Jahon | 21:55 / 19.08.2024
5630
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik multimillioner Maykl Linch yaxtasi cho‘kib ketganidan so‘ng bedarak yo‘qoldi

Qiymati 35 million yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxtasi 19 avgust kechasi Portichello shahri sohillari yaqinida tornado tufayli cho‘kib ketgan. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va yana olti kishi bedarak yo‘qolgan.

Foto: The Daily Telegraph

Italiya janubidagi Palermo qirg‘oqlariga yopirilgan tornado natijasida Bayesian superyaxtasi halokatga uchradi. Hodisa oqibatida britaniyalik multimillioner Mayk Linch bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi The Telegraph.

Qiymati 35 million yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxtasi 19 avgust kechasi Portichello shahri sohillari yaqinida tornado oqibatida cho‘kib ketgan.

Kema bortida jami 22 kishi bo‘lgan, ularning aksariyati — britanlar. Halokat joyi yaqinidan suzib o‘tayotgan yelkanli kema ekipaji 15 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lgan, Linch va yana besh kishi rasman bedarak yo‘qolgan shaxslar sifatida e’lon qilingan.

59 yoshli Linch dasturiy ta’minot ortidan boyigan, OAV uni «britaniyalik Bill Geyts» deb ataydi. Forbes 2015 yilda uning boyligini milliard dollarga baholagan edi.

Linch o‘n yildan ortiq muddat davomida 2012 yili uning Autonomy kompaniyasini sotib olib, biznesmen va top-menejmentni buxgalteriya hisobotini soxtalashtirishga ayblagan Hewlett Packard bilan sudlashgan. Shu sababdan 2018 yilda AQSh Adliya vazirligi Linchga nisbatan firibgarlik ayblovini e’lon qilgan, 2024 yil iyunda o‘tkazilgan sudda Linch to‘liq oqlangan edi.

Omon qolgan ayol hikoyasi

Yaxta halokatidan omon qolgan ayol qizi dengizga cho‘kib ketmasligi uchun uni qanday ushlab turganini so‘zlab berdi. Sharlotta ismli ayol, turmush o‘rtog‘i va bir yoshli qizi Bayesian'dan qutqarilgan 15 kishi orasida bor edi.

Sharlottaning aytishicha, yaxta cho‘kayotgan vaqtda uning oilasi palubada bo‘lgani sabab omon qolgan. «Ikki soniyaga qizimni dengizda yo‘qotib qo‘ydim, keyin junbishga kelgan to‘lqinlar orasida uni quchoqlab oldim», — deydi ayol.

Sharlottaning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z farzandini «qo‘llarini tepaga ko‘targan holda, suv yuzasida ushlab turgan». «Qop-qorong‘i edi. Suv ichida ko‘zlarimni ocha olmasdim. Yordam so‘rab baqirdim, ammo atrofimda faqat boshqalarning qichqirig‘i eshitilardi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Sharlottaning qayd etishicha, qutqaruv qayig‘i shishirilib, 11 kishi unga chiqib olgan. Oilaning uch nafar a’zosi shifoxonaga yetkazilgan.

Mavzuga oid