G‘azoda lagerlarga hujum, Iordaniya chegarasidagi otishma va yahudiylar qo‘llovidan umid qilayotgan Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azodagi navbatdagi zarbasi natijasida bir oilaning 4 a’zosi qurbon bo‘ldi. Sektorning shimolidagi Jabaliya qochqinlar lagerida falastinlik oilaning to‘rt nafar a’zosi halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda WAFA axborot agentligi.
Xabarga ko‘ra, qochqinlar lageridagi Al-Alamiy tumani hududiga raketa zarbasi berilgan. O‘ldirilganlarning jasadi Kamol Advan shifoxonasiga keltirilgan.
Isroil harbiylari G‘azoning markaziy qismidagi Nusayrat qochqinlar lagerining shimoliy qismlariga ham artilleriya zarbalari bergan.
Shuningdek, Isroil armiyasi aviatsiyasi Xon Yunus shahrining janubiy sharqiy qismidagi Al-Manara mavzesidagi uylarga ikkita zarba bergan.
Umuman olganda, Isroilning 7 oktyabrdan buyon G‘azoga bergan zarbalari miqyosi jihatdan Ikkinchi jahon urushidan ham o‘tgan.
Ikkinchi jahon urushida atom bombasidan jabrlangan Hiroshimada jami 15 ming tonna portlovchi modda, Lodonga natsistlarning hujumida 20 ming tonna bomba ishlatilgan bo‘lsa, G‘azoda bu ko‘rsatkich 85 ming tonnadan oshgan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon qamal qilingan G‘azoda Isroil hujumlari tufayli to‘xtash bilmayotgan xunrezlik qurbonlari soni 40 ming 972 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 94 ming 761 kishini tashkil etmoqda.
So‘nggi sutka ichida Isroil armiyasi uchta ommaviy qirg‘in aktini uyushtirgan va unda 33 kishi halok bo‘lgan va 145 kishi turli darajada yaralangan.
Isroildagi namoyishlar
Isroilda tarixdagi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar G‘azo sektorida sulh bitimini tuzish va HAMAS asirligida qolgan isroilliklarni ozod qilishga erishishni talab qilishdi.
Namoyishlarni uyushtirgan «Garovga olingan oilalar forumi» hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘chalarga 500 mingga yaqin odam chiqqan. Ular buni Tel-Aviv tarixidagi eng yirik miting deb atashmoqda. Yana 250 ming kishi mamlakatning boshqa shaharlarida ko‘chalarga chiqqan.
Namoyishda 31 avgust kuni G‘azo sektorida jasadi topilgan isroilliklarning yaqinlari ham ishtirok etgan. Garovga olinganlarning oila a’zolari har shanba kuni norozilik namoyishini o‘tkazmoqda. Bu safar, namoyish birinchi marta hukumatga qarshi namoyishlar bilan rasman birlashtirilgan.
Namoyishchilar Isroil xavfsizlik vaziri Itamar ben Gvirni alohida qoralab chiqishdi. Sud oldida uning fotosuratlariga qum sepilgan. Bu aksiya plyajlardan birida namoyishchilardan biri unga qarata ho‘l qum otganidan so‘ng ommalashgan.
Isroilga hujum paytida HAMAS 251 kishini garovga olgan. 2023 yil noyabr oyida garovdagi 105 kishi ozod qilingan edi. Yana 8 nafari Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi amaliyotlari chog‘ida qo‘yib yuborilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS asirligida 101 isroillik qolmoqda. Ulardan 66 nafari hanuz tirik ekani taxmin qilinmoqda.
Iordaniya chegarasidagi otishma
Iordaniya va G‘arbiy Sohil chegarasidagi otishmada isroilliklar halok bo‘ldi. Bu mintaqadagi keskinlikni kuchaytirgan 7 oktyabr hodisalaridan beri Iordaniya chegarasida yuz bergan birinchi qurolli mojarodir.
Isroil mudofaa kuchlari Allenbi ko‘prigidagi otishmada uch nafar isroillik fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi. Hujum qilgan shaxs yuk mashinasida Iordaniya tomondan kelgan, so‘ngra chegarada turgan yahudiy askarlariga qarata o‘t ochgan.
Xavfsizlik kuchlari o‘t ochgan shaxsni o‘ldirgan.
Iordaniya rasmiylari chegarani yopganini va holat yuzasidan surishtiruv boshlanganini e’lon qildi. Isroil hukumati ham Iordaniya bilan chegarani yopgan.
Ushbu ko‘prik Ammon va Quddus o‘rtasida joylashgan bo‘lib, G‘arbiy Sohil va Iordaniya o‘rtasidagi yagona rasmiy chegara o‘tish joyidir. U orqali Isroil hududidan o‘tmasdan G‘arbiy Sohilga kirishi mumkin. Nazorat punktida Isroil xavfsizlik kuchlari bilan birga xususiy qo‘riqchilar ishlaydi.
Eron va Rossiya o‘rtasida ola mushuk?
Eron Rossiyaning Ozarboyjonni Naxichivon muxtor Respublikasi bilan Armaniston hududi orqali bog‘lovchi Zangizur yo‘lagini qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiyani tanqid qildi. Eron tashqi ishlar vaziri Said Abbos Aroqchi ogohlantiruvchi chiqish qildi.
«Shimol, janub, sharq yoki g‘arbdagi qo‘shnilarimizning hududiy yaxlitligi va chegaralarining qayta ko‘rib chiqilishi Eron uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmas qizil chiziqdir», — deb yozgan Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya elchisi Aleksey Dedov Rossiya pozitsiyasidan norozilik bildirish uchun chaqirilgandi. Tehronning fikricha, bunday yo‘lning yaratilishi mamlakatning izolyatsiyalanishi va Eronning Yevropa va boshqa davlatlar chiqishini cheklab qo‘yadi.
«Rossiya davlat arboblarining xatti-harakati qabul qilib bo‘lmas va ularning Eron bilan do‘stlik haqidagi bayonotlariga ziddir. Bu tushunmovchiliklar yechilishi kerak», — degan Eron Maqsadga muvofiqlik kengashi kotibi, general Muhsin Rizoiy.
Eron parlamenti — Majlis deputat Ahmad Nodiriy hukumatni Rossiyaga nisbatan juda yumshoq munosabatda aybladi: «Ruslarning Eron manfaatlariga zid avvalgi harakatlariga nisbatan adekvat javob berilmagani ularni ikki karra kibrli qilib qo‘ydi. Ularga tushuntirib qo‘yish kerakki, strategik hamkorlik Eronning o‘z milliy manfaatlaridan voz kechishini anglatmaydi», — degan Nodiriy.
Ukrainaning Eronga tahdidi
Eron parlamenti vakili Rossiyaga raketalar yetkazib berilganini tan oldi.
Parlament Milliy xavfsizlik komissiyasi a’zosi Ahmad Baxshoish Ardistoniy «Didban Iran» nashriga bergan intervyusida o‘z mamlakati Rossiyaga nafaqat dron, balki raketalar ham yetkazib berganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalarni chetlab o‘tish va xorijiy valutani jalb qilish uchun Eron «raketa va dron sotuvchisi» bo‘lishi kerak.
«Hizbulloh, Hamas, Hashd ash-Shaabiyga (Iroq) raketa beryapmiz, nega endi Rossiyaga bermasligimiz kerak?», degan u.
Bundan tashqari, Ardistoniy ushbu qurollarni Rossiyaga sotish orqali Eron bug‘doy va soya olayotganini ta’kidladi.
Ukraina Eronga Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berganlik ehtimoli yuzasidan murojaat qilgan. Kiyev Tehronni ikki tomonlama munosabatlar uchun «vayronkor oqibatlar» bilan ogohlantirgan.
«Biz Eron rahbariyatini BMT Nizomiga ko‘ra agressor-davlat deb tan olingan Rossiyaga har qanday qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berishdan tiyilishga chaqiramiz», — deyiladi Ukraina tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Ikki yarim yildan buyon Ukraina Rossiyaning jumladan Eronda ishlab chiqarilgan pilotsiz parvoz qurilmalaridan foydalanib uyushtirilayotgan havo hujumlaridan aziyat chekmoqda.
«Biz xalqaro hamjamiyatni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun Tehron va Moskvaga bosimni kuchaytirishga chaqiramiz», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Yahudiylardan madad kutayotgan Tramp
Yahudiy donorlar oldida chiqish qilgan respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp agar demokratlar g‘alaba qozonsa Isroil yo‘q qilinishi, agar o‘zi yutadigan bo‘lsa Isroil yana ming yil yashashini va’da qilmoqda.
«Men sizlar bilan Isroil yana ming yashashiga ishonch hosil qilish uchun ishlamoqchiman», — deya va’da bergan Tramp.
«Agar Kamala Harris prezident bo‘ladigan bo‘lsa Isroil degan davlat butunlay barham topadi», degan Tramp.
Tramp amerikalik yahudiylar jamoasi respublikachilarni yetarli tarzda qo‘llab-quvvatlamayotganidan taajjubda ekanini navbatdagi marta ta’kidlagan.
«Men ularni qanday qilib qo‘llash mumkinligini tushunmayman. Agar siz demokratlarni qo‘llaydigan yahudiy bo‘lsangiz, boshingizni tekshirtirib ko‘ring», — degan Tramp o‘zini amerikalik yahudiylarning faqat chorak qismi qo‘llayotganini tan olib.
Bunga javoban Harris jamoasi Trampni natsistlar va antisemitlarga simpatiyada ayblagan.
«Donald Tramp amerikalik yahudiylarni ochiqchasiga mazax qiladi, neonatsistlar bilan tushlik qilib, mish-mishlarga ko‘ra Adolf Hitler «bir necha yaxshi ishlar ham qilgani»ni ta’kidlagan», — deyiladi Harris saylov kampaniyasining matbuot kotibi bayonotida.
Mavzuga oid
13:45 / 25.12.2024
Kuchli qamalda qolgan G‘azo, Haniyani yo‘q qilganini tan olgan Isroil va Rossiyaga rad javobi bergan Sudan - kun dayjesti
14:14 / 24.12.2024
G‘arbiy sohildagi okkupatsiya, «Mossad»ning Eronga hujum taklifi va transgenderlarga qarshi Tramp - kun dayjesti
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024