Samarqandda SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot olib borgan shaxs jinoiy jazoga tortildi
U pensiyaga chiqquncha O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida ishlagan. Erkak 2023 yil yanvar oyida Moskva shahriga borib, SSSRni qayta tuzmoqchi bo‘layotgan va buning uchun tarafdorlar yig‘ayotgan shaxslar bilan uchrashgan. So‘ngra ortga qaytib, O‘zbekistonda SSSRni qayta tiklash bilan bog‘liq targ‘ibot tadbirlarini faol ravishda olib borgan.
Samarqand shahrida yashovchi erkak O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, E.X. O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida faoliyat olib borib, 2011 yil nafaqaga chiqqan. U O‘zbekiston hududida SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari bilan faol tarzda shug‘ullanib kelgan.
Jumladan, Telegram’dagi “Uzbekskaya SSR/SSSR” guruhiga a’zo bo‘lib, u yerda o‘zi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSh yordamida o‘zboshimchalik bilan mustaqilligini e’lon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qo‘shilishlari” to‘g‘risidagi fikrlar keltirilgan materiallarni joylashtirgan.
2024 yil 6 mart kuni “Uzbekskaya SSR/SSSR” guruhi ko‘zdan kechirilganida E.X. tomonidan SSSRni qayta tiklash yuzasidan ko‘plab video va audio materiallar joylashtirilganligi aniqlangan. Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, E.X. tomonidan joylashtirilgan materiallarda O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirish, buzishga ochiqdan ochiq da’vat qiluvchi g‘oyalar mavjudligi keltirilgan.
Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida 2021 yil internet tarmog‘ida SSSR fuqarolarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida Rossiya fuqarosi Oleg Turishkinning ma’ruzasini eshitib qolganligini aytadi.
“Uning gaplariga ishonib, tez-tez eshitib yuradigan bo‘ldim. Telegram orqali Oleg Turishkin bilan o‘zaro suhbatlashdim ham. Suhbatimizda u “SSSR fuqaroligidan chiqish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganmisiz”, deya so‘radi. Yo‘q dedim. Shunda Oleg Turishkin “Siz haqingizdagi ma’lumotlar bizda bor” deya meni “Gos.reyestr SSSR” nomli guruhga qo‘shib qo‘ydi. Oradan ozroq vaqt o‘tib Oleg Turishkin menga “SSSR fuqarosi” haqidagi guvohnomani pochta orqali jo‘natib yubordi.
2022 yil YouTube’da “Prosvesheniya” nomli guruhga a’zo bo‘ldim. U yerda guruh a’zolari bilan SSSRni qayta tuzish bo‘yicha va SSSR davridagi turli munozarali, tarixiy voqealar to‘g‘risida gaplashib turdim. Jarayonda Aleksey Ivanovich ismli bloger bilan tanishdim”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Ushbu tanishuvdan so‘ng E.X. Aleksey Ivanovichning taklifiga ko‘ra 2023 yil 3 yanvar kuni samolyotda Samarqanddan Moskvaga borgan. 4 yanvar kuni Moskva shahri Tsaritsina shaharchasidagi restoranlardan birida Aleksey Ivanovich orqali tanishgan kishilar – “Generalnyy TsK VKPb”ning sekretari SHCHipkov Yuriy Alekseyevich va uning yordamchisi bilan ko‘rishib, gaplashgan. Ular SSSRni qayta tuzmoqchiligini, buning uchun tarafdorlar yig‘ayotganligini, ushbu davlat hali qonunan tarqalmaganligini, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15 davlatni qonuniy yo‘llar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytgan.
“Ular menga bu ishlarni O‘zbekistonda oshkora qilib bo‘lmasligini, agarda davlat organlari bilib qolsa chora ko‘rishini, yashirincha tarafdorlar yig‘ish kerakligini uqtirishdi. Keyin ular meni Samarqand viloyati bo‘yicha “VKPb” sekretari etib tayinlashdi hamda Telegram’da chat orqali gaplashib turishlarini aytishdi”, deya ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.
E.X.ga ko‘ra, u shundan so‘ng 2023 yil 10 yanvar kuni yashash manziliga qaytib kelgan. 2023 yil 5 mart kuni SHCHipkov Yuriyning partiyasi a’zosi bo‘lgan Aleksandr Yur’yevich ismli kishi tomonidan Telegram’dagi “Uzbekskaya SSR/SSSR” guruhiga qo‘shilgan. U guruhga SSSR to‘g‘risidagi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan video va matnlarni tashlab turgan.
Sud hukmi bilan E.X. Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismida (O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, E.X.ga nazorat qiluvchi organ roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Samarqand viloyati hududini tark etmaslik, aloqa vositalari va internetdan foydalanmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar yuklatilgan.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024