AQSh Ukrainaga Amerika qurollari bilan Rossiya hududlariga zarba yo‘llashga ruxsat bermayapti
Qo‘shma Shtatlar hali ham Ukraina qurolli kuchlariga Amerika qurollarini Rossiyaning ichkari qismiga otishga ruxsat bermaydi, deya ma’lum qildi Pentagon. Ukraina AQShdan olingan qurollardan o‘zini himoya qilish va javoban o‘t ochish uchun foydalanishi mumkinligi ta’kidlandi.
Qo‘shma Shtatlar hali ham Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya hududida chuqur joylashgan nishonlarga Amerika qurollari bilan zarbalar berishga ruxsat bermaydi. Bu haqda 27 avgust, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Pentagon vakili, AQSh harbiy-havo kuchlari general-mayori Pet Rayder ma’lum qildi.
«Ukrainaliklar xorijdan hujumlardan o‘zini himoya qilish uchun Amerika yordamidan foydalanishi mumkin, boshqacha aytganda, Rossiya hududiga chuqur zarba berishga kelsak, bizning siyosatimiz o‘zgarmadi», dedi Rayder jurnalistning savoliga.
Politico nashrining yozishicha, Ukraina rasmiylari AQSh rahbariyatiga Rossiya hududidagi Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofali Amerika qurollari bilan zarba berishi mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini taqdim qilmoqchi. Shunday qilib, Kiyev Vashingtonni taqiqni bekor qilishga ishontirish uchun «so‘nggi urinish»ni amalga oshirmoqchi, deb yozadi nashr.
Avvalroq Vashington Londonning tashabbusiga to‘sqinlik qilayotgani, u esa Ukrainaga Rossiya Federatsiyasining xalqaro miqyosda tan olingan hududiga uzoq masofali Storm Shadow raketalari bilan zarba berish imkonini taqdim etayotgani xabar qilingandi.
Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli zarbasi fonida AQShni taqiqni olib tashlashga chaqirdi
26 avgustga o‘tar kechasi va o‘sha kuni ertalab Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi, mamlakatning 15 ta hududiga yuzdan ortiq raketa va yuzga yaqin hujumchi uchuvchisiz uchoqlar uchirildi. Ukraina havo kuchlari ularning aksariyatini urib tushirganini ma’lum qildi. Biroq Rossiya hujumi natijasida o‘nlab infratuzilma obektlari zarar ko‘rdi, qurbonlar va yaradorlar bor.
Shundan so‘ng Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yana bir bor G‘arb davlatlarini o‘z mamlakatiga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlarni, shuningdek, G‘arb qurollarining Rossiya hududiga hujum qilishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga chaqirdi. Aftidan, bu masalalar Kiyev talabi bilan chaqiriladigan Ukraina-NATO kengashining favqulodda yig‘ilishida ko‘tariladi.
Taqiqni bekor qilish tarafdorlari ovozlari Yevropada ham eshitilmoqda. Shu tariqa, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) eksperti Maykl Rot Politico nashriga bergan intervyusida Rossiya «Yevropa Ittifoqiga yangi migratsiya oqimlarini yo‘lga qo‘yish uchun Ukrainadagi odamlarning hayotini chidab bo‘lmas holga keltirmoqchi» degan fikrni bildirdi. Shu munosabat bilan u AQShni Rossiya bombardimonchi samolyotlari uchadigan aerodromlarga uzoq masofali raketa hujumlariga ruxsat berishga chaqirdi.
Mavzuga oid
18:33 / 26.12.2024
«Uyda yolg‘iz» filmidagi mashhur uy sotib yuborildi
16:03 / 26.12.2024
Oq boshli burgut rasman AQShning milliy qushiga aylandi
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024