Jahon | 08:50 / 15.08.2024
3446
4 daqiqa o‘qiladi

Polsha: mahbuslar almashinuvining rossiyalik ishtirokchisi “GRU” uchun josuslik qilgan

Ispaniya va Rossiya fuqarosi Pavel Rubsov 2016 yildan 2022 yilgacha Polshada Rossiya harbiy razvedkasi uchun josuslik qilgan, deya xabar beradi Polsha rasmiylari.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federatsiyasi va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvidan ikki hafta o‘tgach, Polsha hukumati ozod qilingan ruslardan biriga josuslik ayblovini qo‘ydi. 14 avgust, chorshanba kuni Polsha prokuraturasi xabariga ko‘ra, Pablo Gonsales, ya’ni - Pavel Rubsov Ispaniya va Rossiya fuqarosi bo‘lib, 2016 yildan 2022 yilgacha Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi (“GRU”) uchun josuslik qilgan. Rasmiylar keyingi jarayon haqida ma’lumot bermadi

Polsha razvedka xizmatlari Gonsalesni (Rubsov) 2022 yil 28 fevralda hibsga oldi va u 1 avgust kuni Anqarada mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgunga qadar qamoqda edi. Polsha rasmiylariga ko‘ra, Rubsov Varshava va Ukraina bilan chegaradosh Pshemisl shahriga «ma’lumot olish va taqdim etish, yolg‘on ma’lumot va tezkor razvedka axboroti tarqatish» uchun yuborilgan. 

Pablo Gonsales (Pavel Rubsov) Sovet Ittifoqida tug‘ilgan. Uning onasi, 30-yillarda SSSRga olib ketilgan ispanlarning qizi 80-yillar oxirida Ispaniyaga qaytib, Kataloniyaga joylashdi, o‘g‘li esa Basklar mamlakatiga ketdi. Gonsalesning otasi Aleksey Rubsov 1999 yildan beri RBK tuzilmalarida rahbar lavozimlarda ishlagan. Hibsga olinishidan oldin Pavel Rubsov o‘zini ispaniyalik mustaqil jurnalist sifatida ko‘rsatib, harbiy mojarolar haqida yozgan. Bu maqomida u Rossiya muxolifatiga kirib borishga muvaffaq bo‘ldi: Rubsov ko‘plab muxolifat siyosatchilari, jumladan Ilya Yashin va Vladimir Kara-Murza bilan tanishdi, ular almashinuv doirasida Moskva tomonidan ozod qilingandi. 

“Agenstvo.Novosti”: Rubsov, ehtimol, Janna Nemsova doirasiga kiritilgan “GRU” agenti bo‘lgan

2023 yil may oyi boshida “Agenstvo. Novosti” Telegram-kanali ikki manbaga tayanib, Rubsov (Gonsales) Rossiyada o‘ldirilgan muxolifatchi siyosatchi Boris Nemsovning qizi Janna Nemsovaning yaqin doirasiga kiritilgan “GRU” agenti bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rubsov Nemsova bilan 2016 yilda Bryusselda Nemsov qotilligi ishi bo‘yicha Yevropa assambleyasining maxsus ma’ruzachisi nomzodini muhokama qilish vaqtida uchrashgan. Do‘stona munosabatlar boshlangan, Gonsales Boris Nemsov jamg‘armasining tadbirlariga taklif qilindi va u fond xodimlarini Basklar mamlakatiga chaqirdi.

Janna Nemsova 2015-2020 yillarda DW ruscha nashrida ishlagan va “Nemsova. Intervyu” mualliflik dasturini olib borgan. Nemsov jamg‘armasi DW so‘roviga javoban: «Pablo boshqa jurnalistlar kabi ochiq tadbirlarda qatnashgan», deya ma’lum qildi. 

Boris Nemsov nomidagi jamg‘armadagi manba, shuningdek, Rubsov (Gonsales) Janna Nemsova va uning do‘stlari, jamg‘arma xodimlari va hamkorlari, shuningdek, o‘zi qatnashgan yozgi jurnalistika maktabi o‘quvchilari faoliyati haqida batafsil ma’lumot berganini aytdi. Suhbatdosh bu xabarlar aynan kimga yuborilganini bilmaydi, lekin ular Gonsalesning razvedka xizmatlaridagi kuratorlariga hisobot sifatida yozilgan. Xabarlarda Gonsales, shuningdek, Nemsovani tashkilotga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashni so‘ragan. 

Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvi 

1 avgust kuni Anqarada Rossiya Federatsiyasi va G‘arb davlatlari o‘rtasida keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ayirboshlash doirasida Rossiya 16 kishini ozod qildi, ular orasida siyosiy mahbuslar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Oleg Orlov va boshqalar, amerikalik jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, shuningdek, Rossiya va Belarusda turli muddatlarga qamalgan Germaniya fuqarolari bor. Rossiyaga 10 kishi qaytdi - Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari, ularning ikki farzandi, kiberfiribgarlar va “FSB” xodimi Vadim Krasikov. 

Mavzuga oid