Jahon | 18:37 / 20.08.2024
4772
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Kursk uchun janglar bir necha oy davom etishiga tayyor turishga chaqirdi

Rossiya Qurolli Kuchlari Harbiy-siyosiy bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, «Axmat» maxsus kuchlari komandiri Apti Alaudinovning so‘zlariga ko‘ra, «yaqin ikki-uch oyda barchasi tugaydi».

Foto: Reuters

Kursk oblastidagi janglar yana bir necha oy davom etishi mumkin. Bu haqda Rossiya Qurolli Kuchlari Harbiy-siyosiy bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, «Axmat» maxsus kuchlari komandiri Apti Alaudinov ma’lum qildi.

«O‘ylashimcha, yaqin ikki-uch oyda barchasi tugaydi, nafaqat Kursk yo‘nalishida, balki butun UQK», — deydi u Xitoyning Phoenix telekanaliga bergan intervyusida.

Fevral oyida Alaudinov Ukrainadagi urush «uzog‘i bilan 2024 yilning sentabrida» tugashini taxmin qilgandi, shu bilan birga u doimgidek Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) ulkan yo‘qotishlari, Amerikaning Kiyevga berayotgan yordami to‘xtatilishi haqida ham gapirgan edi. Ammo aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 60,64 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini imzoladi. Avgustda UQK Kursk oblastiga hujumni boshlab, Rossiya hududiga Ikkinchi jahon urushidan beri bostirib kirgan birinchi xorij armiyasiga aylandi.

Umuman olganda, «Axmat» maxsus bo‘linmasi komandiri tomonidan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlar birinchi marta berilmayapti. Oxirgi ikki haftada u Kursk oblastida UQKning harakati «to‘xtatilganini» kamida olti marotaba ta’kidladi. Birinchi marta 9 avgust kuni bu haqida ma’lum qilgandi. Shundan buyon ukrain harbiylari Rossiyaning 1250 kilometr kvadrat maydoni va 92 ta aholi punktini egalladi.

Shuningdek, Alaudinov Z-blogerlarning «Axmat» jangchilari UQK hujumidan keyin Kursk oblastidagi pozitsiyalarini ommaviy tashlab ketayotganini rad etgandi. Voqealar versiyasiga ko‘ra, chechenistonlik harbiylar shunchaki ukrainaliklarni payqamay qolgan, chunki ular «Axmat» jangchilarining yonidan o‘tib ketgan.

Keyinroq Apti Alaudinov Kursk oblastini muddatli harbiy xizmatchilar himoya qilishi kerak bo‘lgani haqida gapirdi. «Hozirda Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lgan 18 yoshli farzandlaringiz dushman hujum qilganda va ular bizning hududda bo‘lgan vaqtda vatanini himoya qilmasa, sizlarga bir savolim bor: siz va farzandlaringiz bu mamlakatga nima uchun keraksizlar?», — deydi u. Yigitlarning ota-onalariga murojaat qilgan «Axmat» komandiri bolalar «vatanni himoya qilish yo‘lida» halok bo‘lsa, ular «jannatga tushishini» ta’kidlagan.

Mavzuga oid