O‘zbekiston | 21:31 / 06.09.2024
2837
6 daqiqa o‘qiladi

6 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Surxondaryoda yo‘q qilinishi mo‘ljallangan daraxtlar, uch viloyat o‘rtasida yer almashinuvi, uzum eksporti reytingida pastlash va davlat budjetiga soliq tushumlarini keskin qisqartirgan gazchilar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Qariyb 10 ming daraxt kesiladimi?

Surxondaryo viloyatida Denov tumanining Chim mahallasidan boshlanib Oltinsoy tumanining Shakarqamish mahallasigacha bo‘lgan yo‘ldagi barcha daraxtlarga qizil rangda maxsus belgilar chizib chiqilgan.

Ekologiya vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2024 yilning 2 iyul kunida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan vazirlikka “4R105 “Darband-Boysun-Elbayon” va 4R100 “Manguzar-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘llarining ba’zi qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan 9405 tup daraxtni ko‘chirib o‘tkazishga doir tegishli ko‘rsatma so‘ralgan xat yo‘llangan.

Vazirlik bunga javoban O‘zbekiston Prezidentining 2021 yildagi 46-son Farmoniga muvofiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilingani hamda o‘simlik va hayvonot olami dunyosi obektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish belgilanganini eslatgan.

Ushbu hududdagi daraxtlarning ko‘p yillik yoshi va hajmidan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi daraxtlarni ko‘chirishga rad javobini bergan.

Mavzuga oid yana bir xabar. Samarqand viloyati Paxtachi tumanida ko‘chada o‘sib turgan terakni kesgan fuqaro BHMning 25 barobari — 9 mln 375 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Shuningdek, fuqaroga o‘simlik dunyosiga yetkazgan zarari uchun 680 ming so‘m jarima ham hisoblangan.

Uchta viloyat chegarasi o‘zgartiriladi

Sirdaryo viloyatidan 310 va Namangan viloyatidan 38,8 gektar yer maydonlari Toshkent viloyati hududiga o‘tkaziladi. Toshkent viloyatidan esa ushbu ikki viloyatga 370 gektardan ortiq yer beriladi.

Bu viloyatlararo chegara chiziqlarini bir chiziqqa keltirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyatining Sirdaryo va Namangan viloyatlari bilan chegara hududlariga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan taklif etilgan qaror loyihasi taqdimotida ma’lum qilingan.

Qaror loyihasi mahalliy kengash deputatlari tomonidan ma’qullangan.

O‘zbekiston uzum eksportchilari reytingida pastladi

EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston uzum eksporti bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinda turgan bo‘lsa, 2023 yilda birdaniga 11 o‘rinni yo‘qotib, 20-o‘rinni zo‘rg‘a egalladi

Eksport hajmi bir yilda 8 barobarga kamaygan, bunga haqiqiy uzum falokati — g‘ayritabiiy sovuqlar tufayli katta maydonlarda uzumzorlarning nobud bo‘lishi sabab bo‘lgan.

Uzumzorlarning yo‘qotilishi meva-sabzavot sanoati uchun og‘ir zarba bo‘ldi, chunki uzum mamlakatning asosiy eksporti va O‘zbekistondagi ko‘plab kichik fermerlar uchun eng muhim daromad manbai edi. 

Yo‘qotishlar nafaqat yangi meva eksportiga, balki quritilgan mevalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Chunki mayiz ham mamlakat qishloq xo‘jaligining asosiy eksport mahsulotlaridan biridir. Yangi uzum navlari murakkab logistika tufayli asosan qo‘shni mamlakatlarga sotilayotgan bo‘lsa, mayiz eksporti chinakam diversifikatsiya qilingan. 

Vaziyat shu qadar og‘irlashdiki, O‘zbekiston hatto uzumni chetdan keltirdi. Biroq uzumzorlar juda tez tiklanishga muvaffaq bo‘lganga o‘xshaydi, chunki bu mavsumda uzumning asosiy navlari va turlarining ko‘pchiligi uchun narxlar allaqachon normal darajaga qaytgan.

Gazchilar soliq tushumlarini kamaytirgan

Joriy yilning birinchi yarmida bilvosita soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga kamaygan. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, bunga gaz ishlab chiqarishning pasayishi va import qilishning ortishi sabab bo‘lgan.

Mirzayevga ko‘ra, O‘zbekiston har 1000 metr kub gazni Rossiyadan 160 dollardan import qilyapti. Shuning hisobiga 1,3 trln so‘m aksiz solig‘i olinmagan.

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida 5,2 mlrd metr kub gaz sotib olingan. Aholi va korxona tashkilotlariga gazning ming metr kubi 480 ming so‘mdan to 1,5 mln so‘mgacha sotilyapti. Natijada, har 1000 metr kubga 60 so‘mdan qaytarib berilmoqda.

UzGasTrade kompaniyasiga esa 1 trln so‘m QQS to‘lovi qaytarib berilgan. O‘z navbatida, ichki gaz qazib olishning kamayishi hisobiga ham aksiz solig‘i tushumlari 104 mlrd so‘mga qisqargan.

Ikkinchisi, olti oyda 13,7 mlrd metr kub gaz ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 mlrd metr kub kam. Shuning hisobiga 104 mlrd so‘mlik aksiz soliqlari kam tushgan.

Avvalroq “Uzbekistan GTL” MChJ yilning birinchi yarmida 112 mlrd so‘m soliq to‘lagani, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga kamligi xabar qilingan edi. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bu eksport hajmi oshgani bilan bog‘liq. Ikkinchi chorakda 2,7 trln so‘m daromad ko‘rgan kompaniya shu davrda 1,8 trln so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Mavzuga oid