21 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekistonga kirib kelayotgan Vodafone, saylov uchun ruxsat olgan partiyalar, transafg‘on temiryo‘li qurilishi, haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilganlar tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Vodafone O‘zbekistonda
O‘zbekistonda Britaniyaning Vodafone va Finlandiyaning Nokia kompaniyalari ishtirokida yangi uyali aloqa operatori paydo bo‘ladi.
Bu haqda tadbirkor Farhod Mamajonov prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilgan.
Kompaniya 5G Standalone tarmog‘ini o‘rnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 million yevroga baholanmoqda.
«Biz dunyodagi nufuzli kompaniyalardan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshladik. Uyali aloqa kompaniyasi yangi yilda ishga tushadi», — degan tadbirkor.
Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 million foydalanuvchi bo‘lgan, dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu loyihada uskuna va texnologiyalar yetkazib beruvchisi bo‘lgan Finlandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi.
Partiyalarga saylov uchun ruxsat berildi
Markaziy saylov komissiyasida barcha siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovida qatnashish uchun ruxsat berdi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovida qatnashish uchun ruxsat berdi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.
Transafg‘on temiryo‘li qurilishi
1 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi ishga tushadi va Afg‘onistonning qator mahsulotlariga boj bekor qilinadi, dedi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov.
17 avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurgandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston–Afg‘oniston biznes-forumi ham tashkil etildi. Forumda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov chiqish qilib, ikki tomonlama hamkorlikdagi muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Vazirga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdoni yanada oshirish va yaqin istiqbolda 3 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha katta rejalar bor.
Ayritom–Hayraton chegara postida bojxona tizimi 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmoqda. Afg‘on tadbirkorlari Termiz xalqaro savdo markaziga vizasiz kirib, hech qanday soliqlarsiz faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
“Hozir transafg‘on temiryo‘l liniyasi qurilishini boshlash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Tez orada mazkur loyiha doirasida amaliy ishlar boshlanadi”, — deya ta’kidlagan Laziz Qudratov.
O‘zbekiston tashqi savdosi
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.
Hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 36,8 mlrd dollarga yetgan. Eksport hajmi 14,78 mlrd dollar, import hajmi esa 22,05 mlrd. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi 1,1 foizga qisqargan, import hajmi 10,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 7,26 mlrd dollarga yetgan.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan, bu borada Rossiyaning ulushi ham oshib boryapti. Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,85 mlrd dollarga, Rossiya bilan 6,80 mlrd dollarga yetgan. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya bilan qayd etilgan.
7 oy davomida oltinsiz eksport 10,9 foizga o‘sib, qariyb 10,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 28,4 foiz yoki 4,2 mlrd dollargacha kamaydi. So‘nggi oylarda O‘zbekiston Markaziy banki oltin eksport qilmayapti.
Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,4 foiz), sanoat tovarlari (15,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston 984 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, qariyb 5 barobarga ko‘p. O‘z navbatida birgina iyul oyida 174,2 mln dollarlik gaz sotib olingan. Bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 174 barobarga ko‘p.
Yo‘llardagi o‘limlar
Qoidabuzarligi ortidan haydovchilik guvohnomasidan vaqtinchalik mahrum etilgan shaxslar tomonidan 2023 yilda takroran 707 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etishi oqibatida 212 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov hamda soha mas’ullari ishtirokida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy YTHlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamaygan. Biroq avtoavariyalar va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda.
2024 yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan.
Mavzuga oid
21:21 / 25.12.2024
25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024