20 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Deputatlikka nomzodlarni to‘liq ko‘rsatgan besh partiya, bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik va ekologik huquqbuzarlik uchun oshirilayotgan jarimalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Deputatlikka nomzodlar 100 foiz ko‘rsatildi
Ilk bora Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi uchun barcha deputatlik o‘rinlariga 5 ta partiya tomonidan 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Bunday natija O‘zbekiston milliy saylov tarixida birinchi marotaba qayd etilgan.
Bu haqda bugun bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi saylovda 5 ta siyosiy partiya tomonidan barcha deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatilgan.
Mazkur partiyalar bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 375 nafar, yagona saylov okrugi bo‘yicha esa 500 nafar nomzodni ro‘yxatga olishga muvaffaq bo‘ldi. Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar nomzod ko‘rsatilgan.
Nomzodlar tarkibida inklyuzivlik, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar soni ham ko‘paygan. Bu yil Qonunchilik palatasiga 11 nafar, mahalliy Kengashlarga esa 605 nafar nogironligi bor shaxslar nomzod sifatida ko‘rsatildi.
Saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar orasida 44,7 foizini ayollar tashkil etmoqda. Nomzodlarning o‘rtacha yoshi esa 47,2 yosh bo‘lib, ularning 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlardir.
Saylovoldi tashviqoti 22 sentabrdan boshlanib, partiyalar ommaviy axborot vositalarida chiqishlari uchun tegishli tartibda vaqt ajratiladi.
Bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik
Senatning bugun bo‘lib o‘tgan 57-yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda.
Bungacha ushbu moddalarda xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik nazarda tutilgandi.
Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berish tartibi joriy qilinmoqda.
Senat raisi ta’ziya izhor etdi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Boysundagi gaz konida avariya tufayli qurbon bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
«Vafot etgan fuqarolarimiz bor, yaqinlariga sabr tilaymiz. [Ularning] oilalari davlatimiz, prezidentimiz nazoratida, buni hammamiz eshitdik. Ularning ta’minoti masalasida alohida topshiriq ham bo‘lgan, tashlab qo‘yilmaydi. Shu masala bo‘yicha biz ham hamdardligimizni bildiramiz», – dedi Tanzila Norboyeva Senatning 20 sentabr kungi yalpi majlisida.
M25 konida 17 sentabr kuni ro‘y bergan takroriy avariyada 4 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani ma’lum qilingan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, marhum xodimlarning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab beriladi, shuningdek, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini moddiy ta’minlab, o‘qitib, ish bilan ta’minlashgacha o‘z zimmasiga oladi. Pudratchi kompaniya hali-hanuz bu borada izoh bermadi.
Sergelida o‘quvchi qiz avariya tufayli vafot etdi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida avtobusdan tushib, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘quvchini yuqori tezlikda harakatlanib kelgan BYD avtomobili urib yuborgan.
Voqea 19 sentabr, payshanba kuni bergan. Sergeli yo‘li shohko‘chasida avtobus belgilanmagan joyda yo‘lovchilarni tushirib qoldirgan.
O‘z yo‘nalishida harakatlanib kelgan, BYD Song Plus avtobus oldidan yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan o‘quvchi qizni urib yuborgan.
Videotasvirlarda BYD’ning tezligi shaharda ruxsat etilganidan yuqori (taxminan, soatiga 75-80 kilometr) ekanligi ko‘rinadi.
2015 yilda tug‘ilgan 9 yoshli qiz tan jarohatlari sababli kasalxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan.
Holat yuzasidan BYD haydovchisi, 1983 yilda tug‘ilgan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Daraxtlarni kesganlik uchun jarimalar oshiriladi
Daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Mavzuga oid
21:02 / 26.12.2024
26 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:21 / 25.12.2024
25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024