Jahon | 15:12 / 10.09.2024
4135
10 daqiqa o‘qiladi

Jyeninda ushlangan falastinliklar, Istanbul kelishuvlariga aralashgan AQSh va kutilayotgan kuchli magnit bo‘ronlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroil bosqini yakunlanmasdan, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, Isroil okkupatsion kuchlari G‘arbiy sohilda ham falastinliklarga zulm o‘tkazishni boshlab yubordi.

Isroillik jurnalist Xallel Biton Rozen X ijtimoiy tarmog‘ida isroillik harbiylar Jyenin shahrida ushlangan falastinlik bolalar, ayollar va erkaklarni bir qatorga tizayotgani videosini tarqatdi.

Jurnalist buni «Jyenin poyezdi» deb atagan. Bu xuddi Rossiyada markaziy osiyolik mehnat migrantlarini kuchishlatar tizim xodimlari qo‘llarni yelkasiga qo‘yib orqama-orqa olib ketishini eslatib yuboradi.

Isroil kuchlari infratuzilmaga talafot yetkazgancha, bir haftadan buyon G‘arbiy sohilda keng ko‘lamli reydlar o‘tkazib kelmoqda.

Operatsiya 20 yildan buyon davom etayotgan bosqinchilik harbiy kampaniyasining bir qismiga aylandi. Hozirgacha G‘arbiy sohilda o‘nlab falastinliklar halok bo‘lgani aytilmoqda.

G‘azoda esa 339 kundan buyon davom etayotgan Isroil zarbalaridan halok bo‘lganlar soni 40 ming 988 kishiga yetdi. Yaradorlar soni 94 ming 825 kishini tashkil etmoqda. So‘nggi sutka ichida G‘azo sektorining turli qismlarida ikki ommaviy qirg‘in sodir etilib, 16 kishi halok bo‘lgan va 64 falastinlik yaralangan.

Isroilning Suriyaga zarbasi

Isroil Suriyadagi harbiy obektlarga zarba berdi. Masyaf shahriga berilgan zarba natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 15 kishi yaralangan, deb xabar qilmoqda mahalliy hokimiyat.

SANA xabar agentligi suriyalik harbiylardan biriga tayanib, Livan shimoli-g‘arbidagi hududlar ustida uchgan Isroil samolyotlari mahalliy vaqt bilan yakshanba kuni soat taxminan 23:20 da «markaziy hududlardagi qator harbiy obektlar»ga zarba yo‘llagani haqida xabar bergan.

«Bizning havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz bir necha raketani urib tushirdi», — deya qo‘shimcha qilgan harbiy manba.

Zarba berishdan ko‘zlangan maqsad Eron tomonidan qurilgan, «Hizbulloh» uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqarayotgan ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lishi mumkin.

AQShning muzokaralarga aralashuvi

AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Istanbul kelishuvlari barbod bo‘lishida ishtirok etganmi?

AQSh davlat kotibining sobiq o‘rinbosari Viktoriya Nuland rossiyalik jurnalistga bergan intervyusida 2022 yilning bahorida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Istanbulda erishilgan kelishuvlarning barbod bo‘lishida AQShning roli haqida so‘zlab berdi.

Nulandning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni hali muzokaralarning yakunlovchi bosqichida AQSh bilan maslahat qilgan. Amerika vakillari kelishuvning bir necha shartlari Ukrainani yutqazadigan holatga tushirib qo‘yishi mumkinligidan tashvishini bildirgan.

«Ukraina o‘sha paytda harbiy kuch sifatida juda ojiz holatda edi. Biroq, Rossiya uchun bunday cheklovlar nazarda tutilmagan. Rossiyadan chekinish talab qilinmagan. Undan Ukraina bilan chegarada bufer zona yaratish talab qilinmagan. Chegarada qandaydir qurol-yarog‘ va texnikalarni joylashtirishga taqiq ko‘zlanmagan edi», — degan Nuland.

Tomonlar kelisha olmagan 17 sahifadan iborat kelishuvning detallarini ilk marta The Wall Street Journal nashri 2024 yilning martida ochiqlagan edi. Asosiy kelishmovchiliklar Ukraina armiyasining soni, qurol-yaroqlari va rus tilining statusi masalasida bo‘lgan.

Biroq, 2024 yilning iyunidan buyon Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan o‘sha Istanbul kelishuvlari Ukrainaga bosqin bo‘yicha bo‘lajak muzokaralarda asos bo‘lishi mumkinligini takrorlab kelmoqda.

Armaniston rus askarlarini quvadimi?

Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan Armanistonning Eron va Turkiya bilan chegaralarini qo‘riqlayotgan rossiyalik askarlarning statusini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati haqidagi masalani o‘rtaga tashladi. Bu bayonot Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik ortib borayotganidan dalolat beradi.

«Hozir Turkiya va Eron bilan chegaralarimizni rossiyalik chegarachilar qo‘riqlamoqda. Fikrimcha, bu yerda ham o‘ylab ko‘rishimiz lozim bo‘lgan jihatlar bor», — degan Simonyan.

Rossiyalik chegarachilar Armanistonning Turkiya bilan 345 kilometrlik, Eron bilan 45 kilometrlik uchastkasini 1992 yilda tuzilgan davlatlararo shartnoma bo‘yicha qo‘riqlashmoqda. Bu sxema SSSR davridan buyon o‘zgarmasdan saqlanib kelmoqda.

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng keskin yomonlashgan. Rossiya bilan munosabatlari soviy boshlagach, Armaniston parallel ravishda g‘arb davlatlari bilan aloqalarni kuchaytira boshlagan va yevrointegratsiyaga katta qiziqish bildira boshlagan.

Armaniston va Yevropa Ittifoqi viza rejimini ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralarni boshladi.

«Munosabatlarimizda sezilarli o‘zgarishlar borligidan xursandman: viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlanmoqda, Armaniston Respublikasini Yevropa tinchlik fondi orqali qo‘llab-quvvatlash qarori qabul qilindi, biz buni juda qadrlaymiz», — degan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevrokomissiya rahbari o‘rinbosari Margaritis Sxinas bilan uchrashuvda.

Parijdan Ostonaga

Parijda 2024 yilgi paralimpiya o‘yinlari nihoyalandi. Unda 168 davlatdan 4,5 mingdan ortiq sportchilar 550 dan ortiq medallar shodasi uchun kurash olib borishdi.

O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza — jami 26 ta medal bilan 13-o‘rinni egallab, tarixiy rekord o‘rnatdi. Bu Markaziy Osiyo, shuningdek, turk va islom davlatlari orasida eng yuqori natija bo‘ldi.

94 ta oltin, 75 ta kumush va 50 ta bronza — jami 220 ta medal to‘plagan Xitoy mutlaq yetakchi bo‘ldi.

Paralimpiya o‘yinlari tugashi bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 8-13 sentabr kunlari Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari start oldi. Uning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mehmon bo‘ldi.

Mazkur o‘yinlarda dunyoning 100 dan ortiq davlati vakillari sport va madaniyat yo‘nalishlarida bahslashishadi.

Bu yilgi musobaqalarda urg‘u nafaqat an’anaviy sport musobaqalariga, shuningdek, qadimiy an’analarni saqlab kelayotgan hunarmandlarga oid unikal madaniy dasturga ham qaratiladi.

«Ko‘chmanchilar olami» etnoovuli qo‘li gul ustalarning yasagan narsalarini tomosha qilish mumkin bo‘lgan maskanga aylanishi kutilmoqda.

Vetnamdagi tayfun oqibatlari

Vetnamda Yagi tayfuni natijasida qurbon bo‘lganlar soni 21 kishigacha yetgan. Mamlakatning shimoliy qismida tayfun kuchli suv toshqinlarini keltirib chiqargan.

Vietnam News sayti Suv resurslarini boshqarish va favqulodda holatlarning oldini olish boshqarmasiga tayanib xabar qilishicha, tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 21 kishiga yetgan.

Shuningdek, 229 kishi turli darajada tan jarohatlari olgani, 8 mingdan ziyod uylar zararlangani xabar qilinmoqda. Tayfun oqibatida 110 ming gektardan ziyod sholizorlar yakson bo‘lgan.

Shuningdek, supertayfun Yyenbay viloyatidagi Lyukyyen daryosi qirg‘og‘ida ulkan tuproq ko‘chishiga ham sabab bo‘lgan.

Jazoirdagi saylov

Jazoir prezidenti Abdulmajid Tebbun yana mamlakat prezidenti lavozimiga qayta saylangan. U 94,65 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Buni Jazoir Mustaqil Milliy saylov ma’muriyati rahbari Muhammad Sharifiy matbuot anjumanida e’lon qilgan.

Tinchlik jamiyati harakati islomiy partiyasidan nomzod Abdulaali Hasaniy 3,17 foiz, Sotsialistik kuchlar harakati bosh kotibi Yusuf Ussushiy esa 2,16 foiz ovoz jamg‘argan.

Sharifiy saylovlarda davomat 48 foiz bo‘lganini qayd etgan.

Magnit bo‘ronlari kutilmoqda

Sentyabr oyining keyingi kunlari ob-havoga sezgir odamlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Quyoshda magnit bo‘ronini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan qora plazma otilishi qayd etildi. Bunday hodisalar sog‘lig‘i ob-havoga bog‘liq bo‘lgan odamlar uchun xavfli bo‘lib, salbiy alomatlarga olib kelishi mumkin.

Space Weather ma’lumotlariga ko‘ra, Quyoshda qora plazma otilishi oqibatida 10-11 sentabr kunlari Yerda magnit bo‘ronlari kuzatiladi. Ularning kuchi 6 ballgacha yetishi mumkin.

Geomagnit bo‘ronlar ob-havoga sezgir va keksa odamlarga, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalinganlar va homilador ayollarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Quyosh faolligi yuqori bo‘lgan kunlarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, bo‘g‘im va mushak og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, yuqori qon bosimi, zaiflik va uyqusizlik paydo bo‘lishi mumkin.

Bo‘ronlarning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun sog‘lom turmush tarzini olib borish zarur.

Mavzuga oid