Jamiyat | 11:35 / 26.08.2024
23510
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan opa-singil O‘zbekistonga qaytarildi

Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 12 va 17 yoshli opa-singil vatanga qaytarildi. Qizlarning opasi ularga vasiy etib belgilanadi.

Foto: Bolalar ombudsmani

Qozog‘istonda erkak o‘z vasiyligidagi qiz jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, opa-singillar O‘zbekistonga qaytarildi.

Qizlarning opasi 6 iyun kuni bolalar ombudsmaniga murojaat qilib, onasi va otasi vafot etgani, 12 va 17 yoshli singillari uchun o‘zi eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, unga emas, balki amakisi R.R.ning vasiyligiga berilganini bildirgan.

Amakisi esa qizlarni Qozog‘istonga uyiga olib ketgan, qizlarga uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan. Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan erkak protsessual tartibida ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bolalar ombudsmanining Qozog‘iston bolalar ombudsmani bilan birgalikdagi hamkorligi natijasida voyaga yetmagan I.A. va S.R.ga Olmaota shahri adaptatsiya markazida barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishi doirasidagi ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari o‘tkazilib bo‘lganidan so‘ng, 24 avgust kuni qizlar O‘zbekistonga qaytarilgan va Toshkent shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Shu kunlarda qizlarning opasi A.A.ni ularga vasiy etib belgilashga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi jarayoni ketmoqda.

Shuningdek, hozirda erkakka nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli tuman sudiga yuborilgan.

Mavzuga oid