Jahon | 23:08 / 27.08.2024
13214
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda ota-onasi bilan muzeyga kelgan bola 3,5 ming yillik ko‘zani sindirib qo‘ydi

Bronza davriga tegishli bo‘lgan ko‘zani restavratsiya qilish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis tayinlangan va tez orada u o‘z joyiga qaytariladi.

Foto: Hecht Museum

Isroildagi Xexta muzeyiga tashrif buyurgan bola 3,5 ming yillik ko‘zani sindirib qo‘ydi, deb xabar beradi BBC.

Ko‘za muzeyda himoya oynalarisiz namoyishga qo‘yilgan — muzeydagilar arxeologik topilmalarning bunday «to‘siqsiz» namoyishini «jozibador» hisoblab keladi.

Muzey ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bola va uning oilasi ekskursiya uchun tashkil qilingan ko‘rgazmaga taklif etilgan. «Shunday holatlar bo‘ladiki, eksponatlarga qasddan shikast yetkazishadi va bunday vaziyatda ish politsiya jalb qilingan holda qattiq ko‘rib chiqiladi», — deydi muzey xodimi Lixi Laslo.

«Ammo mazkur holat boshqacha. Ko‘zani muzeyga tashrif buyurgan to‘rt yoki besh yoshli bola sindirib qo‘ydi va unga ko‘riladigan chora ham shunga yarasha bo‘ladi», — deydi u.

Hozirda bronza davriga tegishli bo‘lgan ko‘zani restavratsiya qilish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis tayinlangan va tez orada u o‘z joyiga qaytariladi.

Foto: Hecht Museum

Sinib qolgan ko‘zada qadimda vino va zaytun yog‘i kabi oziq-ovqat mahsulotlari saqlangan. Muzey vakillarining qo‘shimcha qilishicha, arxeologik qazilma ishlari davomida topiladigan keramika buyumlari odatda singan yoki qisman kavlab olingan bo‘ladi. Shu bois ushbu ko‘za o‘z vaqtida «hayratlanarli topilma» e’tirof etilgan.

Mavzuga oid