13 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Yonib ketgan Lacetti almashtirib berildi, hokimlarning sud tomonidan bekor qilingan qarorlari, Paralimpiada sovrindorlariga davlat mukofotlari va keng nishonlanadigan Mirzo Ulug‘bek yubeleyi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
UzAuto Motors va uning dileriga ish qo‘zg‘atildi
Raqobat qo‘mitasi UzAuto Motors kompaniyasi va PSM-Avtosavdo dilerlik markaziga nisbatan iste’molchilar huquqlarining buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi.
Qo‘mitaga hali olinganiga 5 oy bo‘lmagan Lacetti avtomobili nosozligi sabab yonib ketgani haqida shikoyat tushgan.
Qoraqalpog‘istonlik fuqaro 2023 yilda “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Style MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham bo‘lmasdan nosozligi tufayli yonib ketgani, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan holat o‘z vaqtida bartaraf etilmayotgani yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Murojaat qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilganda holat o‘z tasdig‘ini topgan. Aniqlanishicha, aynan shu markali avtomobilda yong‘in chiqishi holati Navoiy viloyatida ham kuzatilgan.
Natijada qo‘mitaning maxsus komissiyasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14- va 20-moddalari talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ishlab chiqaruvchi “UzAuto Motors” AJ va diler “PSM-Avtosavdo” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan.
Vakolatli organ tomonidan ishlab chiqaruvchiga 10 kunlik muddatda yongan mashina bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta Lacetti'ni chaqirtirib olib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Qayd etilishicha, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali boshqa yangi avtomobil berilgan.
Hokimlarning noqonuniy qarorlari bekor qilindi
2024 yilning 6 oyi davomida davlat tashkilotlari, mansabdor shaxslarning 1725 tasi qarori, mahalliy hokimliklarning esa 481 ta qarori sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning 6 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek mahalliy hokimliklarning jami 2206 ta qarori sudlar tomonidan bekor qilingan.
Xususan, sudlar tomonidan ma’muriy organ qarorini haqiqiy emas deb topishga doir jami 3933 ta ish ko‘rilgan, ularning 1725 tasi qanoatlantirilgan.
Mahalliy hokimlik qarorlarining haqiqiy emas deb topilishiga oid jami 1397 ta ish ko‘rilgan va shundan 481 tasi qanoatlantirilgan.
Dubaydan Toshkentga aviareys bekor qilindi
Havo kemasining uchishga tayyor emasligi va ekipajning ish vaqti cheklangani sababli 12 sentabr kungi Dubay–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY334 aviaqatnovi majburan bekor qilindi.
Yo‘lovchilarga Dubay shahrida qolish uchun mehmonxona taqdim etiladi. Uzbekistan Airways noqulayliklar uchun uzr so‘radi va aviakompaniya uchun parvozlar xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishini eslatdi.
Aviakompaniya bekor qilingan reys yo‘lovchilari 13 sentabr kungi HY334 muntazam aviaqatnovida olib kelinishini xabar qildi.
Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlariga davlat mukofotlari
Prezident farmoni bilan Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Farmonga ko‘ra, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari, murabbiylar va xodimlar mukofotlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik paralimpiyachilar 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza — jami 26 ta medal bilan Paralimpiadada umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallab, tarixiy natijasi qo‘lga kiritdi.
Mirzo Ulug‘bek yubileyi nishonlanadi
Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida prezident qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yilda Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanadi.
Mamlakatdagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq obektlar, shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek sharafiga barpo etilgan yodgorlik majmualari mukammal ta’mirlanadi va ularning hududi obodonlashtiriladi.
Aalloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklar restavratsiya qilinadi, ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratiladi.
Samarqand shahrida 10-11 oktyabr kunlari «Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida, «To‘rt ulus tarixi» nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasi qayta nashr qilinadi.
Ulug‘bek haqida yaratilgan «Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» nomli hujjatli film taqdimoti o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
21:21 / 25.12.2024
25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024