O‘zbekiston | 21:19 / 17.08.2024
17738
2 daqiqa o‘qiladi

“Tokdan 8 yillik qarz chiqyapti” - Yangi billing tizimida noaniqliklar yuzaga kelmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasidan asossiz qarzdorlik yuzaga kelayotgani haqida shikoyatlar paydo bo‘ldi. Bir iste’molchiga bu o‘tgan yillardan qolib ketgan qarzdorlik deb tushuntirilgan. “15 kunda 635 ming so‘m qarzga kirib o‘chirib qo‘ygan. Kelib so‘rasam, 235 ming so‘m shu oy ishlatganingiz, qolgani 8 yillik qarzingiz deb aytishdi”, deydi murojaatchi. HET “ayrim noaniqliklar” haqida bayonot berdi.

Foto: Depositphotos

Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasidan asossiz tarzda qarzdorlik vujudga kelayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda. Iste’molchilardan biri o‘z videomurojaatida aytishicha, tuman elektr tarmoqlariga borib aniqlik kiritishganda, qarzdorlikni o‘tgan yillar mobaynida qolib ketgan qarz sifatida tushuntirishgan.

“16-sanada svetimizni o‘chirib qo‘ygan. Har oy 500 mingcha pul to‘lardim, hozir 15 kun ichida 635 ming so‘m qarzga kirib o‘chirib qo‘ygan. Kelib so‘rasam, 235 ming so‘m shu oy ishlatganingiz, qolgani 8 yillik qarzingiz bor ekan, deydi. Mayli, 8 yillik qarzim bor ekan, qaysi sananiki u, dedim. Davlat shuncha payt qo‘yib qo‘yarkanmi?

[...] Sistemani yangilamasdan oldin xat-hujjatini qilib qo‘yish kerakmi, shu yilda shunaqa qarzing bor ekan deb? So‘rasam, bilmayman deyapti. 8 yillik qarzga kiritib qo‘yyapti, qanday bilmaydi?” – deydi murojaatchi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, ayrim iste’molchilar shaxsiy hisobida kuzatilayotgan noaniqlik holatlari mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

"Ma’lumki, “Hududiy elektr tarmoqlari ” AJ tomonidan joriy yilning avgust oyidan yangilangan “HET BILLING” dasturiy kompleksi tashkil etildi.

Ayni shu jarayonda eski tizimdan iste’molchilarning arxiv ma’lumotlarini yangi tizimga ko‘chirishda ayrim iste’molchilar shaxsiy hisobida noaniqliklar kelib chiqayotganini ma’lum qilamiz. Bunday noaniqliklar aniqlangan hududlarda ayni paytda qo‘shimcha mutaxassislar ajratilgan holda masalaga oydinlik kiritish ishlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz", – deyiladi bayonotda.

Kompaniya yangi billing tizimi ishga tushirilgani haqida 7 avgust kuni e’lon qilgandi. Lekin haligacha ayrim iste’molchilar shaxsiy kabinetiga kira olmayapti.

Mavzuga oid