Jahon | 23:12 / 19.08.2024
5599
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina harbiylari Rossiyaning 92 ta aholi punktini nazorat qilmoqda - Zelenskiy

Shuningdek, Ukraina uchun asirlarni ayirboshlash fondi ham to‘ldirilayotgani ma’lum qilindi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina Rossiyaning Kursk oblastidagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda. Mamlakatning 92 ta aholi punkti allaqachon Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ukraina harbiylari Kursk oblasti hududining 1250 kilometr kvadratdan ortiq qismini nazorat qilyapti.

«Bugungi kunda harbiy kuchlarimiz dushmanning 1250 kvadrat kilometrdan ortiq hududi va 92 ta aholi punktini nazorat qilmoqda», dedi Zelenskiy. Unga ko‘ra, Ukraina uchun asirlarni ayirboshlash fondi ham to‘ldirilmoqda.

«Umuman olganda, bu operatsiya ukrainaliklarni rus asirligidan ozod qilish jarayonidagi eng katta sarmoyamiz bo‘ldi, biz bir operatsiyada eng ko‘p rus asirlarini qo‘lga kiritdik va bu harakatlarimiz davom etmoqda», dedi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, bir necha oy oldin dunyoda ko‘pchilik bunday operatsiyaga ishonmagan va Rossiya hududiga bostirib kirishni eng katta «qizil chiziq» deb hisoblagan.

«Shuning uchun ham askarlarimizning haqiqiy tayyorgarligi haqida hech kim eshitmagan. Endi jangchilarning haqiqiy muvaffaqiyatini ko‘rib turishibdi, chegaraning narigi tomonidagi faol harakatlarimiz va Putin o‘z hududini himoya qila olmasligi ko‘p narsadan dalolat beradi», dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kursk oblastidagi operatsiya Rossiya terroriga qarshi eng samarali chora bo‘lib, tajovuzkor davlat uchun vaziyatning haqiqiy murakkablashishini ta’minlaydi.

«Ikkinchidan, bizda juda muhim mafkuraviy o‘zgarish bor, ya’ni: ba’zi sheriklarning urushni baholashda aytgan «qizil chiziqlari» Sudja yaqinida parchalanib ketdi», dedi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, dunyo ko‘rmoqda: bu urushda hamma narsa faqat jasoratga bog‘liq — Ukraina va hamkorlarining jasoratiga.

«Sheriklarimiz bunday dadillikda biz bilan hamohang bo‘lishi muhim, shunda Rossiyaning adolatli tinchlikdan boshqa qadami qolmaydi», deb ta’kidladi Zelenskiy va hamkorlarning qurollaridan Rossiya bo‘ylab zarba berishga ruxsat so‘radi.

Mavzuga oid