Jahon | 14:50 / 25.08.2024
20917
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Kursk oblastidagi janglar Rossiyani  ukrain frontidagi kuchlarning bir qismini qaytarishga majbur qildi

Hatto bu ham Ukraina qurolli kuchlari yurishini to‘xtata olmayapti. Ammo ukrainlarning Donbassdagi mudofaasida - inqirozli holat yuzaga kelgan. 

68th Separate Jaeger Brigade / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiyaning zaxira kuchlari harbiy harakatlar hududiga yetib kelganiga qaramay, Ukrainaning Kursk oblastidagi yurishi davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari chegara bo‘ylab platsdarmni kengaytirishga hamda bir vaqtning o‘zida RF hududi ichkarisiga kirib borishga urinmoqda. Bu vaqtda esa RF qurolli kuchlari Donetsk oblastida — Pokrovsk shahri janubida va Toretsk aglomeratsiyasida ukrain mudofaasini yorib o‘tgan. Rossiyaning yurishi Ukrainaning Kursk oblastidagi hujumidan keyin to‘xtash o‘rniga sezilarli darajada kuchaygan.

Kursk oblasti

Kursk oblastidagi eng shiddatli janglar Sudja — Kursk (Martinovka qishlog‘i hududida), Sudja — Lgov trassalarida hamda Korenevo rayoni markazida olib borilmoqda, bu rayon markazi Ukraina qurolli kuchlarining g‘arb tomon Rilsk yo‘nalishida harakatlanishini to‘sib turibdi.

Ukraina qurolli kuchlari Korenevoni janubdan va shimoldan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda. Janubda ukrain kuchlari kamida Snagost qishlog‘ining bir qismini egallab olgan, shuningdek Komarovkaga kirgan. Shimolda — Olgovka egallangan, bu yerdan Korenevo — Lgov temiryo‘li bo‘ylab shimolga yurilgan. Hamon Korenevo hududida aniq front chizig‘i yo‘q, Rossiya qo‘shini pistirmalardan turib harakatlanmoqda, shuningdek dronlar zarbalari bilan ukrainlarning mobil guruhlarini to‘xtatishga harakat qilmoqda.

  • Ukraina qurolli kuchlari Korenevodan janubda, chegara va Seym daryosi o‘rtasida joylashgan hududni ihodalash harakatlarini davom ettirmoqda. Ukraina aviatsiyasi va raketa qo‘shinlari mazkur hududda Seym ustidan o‘tgan uchta ko‘prikni ham yo‘q qilgan; rossiyaliklarning muhandislik bo‘linmalari ponton o‘tish yo‘llarini o‘rnatishgan; ammo o‘z navbatida, ular ham bombardimon qilingan. Katta ehtimol bilan havo amaliyotining maqsadi — Rossiya qo‘shinlari Glushkovo rayoni markazida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi, aks holda bu yerdan Ukraina qurolli kuchlarining chegara bo‘ylab joylashgan Korenevo guruhi qanoti va front ortiga zarba berilishi mumkin.
  • Korenevodan shimoli-sharqda ukrain qo‘shini Kauchuk posyolkasini ushlab qolish hamda harakatlanish qiyin bo‘lgan hududlar bo‘ylab Sudja — Lgov trassasi bo‘yidagi Kromskiye Biki posyolkasiga yetib borishga muvaffaq bo‘la olmadi. Trassaning o‘zini rossiyaliklar janubroqda — Malaya Loknyada o‘rnatilgan to‘siqlar bilan himoya qilmoqda.
  • Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimolroqda, Martinovka posyolkasida va Sudja — Kursk trassasida rossiyaliklar mudofaasini yorib o‘tishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, Martinovka bir necha bor qo‘ldan qo‘lga o‘tgan; trassadan g‘arbda Ukraina qurolli kuchlarining mobil guruhlari Russkiy Porechniy va Nechayevda to‘xtatilgan; trassadan sharqda — Russkaya Konopelka uchun og‘ir janglar ketmoqda, ammo baribir ukrainlar Martinovkani sharqdan aylanib o‘tishgan.
  • Nihoyat, Russkaya Konopelkadan janubda Ukraina qurolli kuchlarining platsdarmni chegara bo‘ylab Sudjadan sharq tomon kengaytirishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatga erishmagan. Rossiyaliklarning mazkur hududga yetib kelgan zaxira kuchlari (masalan, Russkaya Konopelkada doimiy joylashuv manzili Ulan-Udeda bo‘lgan 11-desant-shturm brigadasining kamida bitta bo‘linmasi harakatlanmoqda; brigada bahorda Chasiv Yarni shturm qilishda qatnashgandi) Sudjadan bir necha kilometr masofada ukrainlar hujumini to‘xtatgan. RF qurolli kuchlari Borki va Spalnoye qishloqlari yaqinida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga qarshi hujumlar uyushtirishga intilmoqda.
  • Voqealar rivoji Ukraina qurolli kuchlari Lgov — Rilsk trassasi yo‘nalishidagi yurish yo‘lini to‘sib turgan Korenevo qishlog‘ini egallay olish-olmasligiga bog‘liq. Bundan tashqari, Korenevo egallanmasa, ukrainlarning Kursk oblastidagi platsdarmi rossiyaliklarning kelgusidagi ehtimoliy qarshi hujumi qarshisida zaif bo‘lib qoladi. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Sudjadan sharqda qo‘shin to‘playotganini hisobga olgan holda ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Pokrovsk fronti

  • Bir oy muqaddam Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘li bo‘ylab yorib kirgan rus qo‘shini kutilmaganda asosiy zarba yo‘nalishini Pokrovskdan (Ukraina qurolli kuchlarining Donbass markaziy qismidagi asosiy logistik tuguni) janubga — Selidovo va Kuraxovo shaharlari yo‘nalishida o‘zgartirdi, Donbass fronti janubidagi uchastkalar — Vuhledar, Krasnohorivka va Maryinkaga ushbu ikki shahar orqali ta’minot yetkazib beriladi.
  • 22 avgust kuni Rossiya qo‘shini Selidovoga borish yo‘lidagi so‘nggi shahar Novogrodovkani shturm qilishni boshladi. Bundan tashqari, ular Novogrodovkani sharqdan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda.
  • Bir tomondan, bu yurish istiqbolli ko‘rinmoqda — Rossiya qo‘shini allaqachon Maryinka va Krasnohorivkani egallagan hamda Vuhledarga nafaqat janubdan, balki sharqdan ham yaqinlashib kelgan. Kuraxovo yo‘nalishidagi zarba Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubidagi mudofaasini butkul qulatishi mumkin.
  • Boshqa tomondan, Rossiya guruhining asosiy kuchlari janubga burilishi ukrain qo‘mondonligiga Pokrovskning o‘zida mudofaani kuchaytirish imkonini berishi mumkin. Hozircha Pokrovsk yaqinidagi Rossiya kuchlarining bir qismi Grodovka posyolkasini (Pokrovskni to‘sib turuvchi) shturm qilish bilan band.

Toretsk aglomeratsiyasi

RF qurolli kuchlari Toretskdan janubdagi Drujba, Pivdenne, Pivnichne va Zalizne posyolkalarini (qariyb to‘liq) egallagan. Rus qo‘shini Drujba va Pivnichne tomondan Toretskning o‘ziga yetib kelgan hamda uning janubiy-sharqiy chekkalariga hujum qilishni boshlagan.

RF qurolli kuchlari Toretskdan janubi-g‘arbda Nyu York posyolkasining katta qismini egallab olgan. Ular posyolkaning shimoliy chekkasidagi Fenol zavodi sanoat hududining qancha qismini egallagani aniq emas. Zavod hududida rossiyalik harbiylar bo‘lib turganini tasdiqlovchi videolar paydo bo‘lmagan. Shu bilan birga, zavoddan shimolroqda — Nelepovka qishlog‘i hududida janglar ketmoqda. Agar ayrim ukrain manbalarida aytilganidek Nyu Yorkda ukrain kuchlari qolgan bo‘lsa ular qariyb to‘liq qurshov holatida qolgan bo‘ladi.

Chasiv Yar

Bahorda Chasiv Yar hamda uning atrofidagi qishloq va posyolkalarni shturm qilishga harakat qilgan bir necha tuzilma (yoki ularning qismlari) Kursk oblastiga tashlangan. Xususan, Baxmut va Chasiv Yar o‘rtasidagi hududda yuqorida tilga olingan 11-desant-shturm brigadasi harakatlangan, endilikda uning tarkibidagi bo‘linmalarni Sudja sharqida uchratishgan. Sudja atrofida asirga tushganlar orasida Chasiv Yar shimoli-sharqida jang qilgan 200-motoo‘qchilar brigadasiga mansub bo‘lgan harbiylar bor. Shuningdek, hozirda Vuhledar atrofidagi yurishda 150-motoo‘qchi diviziya faol harakatlanmoqda, ushbu tuzilma ham bahorda Baxmut atrofida jang qilgandi; Vuhledar frontida u 155-dengiz piyodalar brigadasi o‘rniga kelgan, bu brigada jangchilari esa Xarkiv atrofida, Belgorod oblastida hamda Sudjadan sharqda ko‘zga tashlangan.

Chasiv Yar yo‘nalishi Kursk hamda boshqa frontlar uchun zaxira kuchlar «donor»iga aylangani u Rossiya qo‘mondonligi uchun ikkinchi darajali ahamiyatga tushganini ko‘rsatadi — kamida unga qo‘shni bo‘lgan Toretsk egallanmagunicha. Ammo bu 98-havo-desant diviziiyasi va unga biriktirilgan qismlar Chasiv Yarni «ro‘paradan» shturm qilishiga xalal bermayapti. Rossiya qo‘shini Severskiy Donets — Donbass kanalining g‘arbiy sohilidagi platsdarmni shahar chetiga qadar kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan. RF qurolli kuchlari may va iyun oylarida  kvartallar hududida shu taxlit asta-sekinlik bilan kuch to‘plab, keyin hal qiluvchi hujumga o‘tish orqali kanaldan sharqdagi mikrorayonni egallab olgandi.

Mavzuga oid