Uy sotib olishga qiziqish pasaydi, yillik o‘lchovda uy-joy savdosi 20,8 foizga kamaydi – uy-joy bozori sharhi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari avgust oyida ko‘chmas mulk bozori pasayganini ko‘rsatyapti. Ekspertlar yillik o‘lchovda savdolar kamayganini uy-joy sotib olishga qiziqish pasaygani bilan izohlayapti. Shu bilan birga joriy yilning avgust oyida respublikada ikkilamchi uy-joy narxi 0,7 foizga oshgan.
2024 yil avgust oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori biroz pasaydi, bu tebranish tendensiyalardan dalolat beradi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.
Markaz tahliliga ko‘ra, avgust oyida 22,2 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olingan, bu iyul oyiga nisbatan 3,5 foizga kam bo‘lib, savdolar soni 23 mingtani tashkil etgan.
Yillik o‘lchovda faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda: uy-joy savdosi 20,8 foizga kamaydi, bu esa uy sotib olishga qiziqishning kamayishini ko‘rsatadi.
Hududiy dinamika
2024 yil avgust oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta pasayishi Sirdaryo (22,6 foiz) va Xorazm viloyatlarida (13,2 foiz), shuningdek Toshkent shahrida (9,7 foiz) qayd etildi.
Shuningdek, yillik o‘lchovda faollikning pasayishi kuzatilmoqda. Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida ko‘chmas mulk savdosining pasayishi har bir hududda 30 foizdan ortiqni tashkil qildi.
Uy-joy ijara bozori tahlili
2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida ijara uy-joy bozoridagi vaziyat barqarorlashdi, bu yerda ijaraning o‘rtacha narxi 1 kv.m. uchun 8,3 dollarni tashkil qildi, bu o‘tgan oydagi ko‘rsatkichga to‘g‘ri keladi. O‘tgan oylarga nisbatan narxlarning pasayishi kuzatilmoqda: iyul oyida - 0,6 foizga, iyun oyida - 1,2 foizga. Shunday qilib, avgust oyida bozor ikki oylik pasayishdan keyin barqarorlikni ko‘rsatdi.
Bu turli omillar, jumladan, ijarachilar faoliyatidagi mavsumiy tebranishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, o‘quv yilining boshida uy-joy ijarasiga talab oshishi mumkin.
Toshkent tumaniga qarab uy-joy ijarasi narxidagi farqlar ham barqarorligicha qolmoqda. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxining yuqoriligi saqlanib qolmoqda, bu yerda o‘rtacha ijara narxi har kvadrat metr uchun taxminan 10 dollarni tashkil etadi.
Boshqa tomondan, Bektemir va Sergeli kabi hududlarda budjet ijarachilari, shu jumladan talabalar uchun ijaraga olish imkoniyati yanada jozibador bo‘lib qolmoqda, bu yerda ijara har kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollar turadi.
Agar o‘tgan yilning avgust oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joylarning har kvadrat metri o‘rtacha 9 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yil davomida 7,3 foizga pasayish qayd etilib, bu bozorning ushbu segmentidagi umumiy pasayish tendensiyasidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yakkasaroy tumanida - 14,8 foizga, Yashnobod tumanida - 13,3 foizga, Shayxontohur tumanida - 11,5 foizga va Yunusobod tumanida – 10 foizga kuzatildi.
Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori tahlili
Joriy yilning avgust oyida respublikada ikkilamchi uy-joy narxi 0,7 foizga oshgan bo‘lsa, o‘tgan yilning avgust oyidan boshlab uy-joyning 1 kv.m uchun o‘rtacha narxi 9,7 foizga oshdi.
Shu bilan birga, ikkilamchi uy-joy narxi Xorazm – 21,4 foizga, Surxondaryo – 14,6 foizga, Buxoro – 13,4 foizga, Qashqadaryo – 13,3 foizga viloyatlarida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Toshkent shahridagi ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar biroz pasayganidan so‘ng, avgust oyida barqarorlik kuzatildi: narxlar atigi 0,2 foizga oshdi va har kvadrat metr uchun 1 128 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning aksariyat tumanlarida ikkilamchi uy-joylar narxi o‘zgarishsiz qoldi, faqat Mirobod va Olmazor tumanlarida uy-joylar mos ravishda 1,7 foiz va 1,3 foizga qimmatlashdi.
Toshkentning yana uchta tumanida narxlar tushib ketdi. Xususan, Shayxontohur - 1,1 foiz, Sergeli – 0,9 foiz va Chilonzor tumanlarida – 0,6 foiz.
Yil davomida Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 4,2 foizga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘quv yili arafasida Toshkentda uy-joy ijara narxlari biroz ko‘tarildi. O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari iyul oyiga nisbatan o‘rtacha 1,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 0,3 foizga oshdi.
Avvalroq, joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar hajmi 5,7 foizga pasaygani xabar qilingandi. Bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 26,5 foizni, Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida esa 10,6 foizni tashkil etgan.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
17:03 / 04.12.2024
Termitlar tufayli yaroqsiz holga kelgan uy egalariga boshqa uy-joy beriladi
18:32 / 02.12.2024