Jizzaxda hibsxona boshlig‘i 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Sharof Rashidov tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i tezkor tadbirda 5 ming AQSh dollari bilan ushlangan. Sud uni firibgarlik, pora olish va pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topdi.
Sharof Rashidov tuman IIB Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash guruhi vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i A.O. jinoiy jazoga tortildi. U 2023 yil aprel oyidan ushbu lavozimda ishlab kelgan.
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, A.O. tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, hibsxonada saqlanayotgan “Tosh-Shosh kapital” MChJ mansabdori D.E. bilan yaqindan tanishgan. So‘ngra hibsxonaga oziq-ovqat va boshqa narsalar olib kirish va tergovchining ruxsatisiz yaqin qarindoshlari bilan uchrashishga sharoit yaratib berishi aytib, D.E.dan tamagirlik yo‘li bilan pul mablag‘i talab qilib olib kelgan.
Jumladan, A.O. ushbu “xizmati” uchun pora tariqasida D.E.ning turmush o‘rtog‘idan 400 AQSh dollari olgan. Pul mablag‘ining 100 AQSh dollarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborib, 300 dollarini xizmat guvohnomasida saqlab kelgan. Ushbu pul mablag‘lari 2024 yil 12 fevralda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Shuningdek, A.O. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hibsxonada saqlanayotgan D.E.ga “Kafolat” advokatlar hay’ati advokati yaqin tanishi ekanini ma’lum qilgan. Advokat Jizzax shahar sudida ishlovchi tanishlari orqali yuritilayotgan jinoyat ishida unga yengillik qilib berish masalasida gaplashayotganini, buning uchun 5 ming AQSh dollari berish kerakligini aytgan. Shu tariqa, hibsxona boshlig‘i 2024 yil 12 fevral kuni soat 22:20da Jizzax shahar Olmazor mahallasi hududida D.E.ning turmush o‘rtog‘idan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Sud hukmi bilan A.O. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish), 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi), 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) hamda 28, 211-moddasi 1-qismida (pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
15:25 / 15.12.2024
Toshkent-Termiz yo‘lining Jizzaxdagi dovondan o‘tgan qismida yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklandi
18:54 / 10.12.2024
Jizzaxda 1 mlrd so‘mlik qalbaki pul sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
11:45 / 01.12.2024