Jahon | 13:46 / 06.09.2024
6956
11 daqiqa o‘qiladi

Jyenindagi vayrongarchiliklar, muzokara haqida gap ochgan Putin va aloqaga chiqqan Durov - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

G‘azodagi qonga to‘ymayotgan Isroil G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrini ham vayronalarga aylantirmoqda.

2002 yildan buyon eng yirigi deb atalayotgan harbiy operatsiyasi davomida Isroil armiyasi Jyenin shahrini yo‘q qilishga kirishganga o‘xshayapti.

Asosiy yo‘llar buzib tashlangan. Shahar infratuzilmasining 70 foizi vayronaga aylantirilgan, qarshilik qilgan o‘nlab falastinliklar o‘ldirilgan, minglab odamlar boshpanasiz qolgan.

Jyenin meri bosqinchilikning birinchi haftasida yetkazilgan zararni 135,2 mln dollarga baholagan va vayrongarchiliklarni «zilzila»ga qiyoslagan.

Isroilning zirhli tank qo‘shinlari aviatsiya qo‘llovida o‘z hujumlarini davom ettirmoqda va shaharga tiklanish imkoniyatini qoldirmayapti.

Yaqin-yaqingacha gavjum shahar bo‘lgan Jyenin endi xaos, qon va chang-to‘zonga burkangan bir shaharga aylanib qoldi.

G‘arbiy sohilda Isroil armiyasining Tubas shahrida yurib borayotgan mashinaga zarba berishi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi.

Isroil armiyasi G‘azoda ham xunrezliklarni davom ettirmoqda. Yahudiylar G‘azo sektorining markaziy qismida joylashgan Dayr-ul-Balah shahridagi «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasi hududidagi majburan ko‘chirilgan falastinliklarning chodirlariga hujum uyushtirgan. Kamida 4 kishi halok bo‘lgani, ko‘plab insonlar yaralangani xabar qilinmoqda.

G‘azoda genotsidning 335-kuniga kelib o‘ldirilganlar soni 40 ming 878 kishiga yetdi. Yaradorlar esa 94 ming 454 nafar. So‘nggi sutka ichida 17 kishi qurbon bo‘ldi, 56 kishi yaralandi.

Isroildagi vaziyat

Toki Netanyahu hukumati mavjud bo‘lib turar ekan, urush davom etaveradi, degan Isroilning muxolifatdagi «Yyesh Atid» partiyasi yetakchisi Yair Lapid o‘z partiyasi a’zolariga.

«Netanyahu Filadelfiya yo‘lagi haqida shu qadar ko‘p gapirdiki, garchi u uch martoaba takrorlagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik yana bir narsani e’tibordan qochirdi. U «urush tugamasligi kerak», deb qayta-qayta takrorladi», — degan Lapid.

«Netanyahu va uning vazirlar mahkamasi gapirayotgan gaplar biz 1978-2000 yillardagi Livan urushining yangi versiyasida ekanimizni ko‘rsatadi. Bizga Livanni tark etishimiz uchun 18 yil kerak bo‘ldi, endi esa ular bizga xuddi shu narsani taklif etmoqda: yillarga cho‘ziladigan urush, yillab davom etadigan iqtisodiy tanazzul, yillarga cho‘ziladigan vayrongarchiliklar, qo‘rquv va zulm. Bizga hukumat taklif etayotgan narsa shu: davomli va tuganmas urush. Oxiri yo‘q va bo‘lmaydigan abadiy urush», — degan Yaar Lapid.

«Urushning tugashi Isroil manfaatlariga javob beradi, biz iqtisodiy va siyosiy tomondan yutamiz», — deya davom etgan u. «Bizning oldimizda katta vazifalar turibdi. Saudiya Arabistoni va AQSh bilan birga Eron tahdidiga qarshi mintaqaviy koalitsiya yaratish. Iqtisodiyotni toki u tubga qulamasdan kerakli irmoqqa burish kerak. Armiyani esa biz duch keladigan haqiqiy tahdidgacha tiklashga ulgurishimiz kerak», — degan Lapid.

Isroil muxolifati yetakchisi siyosat, iqtisodiyot va diplomatiya masalalarida mamlakat hukumatining no‘noqligiga ishora qilgan: «Hozirgi hukumat bu ishlarni eplay olmayapti. Mana, ularga urush nima uchun kerak. Chunki urush ularni haqiqiy chaqiruvlarga qarshi kurashish zaruriyatidan xalos etadi. Hukumatni almashtirib, urushni yakunlash fursati yetdi».

Yair Lapid Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar ben Gvirni terror tarafdori deb ham atagan.

«Men terror tarafdorlarining qo‘lini ham siqmayman», — degan Lapid.

Putin muzokara haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat 2022 yilda Ukraina bilan Istanbul bitimi asosida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu kelishuvlar avvaliga Ukraina tomonini ham qanoatlantirgan, biroq mamlakat hukumati G‘arb ko‘rsatmasi sabab loyihadan voz kechishga qaror qilgan.

«Biz ular bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyormizmi? Biz bundan hech qachon bosh tortmaganmiz. Ammo qandaydir vaqtinchalik talablar emas, balki Istanbulda kelishilgan hujjatlar asosida muzokara o‘tkazilishi kerak», — deydi Rossiya prezidenti Vladivostokda o‘tkazilgan Sharqiy iqtisodiy forum yalpi majlisida.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil mart oyida tashkil etilgan Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari «tinchlik bitimining deyarli barcha parametrlarini» kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan.

«Ha, hali ba’zi narsalar qayta boyitilishi kerak edi, lekin umuman olganda unda viza turibdi, bu axir hujjat-ku. Keyin (Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris) Jonson keldi, Britaniya hukumati buni tasdiqlaydi va ukrainlarga oxiriga qadar jang qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bugun Rossiyaning strategik mag‘lubiyatiga erishish maqsadida shu narsalar sodir bo‘lmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Istanbul kelishuvlari Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish va yadroviy qurol yaratishdan bosh tortishini o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, Kiyev «NATOning beshinchi moddasiga o‘xshash» xalqaro xavfsizlik kafolatlarini olishni maqsad qilgandi. Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar 2022 yilning may oyida to‘xtab qolgan.

Qirg‘izistondagi ogohlantirish

Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakat fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga kelishdan tiyilib turish to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qildi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, Rossiya hududida davlat chegarasida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari amal qilishda davom etmoqda.

Shu munosabat bilan Rossiyaga kelish uchun jo‘yali sabablari bo‘lmagan fuqarolardan toki cheklovlar olib tashlanmagunga qadar Rossiyaga safardan vaqtinchalik tiyilib turish tavsiya etildi.

Avvalroq Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi rahbari o‘rinbosari Edil Baysalov Rossiya Davlat dumasiga kiritilgan qonun loyihasi haqida ham o‘z fikrini bildirgan edi. Rossiyada bir qator deputatlar migrantlarga maktab va maktabgacha ta’lim, meditsina va farmatsevtika sohalarida, shuningdek, yo‘lovchi tashish, kurer yetkazib berish va o‘rtachadan yuqori daromad keltirishi mumkin bo‘lgan va Rossiya fuqarolarining o‘zlariga ham kerakli bo‘lgan boshqa kasblar bilan shug‘ullanishni taqiqlashni taklif qilishgan.

«Biz Rossiya davlat dumasida muhokama qilinayotgan o‘zgarishlar Qirg‘iz Respublikasi fuqarolariga taalluqli bo‘lmaydi, deb umid qilamiz. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining asosiy prinsiplariga ko‘ra, bizning fuqarolarimiz mehnat bozoriga kirish uchun erkin va teng huquqli hisoblanadi», — deb yozgan Baysalov X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Agar bizning fuqarolarimiz uchinchi davlatlardan kelgan migrantlarga tenglashtirilsa, bizning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi ishtirokimiz ma’niga egaligini asoslashimiz qiyin bo‘ladi», — degan Baysalov.

«Tolibon» kechirildimi?

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakat hududida sudlar tomonidan faoliyati taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatini e’lon qildi. Hujjatda keltirilgan 20 ta tashkilot orasida «Tolibon» yo‘q.

Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentabrdagi qarori bilan «Tolibon» Qirg‘izistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingan edi.

«Afg‘onistonda yuz bergan so‘nggi o‘zgarishlar sabab balki «Tolibon» ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lishi mumkin», — deydi Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari o‘rinbosari Azamat Yusupov.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi raisi boshqa bir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonda ham «Tolibon» terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, KXShT davlatlari ham ushbu masalani muhokama qilmoqda.

Qirg‘iziston sudlari tomonidan taqiqlangan tashkilotlar qatorida «Al-Qoida», Sharqiy Turkiston islom harakati, Kurd xalq kongressi, «Hizbut-Tahrir» harakati ham bor.

Durov aloqaga chiqdi

Parijda qariyb uy qamog‘iga hukm qilingan Telegram asoschisi Pavel Durov hibsdan so‘ng messenjeridagi o‘z kanalida ilk bayonotini bergan.

Uning ma’lum qilishicha, avgust oyining oxirida u Parijga kelgach, politsiya uni ushlab 4 kun davomida so‘roq qilgan. Telegram messenjeri asoschisi bundan taajjublanganini bildirgan, chunki kompaniyaning Yevropa Ittifoqida allaqachon barcha so‘rovlarga javob beruvchi rasmiy vakili bor.

Bundan tashqari, Fransiya fuqarosi hisoblanuvchi Durov Birlashgan Arab Amirliklaridagi Fransiya elchixonasiga tez-tez borib turganini, biroq shu vaqgacha fransuz hokimiyati bu borada unga savollar bermaganini ta’kidlab o‘tgan.

Durov Telegram ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini, biroq o‘z prinsiplaridan voz kechmasligini ham bildirib o‘tgan.

U misollar keltirgan. Rossiya kuzatuv olib borish uchun messenjerdan «shifrlash kalitlari»ni talab qilgan, biroq bu talab rad etilgach Rossiyada messejyer vaqtinchalik bloklab qo‘yilgan; Eron namoyishchilarning kanallarini bloklashni talab qilgan, bu talab ham rad etilgach, Eronda Telegram taqiqlangan.

Messenjer asoschisi Telegram «anarxiya jannati» ekani to‘g‘risidagi ta’kidlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ham aytib o‘tgan.

U har kuni millionlab zararli postlar va kanallar o‘chirilayotganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Telegramʼda shaffoflik bo‘yicha kunlik hisobot yuritilishi, moderatsiya bo‘yicha tezkor so‘rovlarni qayta ishlash bo‘yicha nohukumat tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qaynoq liniyalar o‘rnatilganini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid