlar guruhi bo‘linmalarining faol harakatlari bilan dushman RF hududi ichkarisiga harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmadi», — deyilgan vazirlikda. Mudofaa vazirligi Sumi oblastida Ukraina qurolli kuchlarining zaxira kuchlariga zarba berilgani, ukrain armiyasi «260 nafar jangari va 50 ta zirhli texnikasi», shuningdek ikkita o‘ziyurar «Buk M1» zenit-raketa kompleksi o‘t ochish qurilmasidan ayrilganini ta’kidlagan. Bu ma’lumotni mustaqil manbadan tasdiqlashning imkoni yo‘q. Vazirlik «Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot davom ettirilayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Kursk oblasti o‘qqa tutilishi davom etmoqda. 7 avgustga o‘tar kechasi ukrain dronlari Sudja hududiga ikki bor zarba berdi, degan region rahbari Aleksey Smirnov. Birinchi holatda pilotsiz uchar qurilma Belaya slobodasi tomondagi yo‘lga portlovchi qurilma tashlagan, natijada ikki bola yaralangan. Ikkinchi zarba Sudja atrofidagi tez yordam mashinasiga to‘g‘ri kelgan, haydovchi va feldsher halok bo‘lgan, shifokor yaralangan. Shuningdek, Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, tun davomida Kursk oblastida ukrainlarning to‘rtta raketasi va uchta droni urib tushirilgan. Kurskdagi telegram-kanallar Kurchatov shahrida portlash ovozlari eshitilayotgani aks etgan videoni namoyish etgan. RF mudofaa vazirligi 7 avgust tongida bergan xabarda tunda Kursk oblasti uzra to‘rtta dron urib tushirilgani aytilgandi.

Kursk oblastida barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan, o‘qqa tutilayotgan hududlardan mahalliy aholi olib chiqilishi tashkillashtirilgan, hudud rahbari 7 avgust kuni telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatda bir necha ming kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgani ma’lum qilingan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi davomida tinch aholi vakillaridan kamida 28 kishi yaralangan. 6 avgust kuni chegaradosh hududlar o‘qqa tutilishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingandi.

RF Tergov qo‘mitasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi yuzasidan terakt, qotillik va huquq-tartibot organlari xodimlari hayotiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. «Bu jinoiy harakatlar natijasida o‘nlab fuqarolar, jumladan bolalar, shuningdek harbiy xizmatchilar jabrlandi», — deyiladi qo‘mitaning 7 avgust kungi bayonotida.

Ukraina QK bosh shtabi va Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi hozircha bu borada izoh bermadi.

RF prezidenti Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga yorib o‘tishini «keng ko‘lamli provokatsiya» deb atagan. U hukumat a’zolari ishtirokidagi majlisda shunday bayonot bergan. «Kiyev rejimi navbatdagi keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirdi: turli qurollardan, jumladan raketalar bilan fuqarolik binolari, turar joylar, tez yordam mashinalariga qarata tanlamay o‘t ochmoqda», — degan Putin. U kuchishlatar tuzilmalar, mudofaa vazirligi hamda FXX rahbarlari bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazmoqchi. «Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi bilan gaplashganimdan keyin qator idoralarga oblast aholisiga zarur yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.

«Meduza» «Razbor» bo‘limi sharhi

Ukraina qurolli kuchlarining yurishi 2023 yilda Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi otryadlari Belgorod oblastiga uyushtirgan reydlarga o‘xshamaydi. Bu safar 2023 yildagi o‘nlab zirhli texnikalar bilan kuchaytirilgan yengil qurollangan piyodalarning bir necha rotalari o‘rniga Rossiya hududida katta ehtimol bilan 22-mexanizatsiyalashgan brigada batalyonlarining ko‘plab miqdordagi zirhli texnikalariga ega bo‘lgan to‘laqonli mexanizatsiyalashgan rotalar harakatlanmoqda.

Chasiv Yar hududidagi janglarda qatnashib kelgan bu brigada 2024 yil iyunida qayta to‘ldirish uchun frontdan qaytarilgandi. Yozda ushbu brigadaning feysbukdagi sahifasida Sumi va Kursk oblastlari chegarasida RF qurolli kuchlari tomonidan egallab olingan «Sudja» chegara-nazorat o‘tkazish punktida olingan video paydo bo‘ldi. Biroq, yurishda mazkur brigadaga tegishli bo‘lmagan boshqa bo‘linmalar, jumladan havo hujumidan mudofaa kuchlarining yirik guruhi ham qatnashmoqda. Bundan tashqari, videoga avval boshqa brigadalar tarkibida bo‘lgan texnikalar tushib qolan — xususan, Stryker BTR bazasida yasalgan muhandislik mashinasi. Shu vaqtga qadar Stryker faqat Ukraina qurolli kuchlarining 82-desant-shturm brigadasi tomonidan janglarda qo‘llangan.

Kelib tushayotgan kam sonli videodalillarga qaraganda, Ukraina qurolli kuchlari asosiy zarbani Sudja shahridan g‘arbdagi hudud bo‘ylab bermoqda. Bir kun ichida ular Rilsk — Sudja yo‘lini kesib o‘tishga va yanada ichkariga yurishga — chegaradan 10 kilometr masofadagi Leonidovoga yetib borishga muvaffaq bo‘lishgan. Ukraina qo‘shini Sudja shahrining o‘ziga g‘arb va janubdan qanchalik yaqinlashib kelgani oxirigacha aniq emas. Xususan, ular Rilskdan keluvchi trassada shaharga eng yaqin joylashgan Sverdlikovo qishlog‘ini egallab olgani bo‘yicha ishonchli ma’lumot yo‘q.

Ukrain batalyonlariga birinchi kunda chegarani qo‘riqlash uchun joylashtirilgan kam sonli kuchlargina qarshilik qildi — chegarachilar va 2023 yilda asosan muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlardan chegarani qo‘riqlash uchun tuzilgan polk piyodalari. Chegaradan yuz metr masofadagi tayanch punktlaridan birida aynan shu polk piyodalari asir tushishgan, bu guruh Rilsk — Sudja yo‘lini himoyalash uchun qo‘yilgandi.

Rossiya qo‘mondonligi (Kursk oblastiga — 2024 yil mayidan buyon Xarkiv va Vovchanskka yurish qilayotgan «Sever» guruhi mas’ul) ilk soatlarda ukrainlarning hujumlarini aviatsiya kuchlari bilan to‘xtatishga harakat qildi — ham bombardimonchilar, ham vertolyotlar qo‘llandi. Ular harbiy texnikalarning bir necha kolonnasiga zarba bera oldi, ammo yurishni to‘xtata olmadi.

Mavzuga oid