Jahon | 20:06 / 14.08.2024
6602
3 daqiqa o‘qiladi

Putinga «yaqin» milliarder Shveytsariya banklaridan yuz millionlab dollar olib chiqib ketishga uringani ma’lum bo‘ldi

Ukrainaga qarshi urush boshlanishidan oldin German Xanning Shveytsariyadagi hisob raqamidan rafiqasining hisobiga 90 mln dollar o‘tkazilgan.

Foto: «Moskva» agentligi

Vladimir Putin bilan «qalin aloqalarga» ega milliarder German Xan Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini avvalida Yevropa sanksiyalariga uchramaslik uchun Shveytsariya banklaridan 280 million dollar mablag‘ni olib chiqib ketgan. Bu haqda Federal ma’muriy sud qaroriga tayanib, Tages-Anzeiger ma’lum qildi.

Sud qarori jarayon ishtirokchilarining ism-shariflari ko‘rsatilmagan holda e’lon qilinganiga qaramay, hujjatdagi ma’lumotlar asosida ularning shaxsi aniqlangan. Xususan, gap rossiyalik milliarder German Xan haqida ketayotganini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin Xanning Shveytsariyadagi hisob raqamidan rafiqasining hisobiga 90 million dollar o‘tkazilgan. Bir necha kundan keyin — 1 martda milliarder boshqa bir Shveytsariya bankiga rafiqasining hisob raqamiga yana 110 million dollar o‘tkazishni buyurgan va operatsiya 2 mart kuni muvaffaqiyatli yakunlangan. Shu kuni rossiyalik tadbirkor yana 60 million dollarni qizining hisob raqamiga o‘tkazgan. Tranzaksiyalarning barchasi sovg‘a sifatida rasmiylashtirilgan. 8 mart kuni Xan qiziga 20 million dollar «sovg‘a» qilmoqchi bo‘lgan, ammo bank cheklovlari sabab bu amalga oshmay qolgan. Keyinroq u qizining turmush o‘rtog‘iga 20 million dollar «sovg‘a» qilgan.

Shuncha sa’y-harakatlar baribir o‘z samarasini bermagan: Shveytsariya banklari ko‘p o‘tmay milliarderning rafiqasi va qiziga tegishli hisob raqamlarni bloklab qo‘ydi, 2022 yil aprel boshlarida esa kuyovga «sovg‘a» qilingan 20 million dollar ham bloklangan. Keyinroq Xanning qizi bir necha bor Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyatidan 20 million dollarni qaytarishni so‘rab chiqdi, ammo so‘rovlarning barchasi rad etildi.

2023 yilda Yevropa umumiy yurisdiksiya sudi German Xonning Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga qarshi shikoyatini rad etgandi. Xan Rossiyaning eng yirik X5 Group va Alfa Bank’ni nazorat qiluvchi Alfa Group konsorsiumidagi roli tufayli cheklovlarga duch kelgan.

Yevropa Ittifoqi o‘z qarorini Xan Vladimir Putin bilan «qalin aloqada» ekani va unga hozir ham «katta xizmatlar» ko‘rsatishni davom etayotgani bilan asoslagan. Shuningdek, YeI Xanni Qrimni anneksiya qilish va «Ukrainani beqarorlashtirish»ga mas’ul bo‘lgan Rossiya hukumatiga «muhim daromad manbai» bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlarida ishtirok etgan yetakchi rus tadbirkorlaridan biri deb biladi.

Mavzuga oid