O‘zbekiston | 22:02 / 29.08.2024
6568
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Jamoat xavfsizligi universitetini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini borib ko‘rdi.

Ushbu maskan malakali kadrlarni maqsadli tayyorlaydigan oliy harbiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. O‘quv yurtining asosiy vazifasi chuqur o‘qitish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish orqali jamoat xavfsizligini samarali tashkil etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Qayd qilinishicha, universitetga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar qabul qilingan. Bakalavriatda 15, magistraturada 8 yo‘nalish bor. Bugungi kunda bakalavriatda mingdan ortiq kursant, maxsus yo‘nalish, sirtqi ta’lim va magistraturada yana shuncha yoshlar ta’lim olyapti. Ularga jami 209 nafar o‘qituvchi, professor va fan doktorlari saboq bermoqda.

So‘nggi yillarda universitetning o‘quv binolari kapital ta’mirlandi. Sport majmuasi va o‘quv-uslubiy situatsion markazi yangidan qurildi. Har biri 300 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta yotoqxona zamonaviy holatga keltirildi. Davlat rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Universitetning yangi sport majmuasi ham ko‘zdan kechirildi. Ikki qavatli majmuada basseyn, trenajyor va krosfit zali, boks, ko‘pkurash maydonlari tashkil etilgan. Katta sport zalida gimnastika, mini-futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi bilan birga balandlik tayyorgarligi va evakuatsiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish mumkin.

Ma’naviyat va ma’rifat markazida 500 o‘rinli tadbirlar zali, harbiy orkestr jamoasining shug‘ullanishi uchun alohida xona, vatanparvarlik muzeyi, psixologik markaz joylashgan. Davlat rahbari ularning ijodiy chiqishlarini kuzatdi.

Mavzuga oid