G‘azodagi qochqinlar lageriga tashlangan bomba, JARga o‘tkazilayotgan bosim va arzonlashda davom etayotgan neft - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil armiyasi G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahrida humanitar zona hisoblanuvchi Al-Mavasiy qochqinlar lageriga uchta raketa zarbasi berdi. Kamida 40 kishi halok bo‘lgan va yana 60 kishi yaralangani xabar qilinmoqda.
Zarbalar natijasida chodir tikilgan joylarda ulkan xandaqlar hosil bo‘lgan va butun bir oilalar tuproqqa qorishib ketgan.
Halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari hali ham davom etmoqda.
Euro-Med Human Righs huquqni himoya qilish tashkiloti Isroil harbiy samolyotlari hujumda AQShda ishlab chiqarilgan MK-84 aviatsion bombalaridan foydalanganini xabar qilgan.
Bunday bombalar diametri 15 metr, chuqurligi 10 metr bo‘lgan voronka hosil qiladi. 73 metr radiusdagi tirik jonlarni o‘ldiradi.
Bunday ikki tonnali bombalar Al-Mavasiy lageriga 2024 yilning iyulida ham tashlangan, o‘shanda 70 kishi halok bo‘lgan va ko‘plab insonlar yaralangan edi. Shuningdek, Jabaliya, Al-Mamadaniy va Al-Nusayrat bozoridagi qirg‘inlarda ham shu bombalardan foydalanilgan.
AQSh 7 oktyabrdan buyon Isroilga 14 mingta shunday bombalar yetkazib bergan.
Jahon hamjamiyati Isroilning Falastindagi qochqinlar lageriga bergan bu zarbasini keskin qoralamoqda.
Al-Mavasiy qochqinlar lageriga zarba berilishidan avval G‘azodagi genotsidli urushning 340-kuniga kelib qurbonlar soni 41 ming 20 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 94 ming 925 nafar deb hisoblanayotgan edi.
G‘azoda o‘quv yili ishlamayotgan maktablar bilan boshlandi. BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha agentligi — UNRWAʼning ma’lum qilishicha, G‘azodagi maktab binolarning 85 foiziga yo ziyon yetkazilgan yo tiklab bo‘lmas darajada vayron qilingan. Endi foydalanish uchun ular qaytadan qurilishi kerak yoki kapital ta’mirlanishi lozim. Bombalangan maktablar orasida UNRWA maktablari ham bor.
Falastin ta’lim vazirligi biroz boshqacha raqam keltirgan. G‘azoda Isroil aviazarbalari natijasida maktablarning 90 foizi vayron qilingan va shikast yetkazilgan.
Isroil JARga bosim o‘tkazmoqda
Janubiy Afrika Respublikasi BMT Xalqaro sudidan G‘azodagi genotsid to‘g‘risidagi da’vo arizasini qaytarib olish uchun Isroil AQSh Kongressi a’zolariga ta’sir o‘tkazmoqda.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi AQShdagi diplomatlariga maxfiy noma yo‘llab, janubiy afrikalik diplomatlar va amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan qanday harakat qilish bo‘yicha yo‘riqnomani tushuntirgan. Hujjatda Janubiy Afrika agar genotsid to‘g‘risidagi ishni davom ettirsa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi, jumladan mamlakat savdo sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
«Biz Federal darajadagi va shtatlardagi qonun chiqaruvchilar, gubernatorlar va yahudiylar tashkilotlari bilan ishlashni zudlik bilan boshlash, Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirish uchun JARga bosimni oshirish, HAMASni qo‘llash, xalqaro sudlarga aksilisroil qadamlar tashlash kabi hozirgi harakatlarini davom ettirsa, katta to‘lov qilishini tushuntirib qo‘yishni so‘raymiz» — deyiladi maxfiy nomada.
Janubiy Afrika Respublikasi 2023 yilning dekabrida BMT xalqaro sudida Gahodagi urushda Tel-Aviv 1948 yilgi genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlikda ayblab, Isroilga nisbatan genotsid to‘g‘risida ish ochilishiga sabab bo‘lgan edi. Ish davom etishi uchun 28 oktyabrgacha JAR sudga o‘z asoslarini taqdim etishi kerak. JARning da’vo arizasiga Turkiya va yana 12 ta mamlakat qo‘shilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri, ayni paytda Xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lib ishlayotgan Sergey Shoygu toki Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududini tark etmas ekan, ular bilan muzokaralar imkonsiz, deb atagan.
«Ukraina qo‘shinlari Rossiya hududidan «itqitib» tashlanmas ekan, Rossiya Ukraina bilan hech qanday muzokaralarda ishtirok etmaydi», — degan Shoygu «Rossiya-24» kanaliga bergan intervyusida.
Shoygu shuningdek, Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga kirishmagani, kirishmayotgani va kirishmasligining yana bir sababi sifatida «Kursak atom elektr stansiyasiga nisbatan yadroviy terrorga intilish terrorizmning oliy bosqichi» ekanini aytib o‘tgan.
Ya’ni ukrainlar AES tomon intilib, uni bosib olishni niyat qilgan. Ammo «buning uddasidan chiqa olishmagan».
Ukraina tunda Rossiyaga dronlar vositasida hujum qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa tizimlari turli hududlarda 124 ta dronni urib tushirganini ma’lum qilgan. Ayrim dronlar turar joy binolariga kelib urilgan. Moskva shahrida ko‘p qavatli uyga dron kelib urilishi natijasida ikki kishi halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda.
Ozarboyjon va Armaniston sulhi
Ozarboyjon va Armaniston tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «Yerevan muloqoti» forumida mamlakatlar shartnoma matnining 80 foizini kelishib bo‘lganini qayd etgan.
«Tinchlik shartnomasining 80 foizi, jumladan 13 ta modda va kirish qismi kelishib bo‘lingan. Ikkita modda qisman kelishilgan — ularning har biri ikkitadan gapdan iborat», — deya aniqlik kiritgan Pashinyan.
Armaniston bosh vaziri bayonotiga ko‘ra, hujjat Yerevan va Boku o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishini nazarda tutadi. Shuningdek, u chegaralarni demilitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ham siljish kuzatilayotganini aytib o‘tgan.
Armaniston kelishib olingan punktlarni imzolash va qolganlari ustida ishlashni davom ettirishni taklif qilmoqda. 9 sentabr kuni Armaniston Ozarboyjonga tinchlik shartnomasining o‘ninchi marta tahrirlangan versiyasini uzatgan.
Biroq Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning ayrim bandlarini kelishishning iloji yo‘q. Ozarboyjon tarafi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhini tarqatib yuborish va kelgusida ehtimolli hududiy e’tirozlar kelib chiqishining oldini olish uchun Armaniston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni talab qilmoqda.
Tobora pastlayotgan neft
Jahon bozorida neft narxi 2021 yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. Bir kun ichida neft fyucherslari qariyb 4 foizga arzonlashdi, ikki hafta ichida esa qiymati 15 foizga pasaydi. Natijada neft bozori Ukrainadagi urushdan oldingi darajaga qaytdi.
Ukrainadagi urushdan keyin narxlari so‘nggi 14 yilda maksimumga chiqib ketgan jahon neft bozori qulashni boshladi. 10 sentabr kungi savdolarda Brent markali neftning barreli uchun 70 dollardan kamroq taklif etildi, hatto uning narxi 68,68 dollargacha tushdi — bu 2021 yil 1 dekabrdan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Ukrainaga uyushtirilgan hujumning dastlabki haftasida neft narxi maksimumga chiqqandi: 2022 yil 7 mart kuni Brent kotirovkalari barreli uchun 139 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lib, shundan buyon uning qiymati ikki barobardan ortiqqa tushib ketdi.
Neft bozori asosiy importchi — Xitoy iqtisodiyoti sekinlashgani tufayli qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Ikkinchi chorakda Xitoy YaIM 4,7 foizni tashkil etgan, bu yanvar-martdagi ko‘rsatkich — 5,3 foizdan past.
Xitoy neft importi birinchi yarim yillikda 11 foizga tushib ketgan. Iyul oyida esa so‘nggi ikki yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgan — kuniga 10 million barrel.
Avstraliyada bolalarga taqiq
Avstraliyada yosh bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi mumkin.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze 10 sentabr kuni bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda qayddan o‘tish chegarasi 14-16 yosh qilib belgilanishi mumkin. Bosh vazir bolalarning ijtimoiy tarmoqqa ulanishini cheklovchi federal qonunlar yil so‘ngiga qadar kuchga kiradi.
Albaneze ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ta’sirini «halokat» deb atagan. U eng kamida hali 16 yosh to‘lmagan bolalarga taqiq o‘rnatilishi kerakligini ta’kidlagan. Yaqin oylar ichida hukumat qayddan o‘tish jarayonida yoshni aniqlashning turli usullarini sinovdan o‘tkazmoqchi.
«Men bolalar o‘z gadjetlarini yig‘ishtirib, futbol, suzish va tennis o‘ynashlarini istayman», — degan Albaneze. «Biz bolalarimizda real insonlar bilan muloqot qilish bo‘yicha real tajriba bo‘lishini istaymiz. Chunki ijtimoiy tarmoqlar ijtimoiy ziyon yetkazmoqda», — degan u.
Muxolifatning konservativ yetakchisi Piter Datton ham hukumatning cheklovini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024