O‘zbekiston | 09:57 / 10.09.2024
26610
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri sobiq o‘rinbosari va uning qizi ozodlikdan mahrum qilindi

Sud qishloq xo‘jaligi vaziri sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayevni qariyb 10 mlrd so‘mlik 1 mln dona uzum ko‘chatini yetkazib berish ishi bo‘yicha talon-toroj qilish va mansab soxtakorligida aybli deb topdi. Sud hukmi bilan unga 6 yil, kompaniyada ishlagan qiziga esa 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Alisher To‘rayev Foto: agro.uz

5 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayev, uning qizi Anais To‘rayeva hamda qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi sobiq hisobchisi Mansur Qo‘zibekovga nisbatan hukm chiqargan. Bu haqda sud qarorini o‘rgangan «Gazeta.uz» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil sentabr oyida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbari (buyurtmachi) Alisher To‘rayevning o‘g‘liga tegishli bo‘lgan De Nova Agro kompaniyasi 1 mln dona uzum ko‘chatini yetkazib berish bo‘yicha 9,95 mlrd so‘mlik tenderda g‘olib bo‘lgan. O‘sha paytda kompaniya direktori uning qizi Anais Turayeva bo‘lgan.

Ish materiallariga ko‘ra, Alisher To‘rayev tender komissiyasini «o‘ziga sodiq odamlar»dan (ular alohida jinoiy ishda ko‘rsatilgan) tuzgan, ular komissiya yig‘ilishi bayonnomasini imzolagan, lekin aslida u o‘tkazilmagan.

Manfaatlar to‘qnashuviga qaramay, sobiq vazir o‘rinbosari uning o‘g‘li Bekjon To‘rayev ta’sischi bo‘lgan De Nova Agro kompaniyasining tender savdolarida g‘alaba qozongan. 2021 yil 30 avgust kuni korxona bilan in-vitro usulida 1 mln dona uzum ko‘chati yetkazib berish bo‘yicha 9,95 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Sud qarorida qayd etilishicha, amalda bu ko‘chatlar markazga yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, mahsulot qabul qilingani haqida bir nechta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilib, «talon-toroj qilingan» mablag‘lar o‘tkazib berilgan.

To‘rayev, uning qizi va markaz hisobchisi ham mahsulotlarni qabul qilish va topshirish bo‘yicha boshqa rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular 2023 yilda issiqxonalardagi 283,4 ming tup ko‘chatlarning ko‘chat ekish vaqtida ildizlari shikastlangani, elektr ta’minotining muntazam uzilishi, sug‘orish tizimidagi nosozliklar tufayli nobud bo‘lgani haqidagi bir necha ma’lumotnomalarni qalbakilashtirishgan, biroq o‘simliklar nobud bo‘lish tugul, aslida yetkazib berilmagan.

Sud qarorida qayd etilganidek, Toshkent viloyati agroxizmatlar markaziga 562,8 ming dona ko‘chat o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar soxtalashtirilgan bo‘lsa-da, aslida u yerga yetkazib berilmagan. Shuningdek, o‘simliklarni parvarishlash va ish haqi uchun 509,1 mln so‘m asossiz hisoblangan.

Sudda Alisher To‘rayev o‘z aybiga qisman iqror ekanini bildirgan. Uning tan olishicha, kelishuvda ko‘rsatilganidek 1 mln tup emas, 5−25 sm balandlikdagi 700 ming tup ko‘chat yetkazib berilgan. Ko‘chatlarni parvarish qilish uchun mavsumiy ishchilarni jalb qilish, o‘g‘it, himoya va boshqa vositalarni sotib olish uchun qonuniy ravishda mablag‘ ajratilgan. Bu masalada u o‘zini aybdor deb hisoblamaydi. U qolgan 300 ming ko‘chatni yetkazib berishga tayyorligini aytgan.

Anais To‘rayeva sudda o‘z aybini to‘liq inkor etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnomani u emas, De Nova Agro kompaniyasi direktori Strelkovskix va uning otasi Alisher To‘rayev imzolagan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, korxona tomonidan markazga 700 ming dona uzum ko‘chati yetkazilgan, yana 76 mingtasi korxonaning Yangiyo‘l tumanidagi issiqxonasida, qolganlari ishlab chiqarish jarayonida to‘xtatilgan.

Sudlanuvchining aytishicha, u korxonani direktor sifatida vaqtincha boshqargan va turli oylarda markazga uch partiyada 700 ming tup ko‘chat topshirgan. U havoning sovuqligi va gaz yetishmasligi sababli o‘simliklarning nobud bo‘lishida o‘zini aybdor deb hisoblamasligini ta’kidlagan.

Bosh hisobchi Mansur Qo‘zibekov To‘rayevning ko‘rsatmasi bilan yetkazib beruvchining hisob raqamiga mablag‘ o‘tkazganini va bu jarayondan manfaatdor emasligini, evaziga hech qanday moddiy mablag‘ olmaganini aytgan.

Sud Alisher To‘rayevni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topgan. Unga 2 yil muddatga davlat tashkilotida rahbarlik, moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlangan.

Mansur Qo‘zibekov shu kabi moddalar uchun 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Anais To‘rayeva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 28-moddani qo‘llagan holda 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (mansab soxtakorligida sheriklik) bo‘yicha 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Hukm ijrosi 2027 yilning 8 iyuliga — 2024 yilning iyul oyida tug‘ilgan o‘g‘li uch yoshga to‘lguniga qadar kechiktirilgan.

Alisher Melsovich To‘rayev 2021 yil avgust oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori lavozimiga tayinlangan. Bungacha u Toshkent davlat agrar universiteti, “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelgan.

Mavzuga oid