O‘zbekiston | 21:05 / 20.08.2024
3519
7 daqiqa o‘qiladi

20 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun belgilangan muddat, tadbirkorlar uchun bekor qilingan elektr va gazga limitdan yuqori ikki karra to‘lov va xususiy sektorga berilayotgan hududiy elektr tarmoqlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti

Nukus shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan tadbirkorlarning iqtisodiyotdagi hissasi beqiyos ekani, rivojlangan davlatlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, katta-katta natijalari bilan yurtimiz nomini chet elliklarga tanitayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz borligini qayd etdi.

«Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!» — dedi prezident.

Tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.

Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trln so‘mga yetgani, yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan 100 mld so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paygani qayd etildi.

Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zolik haqida

Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadlari va teng raqobat muhitini yaratish haqida gapirdi.

Ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan uchinchi yo‘nalish bo‘ldi.

Avvalo, O‘zbekistonning yetti oylik eksporti 13 foizga o‘sib, 10 mlrd dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqqani ta’kidlandi.

Davlat rahbari Jahon savdo tashkilotiga 2026 yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yilganini aytdi.

“Ushbu tashkilotga kirish — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.

Ertangi kunimiz bu — teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi”, – dedi davlat rahbari.

Prezident bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo‘lmasligi, xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashini ta’kidladi.

Elektr va gazga ikki karra to‘lov bekor qilindi

Prezident barcha sanoat korxonalari limitdan oshib ketilganda elektr va gaz uchun to‘lov 2 karra ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotganini ta’kidladi.

«Sanoatimizning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartirilishi belgilandi», — dedi prezident.

Shu sababli endi elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov atigi 20 foiz qimmatlashadi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik reytingida «yuqori», «o‘rta» toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

«Endilikda “inkasso” bo‘lganda ham, kommunal xizmatlarga to‘lovlar to‘xtatilmaydi», — dedi davlat rahbari.

Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi xususiy sektorga beriladi

Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘nggi yillarda energetika sohasi isloh qilinib, xususiy sektorga keng yo‘l ochib berilgani, bu orqali 3,5 mlrd dollarlik xususiy sheriklik loyihalari ishga tushdi va yana 31,5 mlrd dollarlik 50 ta loyiha bo‘yicha ishlar jadal davom etayotganini ma’lum qildi.

Prezident “Hududiy elektr tarmoqlari”ning boshqaruvini xususiy sektorga berishda amaliy bosqich boshlanishini aytdi.

Oktyabrda Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlariga xususiy operator jalb qilish bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Kelgusi yil Jizzax va Sirdaryoda ham xuddi shunday ishlar amalga oshiriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, muloqotda yer osti boyliklarini o‘zlashtirishga tadbirkorlarni keng jalb etib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu yilning o‘zidayoq 150 tadan ortiq kon va maydonlar tadbirkorlarga sotildi.

“Yil yakunigacha yana 300 ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif qilinadi. Qurilishda qum-shag‘alga ehtiyojni qoplash maqsadida 110 million kub metr zaxirali 172 ta kon ham tadbirkorlik uchun ajratiladi”, — dedi prezident.

Shuningdek, tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga QQS hisoblash bekor etilishi ma’lum qilingandi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4- va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib to‘lashga ham ruxsat berilmoqda.

Mavzuga oid