AQSh Ukrainaga yangi yordam paketi ajratilganini e’lon qildi
Kiyevga navbatdagi Amerika yordam paketining qiymati 250 million dollarga baholanmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga 250 million dollar miqdorida navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda 6 sentabr, juma kuni Pentagon saytida ma’lum qilindi.
Xususan, Kiyev Vashingtondan Stinger raketalari, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, 155 mm va 105 mm artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi Javelin va AT-4 tizimlari, Bradley piyoda jangovar mashinalari, M113 zirhli transport vositalari, patrul qayiqlari va boshqa narsalar oladi.
Zelenskiy Ramshtaynda ittifoqchilar bilan uchrashishi fonida yordam ajratilyapti
6 sentabr, juma kuni AQShning Ramshtayndagi harbiy bazasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbirda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham qatnashdi.
Uchrashuvdan so‘ng Pistorius Berlin Kiyevga qiymati 150 million yevro bo‘lgan yana 12 ta PzH 2000 o‘ziyurar gaubitsa yetkazib berishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga Amerika yordamining navbatdagi paketi ajratilishini bildirdi.