AEXA Kursk AES yaqinidagi vaziyatni kuzatmoqda
AEXA bosh direktori Grossi «atom elektr stansiyasining jismoniy yaxlitligini» ta’minlash imperativiga rioya qilishga chaqirdi.
Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) Kursk atom elektr stansiyasi (AES) yaqinidagi harbiy harakatlar haqidagi hisobotlarni kuzatmoqda. Bu haqda 9 avgust, juma kuni AEXA bosh direktori Rafael Grossi aytib o‘tdi.
Rossiyaning Venadagi doimiy vakolatxonasi 8 avgust kuni stansiyada, shu jumladan radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash majmuasi hududida urib tushirilgan raketalarning bo‘laklari topilgani haqidagi bayonotlari fonida izoh berildi. Boshqa manbalardan bu ma’lumot tasdiqlanmagan.
AEXA eslatishicha, stansiyaning ikkita energetika bloki to‘xtab qolgan, ikkitasi ishlamoqda va yana ikkitasi qurilish bosqichida.
Maksimal vazminlikka chaqiriq
Grossi barcha tomonlarni «atom elektr stansiyasining jismoniy yaxlitligini» ta’minlash imperativiga rioya qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuv vaqtida yadro xavfsizligini ta’minlashning yettita ajralmas ustuniga, shuningdek, Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududidagi janglar bilan bog‘liq holda ishlab chiqilgan va AESga nisbatan qo‘llanadigan beshta aniq tamoyilga amal qilish zarur.
«Hozirgi bosqichda men barcha tomonlarni jiddiy radiologik oqibatlarga olib keladigan yadroviy avariyaning oldini olish uchun maksimal darajada vazminlikni saqlashga chaqirmoqchiman», - deya ta’kidladi AEXA rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat rasmiylari bilan shaxsan aloqada.
Kursk viloyati bir qator tumanlarida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chirilgan
Ayni vaqtda, Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, Kursk viloyatidagi transformator podstansiyasiga dron qoldiqlari tushishi natijasida yong‘in chiqqan. Bu Kurchatov shahrida, shuningdek, Kurchatovskiy, Oktyabrskiy, Bolshesoldatskiy, Oboyanskiy va Belovskiy tumanlarining bir qator joylarida elektr ta’minotining vaqtincha uzilishiga olib keldi.
Viloyat hukumati keyinroq ma’lum qilganidek, favqulodda vaziyatlar brigadalari elektr ta’minotini tiklagan.
10 avgustga o‘tar kechasi rasmiylar mintaqada raketa xavfi borligini e’lon qildi.
Rossiyaning uchta mintaqasida ATO rejimi
Bungacha Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy qilingan edi.
Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyati bilan chegarani yorib o‘tganidan so‘ng, gap «vaziyatni beqarorlashtirishga misli ko‘rilmagan urinish» haqida ketyapti, deb tan oldi Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasi. Gubernator vazifasini bajaruvchi Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar keyingi «sabotaj va terrorchilik tahdidlari»dan xavotirda.
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024