Jahon | 13:40 / 17.08.2024
1872
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi Boris Akuninni «chet el agenti» sifatida jarimaga tortdi

Moskvaning Taganskiy tuman sudi Boris Akuninni 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi. Sud uni «chet el agenti» faoliyatiga oid tartib-qoidalarni buzganlikda aybdor deb topdi.

Foto: AP

Moskvaning Taganskiy tuman sudi yozuvchi Boris Akuninni (Grigoriy Chxartishvili) «chet el agenti» faoliyati tartibini buzish moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikda aybdor deb topdi. Bu haqda 16 avgust, juma kuni Moskva shahar umumiy yurisdiksiya sudlarining Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

«Sud 30 ming rubl (307 yevro) miqdorida ma’muriy jarima ko‘rinishidagi jazo tayinladi», — deyiladi xabarda. 

Akunin Rossiya Ichki ishlar vazirligining federal qidiruviga kiritilgan edi, keyinchalik u sirtdan hibsga olingan. 

Yozuvchi bir necha bor Rossiya hukumati va shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatini tanqid qilgan hamda Qrimdagi voqealar va Ukrainadagi urushni ochiq qoralagan. 2014 yildan beri Akunin Londonda yashaydi. 

Akuninga senzura bosimi 

Urush boshlanganidan keyin Akunin asarlari Rossiya Federatsiyasida kuchli senzura bosimiga duchor bo‘ldi. Uning piyesalari asosida sahnalashtirilgan spektakllarning afishalaridan ijodkor nomi olib tashlandi, ayrim teatrlar spektakllarni bekor qildi. 2023 yil dekabr oyi o‘rtalarida AST nashriyoti yozuvchining kitoblarini tarqatishni to‘xtatayotganini e’lon qildi. «Chitay-gorod - Bukvoyed» do‘konlar tarmog‘ida ham savdo to‘xtadi. Xavfsizlik kuchlari Akunin kitoblarini chop etuvchi Moskvadagi «Zaxarov» nashriyotida tintuv o‘tkazdi.

Rosfinmonitoring yozuvchini 2023 yil 18 dekabrda «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritdi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi yozuvchiga nisbatan Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi «feyklar» va terrorizmni omma oldida oqlash moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qildi. 

«O‘zimni noto‘g‘ri to‘xtaganlik uchun tiket yozib berilgan bin Lodin kabi his qilyapman» 

12 yanvar kuni Rossiya Adliya vazirligi Boris Akuninni «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritdi. 

Yozuvchi «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritilganiga hazil bilan munosabat bildirdi. «Bugun men «chet el agenti» deb e’lon qilinganim haqida yozishmoqda. Meni-ya, terrorchi va ekstremistni?! O‘zimni noto‘g‘ri parkovka uchun tiket yozib berilgan bin Lodin kabi his qilyapman», - deb yozgan edi u yanvar oyida Telegram-kanalida. 

Mavzuga oid