Jahon | 13:51 / 07.09.2024
5428
10 daqiqa o‘qiladi

Falastinda halok bo‘lgan AQSh fuqarosi, Ukrainaga navbatdagi yordam va Aliyev Janubiy Kavkazdagi sulh haqida - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroil hujumlaridan yana 8 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lishdi. Isroil harbiy havo kuchlari o‘zi amal qilgan G‘azo sektorining shimolidagi ikkita turar joyga zarba bergan.

Baptistlarning «Al-Ahliy» shifoxonasidagi manbalarning xabar berishicha, Zaytun mavzesidagi Roziylar oilasiga aviabombalar yog‘dirilgan. «Kasalxonaga olti insonning jasadi keltirilgan», degan manbalar.

Shuningdek, G‘azo shahridagi Tal-ul-Havvo kvartalidagi uyga hujum natijasida falastinlik ayol yosh qizalog‘i bilan birga halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi al-Mag‘aziy qochqinlar lageriga ham hujum uyushtirgan. G‘azoning markaziy qismida joylashgan lagerga hujum natijasida halok bo‘lganlar va yaradorlar bor. Yosh bolalar jabr ko‘rgan. Halok bo‘lganlarning jasadlari Dayr-ul-Balahdagi «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasiga ko‘mish uchun olib kelingan.

G‘azo sektorida bolalarda teri kasalliklari ko‘paymoqda. Bunga sabab qilib suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimining 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasi tomonidan muttasil vayron qilib kelayotganidir. Insonlarning majburan bir joyda to‘planishi, chiqindi va ichimlik suv bilan bog‘liq muammolar ayniqsa bolalar orasida turli teri kasalliklari tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

G‘arbiy sohildagi vaziyat

G‘azo okkupatsiyasi bilan cheklanmagan Isroil okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohilda ham zulmni boshladi. Yahudiylar G‘azoga bostirib kirish fonida O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida istiqomat qilayotgan falastinliklarni ham o‘z yerlaridan siqib chiqarish maqsadida qochqinlar lagerlariga hujum uyushtirmoqda.

Isroilning bu xatti-harakatlari aholi o‘rtasida e’tirozlar keltirib chiqarmoqda, norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. G‘arbiy sohildagi ana shunday namoyishlardan birida ishtirok etayotgan kelib chiqishi turkiyalik bo‘lgan AQSh fuqarosi Oyshanur Ezgi Isroil askarlari tomonidan otib o‘ldirildi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, Isroil askarlari Noblus tumanidan janubda Subayh tog‘idagi Bayt shaharchasida yahudiy manzilgohlari qurilishiga qarshi chiqayotgan namoyishchilarga qarata jangovar patronlar bilan o‘t ochgan.

Turki prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Oyshanur Ezgining o‘limiga o‘z munosabatini bildirgan.

«Men okkupatsiyaga qarshi fuqarolarning norozilik namoyishiga Isroilning yovvoyilarcha aralashuvini qoralayman va hujum natijasida halok bo‘lgan fuqaromiz Oyshanur Ezgini Alloh o‘z rahmatiga olishini tilayman.

Turkiya sifatida biz barcha platformalarda 41 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bu okkupatsiya va genotsid siyosatiga chek qo‘yish, Isroilning insoniyat oldidagi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishga yo‘g‘rilgan sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz», degan Erdo‘g‘an.

BMT ham Turkiya-AQSh fuqarosi Oyshanur Ezgining o‘ldirilishi yaxshilab tergov qilinishi lozimligini talab qildi.

«Biz Amerika fuqarosi Oyshanur Ezgining O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida fojiali halok bo‘lganidan tashvishdamiz va uning oila a’zolariga hamdardmiz», — deyiladi Oq uy bayonotida.

AQSh prezidenti ma’muriyati Isroilga voqeani surishtirish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar berishni so‘rab murojaat qilgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil okkupatsion armiyasi tomonidan Amerika fuqarosi o‘ldirilganiga javoban «G‘arbiy sohilda AQSh fuqarosining ehtimolli o‘ldirilishiga qarshi ko‘riladigan har qanday choralar voqea to‘liq surishtirib bo‘linganidan so‘ng ko‘rib chiqilishi»ni ta’kidlagan.

O‘tgan haftada G‘azoda garovda ushlab turilgan AQSh-Isroil fuqarosi halok bo‘lgani ma’lum bo‘lganida Amerika va dunyo OAVlarida katta shovqin ko‘tarilgan edi. Endi Isroil armiyasi AQSh fuqarosini o‘ldirdi. Yana shunday reaksiya bildirilarmikan?

Ukrainaga yordam

Ukraina prezidenti ishtirok etgan Ramshtayn kontakt guruhi yig‘ilishidan so‘ng AQSh 250 mln dollarlik qo‘shimcha harbiy yordam paketi taqdim etishi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Kanada 5 yilga 389 mln dollarlik yordam beradi. Buyuk Britaniya 162 mln funt-sterling, Niderlandiya 80 mln yevro, Shvetsiya 5 mln yevro ajratadi.

Yevropa Ittifoqi esa humanitar loyihalar uchun zudlik bilan 40 mln yevro ajratadi.

«Rossiya Ukraina znergetika infratuzilmasiga hujum qilishdan charchamayapti. Yaqinda kunlar soviy boshlaydi, shuning uchun biz ukrainaliklarga humanitar yordamni kuchaytiramiz. Biz 40 mln yevro mablag‘ni ta’mirlash ishlari, turar joylarning elektr va issiqlik ta’minoti uchun ajratamiz», — deb yozgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen X ijtimoiy tarmog‘ida.

Niderlandiya va Ispaniya ham Ukrainaga yangi harbiy yordam haqida e’lon qilishdi. Niderlandiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Kiyev jumladan F-16 samolyotlariga xizmat ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlar va materiallar, generatorlar, “havo-havo” tipidagi raketalar, transport vositalarini qabul qilib oladi. Paketning qiymati 80 mln yevro deb baholanmoqda. Ispaniya esa 6 ta uchirish qurilmasiga ega HAWK zenit raketa majmuasini beradigan bo‘ldi.

Rossiyada yana migrantlar masalasi

Rossiyada mehnat migratsiyasi qisqarishi bilan bog‘liq yirik korporatsiyalarda muammolar kuzatila boshlanganiga qaramasdan hukumatida mehnat migrantlari oqimlarini cheklashga qaratilgan tashabbuslar muhokamasi davom etmoqda.

Masalan, sobiq prezident, endilikda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev yaqinda muhokama qilingan, mehnat migrantlariga oilalarini Rossiyaga olib kelishni taqiqlash taklifi yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etgan.

«Inson bizda mavsumiy ishchi bo‘lib ishlash uchun kelayotgan ekan, nega u o‘z oilasini ham yetaklab kelishi kerak?» — degan Medvedev.

Dmitriy Medvedev shuningdek migrantlarning bolalarini rus tilini o‘rganishga «sekin-asta majburlash» va til o‘rganmaganlarni «maktablarga qo‘ymaslik»ka chaqirgan.

Avgust oyi oxirlarida Rossiya liberal demokratik partiyasi deputatlari migrantlarga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Ular bu tashabbusni xorijliklar o‘z ona tillarida gaplashishi va mahalliy ruslarga bepisand munosabatda bo‘layotgani bilan tushuntirishgan.

Mehnat migratsiyasi oqimini qiyinlashtirishga qaratilgan tashabbuslar Rossiya mehnat bozorida tanqislik vujudga kelayotgan bir chog‘da yangrayotgani hayratlanarli: chunki kundan kunga yanada ko‘proq kompaniyalar mahsulot ishlab chiqarish va narxlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan kadrlar yetishmovchiligi haqida bong urib kelishmoqda.

Masalan, Rossiyada eng mashhur taksi servisi bo‘lgan «Yandeks taksi» 130 ming ishchi yetishmayotgani tufayli narxlarni «bir necha o‘n foizga» oshirishga majburligini aytgan. Shuningdek, «Magnit» do‘konlar tarmog‘i kuriyerlar yetishmayotganidan shikoyat qilgan. Migrantlarga qarshi reydlar oqibati o‘laroq, «Pyatyorochka» va «Perekryostok» oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ida mahsulot saralovchilar yetishmovchiligi tufayli bir necha kunlab non, un, yormalar, shakar va ichimlik suv peshtaxtalarga chiqmay qolgan.

Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina ham muammoni tan olgan va «migratsiya oqimlari» bilan bog‘liq ishchi kuchlarining yetishmovchiligi iqtisodiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

«Mehnat bozorida tanqislik ortib bormoqda. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, korxonalarning 72 foizi o‘z oldidagi asosiy muammo sifatida ishchi kuchlarining yetishmovchiligini ko‘rsatgan. Bu muhim ko‘rsatkich. Migratsiya oqimlari, albatta, mehnat bozoridagi taranglikka o‘z ta’sirini ko‘rsatadi», — degan Nabiullina.

Kavkazortida sulh yaqin

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Chernobbio xalqaro forumida Armaniston bilan muzokaralarda juz’iy muvaffaqiyatlarga erishilganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sulh shartnomasi matnining 80 foizi allaqachon ikki tomondan tasdiqlanib bo‘lgan.

«Biz Janubiy Kavkazda tinchlikka erishishimiz mumkin. Bunga Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida o‘tayotgan sulh muzokaralari davomida erishishimiz imkoni ekanini ko‘rib turibmiz», — degan Aliyev.

Ozarboyjon prezidenti chegaralarni delimitatsiya qilish jarayonini boshlash juda muhim ekanini takidlagan. «Ha, bu dastlabki kichik qadam bo‘lardi, chunki Armaniston bilan ming kilometrlik umumiy chegaradan faqat 13 kilometri kelishilgan. Biroq bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadamdir», — degan Ozarboyjon yetakchisi.

Aliyev mojaroning uzoq tarixini yodga oldi va uni hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar, jumladan BMT Xavfsizlik kengashining to‘rtta rezolyutsiyasi natija bermaganini eslatib o‘tdi.

Mavzuga oid