Bundesver generali: Ukraina Rossiyani mag‘lub etishga qodir
Kursk viloyatidagi hujum Ukraina qurolli kuchlarida urushda muvaffaqiyatga erishish uchun iroda borligini ko‘rsatadi. Bu yil Germaniya Ukrainaga harbiy yordam uchun 6,5 milliard yevrodan 7 milliard yevrogacha mablag‘ ajratadi, dedi general Kristian Froyding.
«Ukraina, albatta, g‘alaba qozonishi mumkin», deb Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) general-mayori Kristian Froyding Rossiya tomonidan bu mamlakatga qarshi boshlangan ikki yarim yillik urushdan keyin vaziyatni baholadi. Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hozirgi hujum operatsiyasi misolida ko‘rish mumkinki, Ukraina «tashabbusni o‘z qo‘liga olishi, muvaffaqiyatga erishishi va Rossiyaga jiddiy og‘riq keltirishi mumkin, menimcha, Ukraina qo‘shinlarida urushda muvaffaqiyatga erishish va g‘alaba qozonish uchun iroda va qobiliyati bor», dedi Froyding 15 avgust, payshanba kuni Bundesverning Nachgefragt podkastida.
Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushdagi g‘alabasi aynan nimani anglatishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, general buni ukrainaliklarning o‘zlari belgilashi kerakligini aytdi. «Ukrainaning siyosiy maqsadi 1991 yilgi xalqaro tan olingan chegaralar doirasida hududiy yaxlitlik va suverenitetni tiklash ekanligi aniq. Mening baholarimga ko‘ra, ukrainaliklar bunga 2024 yil oxirigacha erishib bo‘lmaydi, deb o‘ylashmoqda. Lekin ularda harbiy kuch bo‘lishi kerak», - deya qo‘shimcha qildi Kristian Froyding.
Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumi haqida
Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi Ukraina armiyasi hujumini sharhlar ekan, yaqinda Ukrainadan qaytgan general Froyding u Ukraina Qurolli kuchlarining to‘rtta brigadasi ishtirokida to‘rt o‘q bo‘ylab amalga oshirilganini aytdi. Ukraina hududidan bu operatsiyani logistika va havo mudofaasi yordamida yana 2000-4000 kishi qo‘llab-quvvatlamoqda, dedi u. Ukraina qurolli kuchlari chegaradan taxminan 30 kilometr uzoqlikda Rossiya hududiga kirdi. Operatsiya o‘tkazilayotgan hududning kengligi, Froydingga ko‘ra, 65 kilometr.
Ukraina harbiylari harakat qilayotgan hududning umumiy maydoni (lekin ular nazorat qiladigan hudud emas), Bundesver generaliga ko‘ra, taxminan 1000 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. «Bu hudud Ukraina Qurolli kuchlari yil boshidan Rossiya kuchlariga boy bergan hududga taxminan mos keladi», — dedi u.
Germaniya tomonidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida
Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi hali ham muhimmi, degan savolga general Froyding: «Mutlaqo. Men buni ma’naviy burch deb bilaman», dedi. Germaniyaning bu yil Ukrainaga yetkazib berishi rejalashtirilgan harbiy texnikalar orasida ikkita IRIS-T SLM va IRIS-T SLS o‘rta va qisqa masofali havo mudofaa tizimi, 10 ta Gepard o‘ziyurar zenit qurollari, shuningdek, 30 ta Leopard 1A5 tanki va 400 ta MRAP bronetransportyorlari bor, dedi u.
Germaniya Ukrainaga AQShdan keyin eng katta yordam beryapti, dedi Froyding. «Faqat bu yilning o‘zida biz Ukrainaga harbiy yordam uchun 6,5-7 milliard yevro ajratamiz, agar urushning butun davrini hisobga olsak, shartnomada ko‘rsatilgan yoki kafolatlangan va umumiy qiymati 28 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan yordamni ko‘ramiz», - deya aniqlik kiritdi Bundesver generali.
Mavzuga oid
20:40 / 07.11.2024
Google xaritalardan Ukrainadagi harbiy obektlar tasvirini olib tashladi
09:47 / 07.11.2024
OAV: Ukraina birinchi marta Kaspiy dengizidagi RF kemalarini nishonga oldi
11:29 / 06.11.2024
Ukrainaga yordam: YeI AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda
21:09 / 05.11.2024