MHL yulduzi Jonni Gordo vafot etdi. U va uning ukasini mashina bosib ketgan
Surishtiruv davomida 31 yoshli hokkeychi va uning 29 yoshli ukasini urib yuborgan transport vositasi haydovchisi mast holatda bo‘lgani aniqlangan.
Columbus Blue Jackets Milliy hokkey ligasi hujumchisi Jonni Gordo hamda uning ukasi Mettyu Gordo yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi, deb xabar beradi CNN.
Hodisa aka-uka Gordolar velosipedda kechki sayrga chiqqanida yuz bergan. Huquq-tartibot organlari ma’lumotlariga ko‘ra, Jeep Grand Cherokee markali transport vositasi velosipedchilarning orqasidan kelib urib yuborgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari erkaklar olgan tan jarohati oqibatida vafot etganini qayd qilgan.
Surishtiruv davomida hokkeychi va uning 29 yoshli ukasini urib yuborgan transport vositasi haydovchisi mast holatda bo‘lgani aniqlangan. Shu tufayli unga nisbatan baxtsiz YTH oqibatida o‘limga olib kelish va mast holda avtomobil boshqarish kabi jiddiy ayblovlar ilgari surilgan.
Jonni Gordo Milliy hokkey ligasining yorqin iqtidorlaridan biri sifatida e’tirof etilardi. 31 yoshli sportchi karerasi davomida MHLda 763 ta uchrashuv o‘tkazib, ajoyib natijani ko‘rsatgan — 743 ochko.
«Jonni Gordoning vafoti butun hokkey jamiyati uchun ulkan fojia. Uning iqtidori va o‘yinga bo‘lgan sadoqati muxlislar hamda hamkasblari xotirasida abadiy qoladi», — deyiladi xabarda.
Jonni Gordo Columbus Blue Jackets jamoasining eng yaxshi hujumchisiga aylangan edi. U yetti marotaba MHL yulduzlari ishtirokidagi o‘yinlarga tanlab olingan.
TheKnot sayti ma’lumotlariga ko‘ra, aka-uka Gordolar juma kuni Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan singlisining to‘yida ishtirok etishi kerak bo‘lgan.
Mavzuga oid
07:45
Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan YTHda haydovchi jarohatlandi
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
08:12 / 24.12.2024
Toshkentda uchta avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
19:07 / 18.12.2024