Jahon | 09:19 / 28.08.2024
4677
4 daqiqa o‘qiladi

Trampga qarshi ayblov xulosasi tahrir qilindi

AQSh maxsus prokurori Jyek Smit Donald Trampga saylovlar natijasini soxtalashtirishga urinish bo‘yicha ayblov xulosasini tahrir qildi. Bu AQSh Oliy sudi Trampga qisman daxlsizlik berganidan keyin sodir bo‘ldi.

Foto: Reuters

AQSh maxsus prokurori Jyek Smit sobiq prezident Donald Trampga 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini soxtalashtirishga urinish bo‘yicha yangilangan ayblov e’lon qildi. Bu haqda 28 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi axborot agentliklari xabar berdi.

Vashingtondagi AQSh Oliy sudi 1 iyul kuni Trampning jinoiy javobgarlikka tortilishdan qisman daxlsizligi haqida qaror chiqarganidan so‘ng, Smit ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Gap sobiq prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida sodir etgan harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishdan himoyalanish haqida bormoqda. Biroq, Tramp fuqaro sifatidagi xatti-harakatlariga oid sud jarayonlarida immunitetga ega emas, deya ta’kidladi Oliy sud.

Shunga ko‘ra, yangi ayblovda Donald Trampning prezident sifatida qilgan harakatlariga oid barcha ayblovlar olib tashlanadi. Buning o‘rniga, 2020 yilgi saylovda nomzod sifatida nima qilganiga urg‘u beriladi. Jinoyat kodeksida Trampga ayblov qo‘yilayotgan moddalari o‘zgarishsiz qolmoqda. Sobiq prezident (va kuzda bo‘lib o‘tadigan yangi saylovlarda respublikachi nomzod)ning o‘zi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Smit «Oliy sud qarorini chetlab o‘tish uchun shunchaki o‘sha ishni qayta yozganini» bildirgan.

Boshqa ish bo‘yicha qaror ustidan shikoyat qilindi

26 avgust kuni Jyek Smit Florida sudining qarori ustidan apellyatsiya berdi, u iyul oyida Trampga o‘z mulkida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlagani bo‘yicha ishni rad etgandi. Sudya Eylin Kennon Smitning AQSh maxsus maslahatchisi etib tayinlanishini noqonuniy deb topdi. Kennonning o‘zi Tramp prezident bo‘lganida sudya etib tayinlangan. 

Agar Smitning apellyatsiyasi qabul qilinsa, sud jarayoni davom etishi mumkin - lekin uning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga qadar yakunlanishi ehtimoli kam. Ayni paytda Tramp g‘alaba qozonsa, o‘zini afv etishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Florida sudi Trampning maxfiy hujjatlar bo‘yicha ishini yopdi

Florida shtati sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ishni yopdi. Sudya Eylin Kennon fikricha, maxsus prokuror Jyek Smitni Trampni tergov qilish uchun tayinlash va ishini moliyalashtirish noqonuniy bo‘lgan.

2022 yil noyabr oyida AQSh Adliya vazirligi mamlakat sobiq prezidenti ustidan jinoiy tergovni nazorat qilish uchun mustaqil prokurorni tayinladi. AQSh bosh prokurori Merrik Garland Vashingtondagi matbuot anjumanida bu lavozimni ilgari Haagada bosh prokuror bo‘lib ishlagan va Kosovodagi urush jinoyatlarini tergov qilgan Jyek Smit egallashini ma’lum qildi. 

Sud Smitning tayinlanishini konstitutsiyaga zid deb topdi 

Eylin Kennon qaroriga ko‘ra, Smit prezident tomonidan ko‘rsatilmagan va uning nomzodi AQSh Senati tomonidan tasdiqlanmagan. Shunga ko‘ra, uning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasiga ziddir, deyiladi sud qarorida. Kennonni sudyalik lavozimiga Trampning o‘zi 2020 yilda, prezident bo‘lgan vaqtda taklif qilgan edi. 

Avvalroq Trampning himoyasi Jyek Smitga tergov o‘tkazish topshirig‘ini noqonuniy deb e’lon qilishni so‘ragan edi. Sud qarorini sharhlar ekan, AQSh sobiq prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Floridada unga qo‘yilgan «noqonuniy» ayblovlarning bekor qilinishi «birinchi qadam bo‘lishi kerak», deb yozdi.

Mavzuga oid