Jahon | 12:27 / 21.08.2024
4494
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda pokistonlik ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib, 35 kishi halok bo‘ldi

Avariyaga avtobus tormozi ishlamay qolishi sabab bo‘lgan.

Eronda pokistonlik ziyoratchilar bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi, qurbonlar soni 35 nafarga yetdi deb xabar bermoqda Radio Pakistan.

Dastlab 28 kishi halok bo‘lgani, yana 23 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.

Reuters politsiya tekshiruviga tayanib yozishicha, avariya 20 avgust kuni kechqurun Eronning markaziy Yazd viloyatida yuz berdi, hodisaga tormoz ishlamay qolishi sabab bo‘lgan.

Yo‘lovchilar shialarning eng muhim ziyoratlaridan birini ado etish uchun Pokistonning Sind viloyatidan Iroqning muqaddas Karbalo shahriga yo‘l olgandi. Halokat vaqtida avtobusda 53 ga yaqin odam, jumladan Larkana, Ghotki va Sind shaharlaridan kelgan ziyoratchilar bo‘lgan.

Eron Inqirozli vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha idorasi direktor Ali Malekzadening so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida o‘ndan ortiq ayollar bor.

Avtobus Tehron poytaxtidan taxminan 681 kilometr janubda, Erondagi Dehshir-Taft nazorat-o‘tkazish punkti oldida yonib ketgan.

Avtobus haydovchining e’tiborsizligi, yo‘lni bilmasligi, yuqori tezlik va texnik muammolar tufayli yo‘ldan chiqib ketgan”, — dedi Malekzade.

Pokiston prezidenti Asif Ali Zardariy halok bo‘lganlarning jasadini vatanga qaytarish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Tashqi ishlar vazirligini safarbar qilishini aytdi.

Mavzuga oid