Jahon | 11:35 / 22.08.2024
1850
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Moldova migratsiya shartnomasini imzolashga tayyorlanmoqda

Olaf Shols va Mayya Sandu matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, Germaniya va Moldova o‘rtasida migratsiya kelishuviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Germaniya va Moldova migratsiya shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 21 avgust, chorshanba kuni Kishinyovda Germaniya kansleri Olaf Shols mamlakat prezidenti Mayya Sandu bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Bu kelishuv Germaniyaga Moldovadan noqonuniy muhojirlarni tezda vataniga chiqarib yuborish, shuningdek, mamlakatga malakali mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi. Sandu, o‘z navbatida, hujjat «katta diaspora»dan bo‘lgan odamlarni Moldovaga qaytarishga yordam berishiga umid bildirdi. Ikkala siyosatchi ham kelishuvdan maqsad har ikki davlatning iqtisodiy rivojlanishiga yordam berish ekanini aytdi. 

Kishinyovga safari chog‘ida Germaniya kansleriga hukumatning migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp hamrohlik qildi.

Olaf Shols: Germaniya Moldovani YeI yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi 

Matbuot anjumanida Germaniya hukumati rahbari, shuningdek, Berlin Moldovani Yevropa Ittifoqi yo‘lida «qo‘lidan kelgancha» qo‘llab-quvvatlashini aytdi. U Yevropa Ittifoqining kengayishiga ijobiy munosabatda ekanligini ta’kidladi. «Biz ba’zi mamlakatlar uchun uzoq vaqt oldin boshlangan qo‘shilish jarayonlarini nihoyat yakunlash zarur deb hisoblaymiz», — deya qo‘shimcha qildi Olaf Shols. 

Mayya Sandu Germaniyaga o‘z mamlakatiga Yevropa Ittifoqi yo‘lida, shuningdek, Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashda yordam berayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. 

Moldova 2022 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini oldi. 2024 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqi mamlakat bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshladi.

Mavzuga oid