O‘zbekiston | 21:15 / 21.09.2024
15198
13 daqiqa o‘qiladi

Kondagi takroriy avariya, majburiy panel kampaniyasi va “persona non grata” qonuni - hafta dayjesti

Boysundagi konda takroriy avariya: bu safargi ofat qurbonlarga olib keldi. Paxta mavsumi fermerlar uchun noxush boshlandi: klasterlar kelishilgan narxda pul to‘lamayapti. Senat bir qator qonunlarni ma’qulladi: O‘zbekiston suverenitetiga til tekkizganlar qora ro‘yxatga tushadi. Ortda qolayotgan haftaning muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Rasmiylar: “Boysunda aholi uchun hech qanday xavf yuzaga kelmagan”

Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida gaz chiqishi to‘liq to‘xtatilgani aytilganidan ikki kun o‘tib, yana avariya ro‘y berdi. Texnogen ofat bu safar qurbonlarga olib keldi; yaqin atrofdagi qishloqlar aholisining bir qismi yana yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

1 sentabrdan boshlangan gaz chiqishi to‘xtatilgani haqida 15 sentabr kuni Eriell kompaniyasi, Energetika vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligi ikki tomchi suvdek o‘xshash bayonotlar tarqatgan edi. Bu bayonotlarda kondagi quduq germetiklangani, Rossiya va AQShdan ekspertlar jalb etilgani, hududdagi havo sifati me’yoriy darajada ekani aytiladi.

“Ta’kidlash kerakki, hodisa oqibatlarini bartaraf qilish davomida aholi uchun hech qanday xavf yuzaga kelmagan”, deyiladi rasmiy axborotlarda. Bu jumla bilan, minglab odamlar aynan zaharlanish xavfi borligi uchun uyini tashlab chiqqani, bog‘cha va maktablar yopilgani, odamlarning sog‘lig‘i yomonlashgani ochiq-oydin rad etilgan.

Bu gaplardan ikki kun o‘tib, 17 sentabr kuni kondagi o‘sha quduqda takroriy avariya ro‘y berdi. Voqea natijasida pudratchi kompaniyaning to‘rt xodimi halok bo‘lgan. Ulardan ikki nafari konga eng yaqin Kofrun qishlog‘idan bo‘lgani, ikki nafari esa qashqadaryolik yigitlar ekani ma’lum. Shuningdek, 11 kishi jabrlangan, ulardan 10 nafariga shu kunning o‘zida shifoxonadan uyiga javob berilgan.

Ofat takrorlangani va qurbonlar borligini rasmiylar bir kundan keyin tasdiqladi. Boshqa bir mavzudagi matbuot anjumanida Boysun haqidagi savolga javob berishiga to‘g‘ri kelgan Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligi rasmiylari o‘lim holatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani, Boysun ekologiyasiga zarar yetkazilganmi-yo‘qmi, buni aniqlash ustida o‘rganishlar olib borilayotganini aytdi.

Chorshanba kuni favqulodda vaziyatlar vaziri, energetika vaziri va Eriell kompaniyasi vakili brifing o‘tkazgan bo‘lsa-da, jamoatchilikni qiziqtirayotgan deyarli hamma savollar ochiq qoldi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘z izohida asosan konning texnik xususiyatlariga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, M25 koni – gaz tarkibida oltingugurt ulushining boshqa konlarga nisbatan bir necha barobarga yuqoriligi, 650 atmosferali anomal yuqori qatlam bosimi va boshqa omillar sabab juda murakkab konlar toifasiga kiradi.

Vazir halok bo‘lganlarning oilalariga kompensatsiya to‘lanishi, bundan tashqari pudratchi kompaniya ularning farzandlarini o‘z qaramog‘iga olishini aytdi. “Pudratchi tashkilot ularning farzandlarini voyaga yetkazib, o‘qitib, kompaniyada kafolatlangan ish bilan ta’minlashgacha zimmasiga olgan”, dedi u.

Pudratchi kompaniya Jo‘rabek Mirzamahmudov aytayotgan majburiyatni olganini hozircha ochiq-oydin tasdiqlamadi. Kompaniya halok bo‘lgan xodimlarining oilalariga hamdardlik izhor qilingan rasmiy reliz tarqatgani yo‘q. Brifingda qatnashgan Eriell raisining maslahatchisi Azizbek Nazarov ham masalaning bu jihatlari haqida gap ochmadi. Qolaversa, pudratchi haqiqatan aytilgan majburiyatni olgan taqdirda ham, uni to‘liq bajarishiga jamoatchilik vakillarida shubha bor. Chunki kompaniyada hatto xodimlarning o‘z vaqtida maosh olishi borasida ham muammolar bo‘lib turadi. Buni Kun.uz bilan suhbatda marhumlardan birining otasi ham tasdiqladi.

“4 farzandi bor, men qanday boqaman ularni? Eng kichigi endi yuryapti. Mana, uy-joyni o‘zimiz qilganmiz amallab, lekin oyligini 5 oydan beri olgani yo‘q. Nafaqat mening farzandim, hammasi. Bugun uchinchi kun, qanday turganimni o‘zim bilaman”, – dedi to‘ng‘ich farzandidan ayrilgan kofrunlik Xolto‘ra Almardanov.

Paxta terimi paytida: Fermer-klaster shartnomalari fermerlarning zarariga o‘zgartirilmoqda

Paxtachilikda fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi munosabatlarni bozor relslariga o‘tkazish bo‘yicha o‘tgan yili e’lon qilingan islohot birinchi jiddiy sinovdan o‘ta olmadi. Amalda bu yil ham paxta narxini davlat belgilab beryapti. Belgilangan narx fermerlardan ko‘ra ko‘proq klasterlar foydasiga xizmat qiladi.

Hukumat qarori bilan, yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomalarining paxta narxiga oid bandlari o‘zgartirilib, narx pasaytirilyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan fermerlar klasterlar tomonidan qo‘shimcha shartnoma tuzish uchun bosim bo‘layotganini aytishmoqda.

Gap shundaki, fevral oyida fyuchers bitimlarini tuzish bo‘yicha ilk marta o‘tkazilgan birja savdolarida boshlang‘ich narx tonnasiga 7 mln 800 ming so‘m deb belgilangan edi. Bu narx o‘sha vaqt holatiga jahon bozoridagi oxirgi 12 oylik o‘rtacha kotirovkalardan kelib chiqib belgilangandi. Lekin shundan keyin o‘tgan vaqt davomida jahon bozorida paxta xomashyosi arzonlashdi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari shu vaj bilan fermerlarga yil boshida tuzilgan shartnomalardagi narxda to‘lov qilishni istamayapti. Hukumat esa ularning istaklarini bajo keltirdi.

16 sentabr kuni imzolangan qarorda keltirilishicha, hozirda jahon bozorida paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari tonnasiga 6 mln 800 ming so‘m atrofida shakllanyapti. Qaror bilan shu miqdor yangi boshlang‘ich narx deb olinib, yil boshida tuzilgan fyuchers bitimlari o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Bunga munosabat bildirgan faollar bir savolni o‘rtaga tashlamoqda: agar jahon bozorida paxta narx arzonlashmasdan, aksincha qimmatlashib ketganida, davlat xuddi hozirgidek shartnomaviy munosabatlarga aralashib, klasterlar oldiga fermerlardan paxtani qimmatroq narxda sotib olish talabini qo‘ygan bo‘larmidi? Albatta, yo‘q.

Hukumat qaroriga ko‘ra, fyuchers bitimlaridan tashqari birjaga chiqariladigan paxta uchun ham boshlang‘ich 6 mln 800 ming so‘m narx belgilandi. Fermerlar hosilni birjada sotsa, har bir tonna uchun 1 mln so‘mdan subsidiya to‘lanadigan bo‘ldi. Lekin bu subsidiya to‘lig‘icha fermerning hisobiga o‘tkazilmay, birinchi navbatda kreditlar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi. Qaror asosida, klasterlarning xarajatlarini qisman o‘z zimmasiga olish davlatga budjetiga 3,5 trillion so‘mga tushmoqda.

Ayni vaziyatda, bir qator fermerlar topshirilgan paxta uchun klasterlar tomonidan to‘lov qilinishi kechikayotganini aytyapti. Natijada fermerlar terimchilar uchun to‘lanadigan haqni pasaytirishga majbur bo‘lgan. Ayrim hududlarda terimchilarga o‘tgan yilgidan ham kamroq – kilosiga 1300-1500 so‘mdan to‘lanyapti. Ya’ni, 100 dollar ishlab topish uchun 1 tonna paxta terish kerak bo‘ladi. Internetda qishloqlar aholisi bunday past narxda paxta terishdan bosh tortayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Budjet tashkilotlarida paxta terimi uchun pul yig‘ish holatlari bo‘layotgani haqida ham xabarlar bor. Kun.uz'ga kelib tushgan audioda Kitob tumanidagi yoshlar yetakchilarining oyligidan paxta terimi uchun pul ushlab qolinayotgani haqida so‘z boradi.

Senat bir qator qonunlarni ma’qulladi

“Radarlar” qayd etgan qoidabuzarlik 48 soat ichida tegishli organga yuborilmasa, haydovchi javobgarlikka tortilmaydi. Bu yangilikni o‘z ichiga olgan qonun juma kuni Senatda ma’qullandi. Unga ko‘ra, foto va videoradarlar orqali aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi kerak, aks holda haydovchi javobgarlikka tortilmaydi. Bu – fuqaroni o‘z vaqtida xabardor qilish va o‘z vaqtida chora ko‘rish bilan maqsadi bilan izohlandi.

Shuningdek, YPX xodimlarining xizmat o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga shu joyning o‘zida jarima qo‘llash vakolati bekor qilinmoqda.

Yangi qonun bilan ma’muriy kodeksga yangi javobgarlik choralari ham qo‘shiladi. Xususan, yuk avtomobillariga qoidaga zid ravishda yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangani uchun jarima belgilanadi. Velosipedlar, skuterlar, mopedlar kabi individual harakatlanish vositalarining haydovchilari belgilangan qoidalarni buzishi ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, Senatda bolalarga nisbatan yaqin qarindoshlari tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun alohida javobgarlik belgilash haqidagi qonun ham ma’qullandi. Yuqori palata tasdig‘idan o‘tgan yana bir qonun – O‘zbekiston haqida noma’qul gap aytgan chet elliklarni “qora ro‘yxatga” kiritish haqida. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar va harakatlarni sodir etgan chet elliklar nomaqbul shaxs deb topiladi. Ular 5 yil davomida O‘zbekistonda qator taqiqlarga duchor bo‘ladi va mamlakatga kiritilmaydi, agar respublika ichkarisida bo‘lsa, deportatsiya qilinadi. Shu bilan birga, har ehtimolga qarshi o‘ylab qo‘yilgan choralar ham yo‘q emas: agar nomaqbul shaxs o‘z qilmishini bartaraf etsa, muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Germaniya kansleri Olaf Shols 15-16 sentabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. Samarqandda kechgan muzokaralardan keyin tomonlar o‘nga yaqin kelishuv, xususan migratsiya to‘g‘risida bitim imzoladi. Bitim asosida, malakali o‘zbekistonliklarning Germaniya mehnat bozoriga kirishi osonlashishi ko‘zda tutilgan. Xususan, bu yil 800 dan ortiq o‘zbek hamshiralari ushbu mamlakatga ishlashga jo‘natilmoqda. Bitim, shuningdek, Germaniyadagi noqonuniy o‘zbek migrantlarining ortga qaytarilishini soddalashtirishni ham nazarda tutadi. Olaf Shols O‘zbekistondan keyin Qozog‘istonga ham bordi, Ostonada Markaziy Osiyo – Germaniya formatidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat tez orada adolatli yechim topishining qat’iy tarafdori. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bir qator davlatlar, xususan Isroil elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qilib olish marosimida aytib o‘tdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Isroil–Falastin mojarosining umume’tirof etilgan hujjatlar asosida uzil-kesil yechim topishi va barqaror tinchlik o‘rnatilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy Toshkent BMT Bosh assambleyasining chorshanba kuni qabul qilingan, Isroilni Falastin hududini tark etishga chorlovchi rezolyuyatsiyasini yoqlab ovoz berdi.

Quruvchilar tomonidan noto‘g‘ri kotlovan qazilishi bilan bog‘liq yana bir holat kuzatildi. Toshkentning Chilonzor tumanida kotlovan sababli mahallaga kirish yo‘lidagi asfaltning bir qismi o‘pirilib tushdi. Shundan keyin Qurilish vazirligi qator qoidabuzarliklarni aniqlab, qurilishni to‘xtatishni buyurdi. Boshqa bir holatda, Buxoroning Romitan tumanida kotlovan qazish paytida tutash binoning bir qismi qulab tushdi. Vazirlikka ko‘ra, bino ko‘p qavatli uy qurish ishlari doirasida belgilangan tartibda, maqsadli ravishda qulatilgan.

Tadbirkorlarni quyosh panellari o‘rnatishga majburlash kampaniyasi davom etmoqda. Respublika bo‘yicha HETKlar tadbirkorlarga 10 kun muddatda quyosh paneli o‘rnatmasa, elektrdan uzilishi haqida ogohlantirishlar yuboryapti. Energetika vazirligi bunday harakatlarni noqonuniy deyishi bilan, bu noqonuniy harakatlar to‘xtab qolgani yo‘q. Avvalroq Oltinko‘lda panel o‘rnatmagan tadbirkorlar ommaviy ravishda elektrdan uzib qo‘yilgandi. Kuni kecha Sirdaryo tumanida elektrdan uzilgan tadbirkorlar hokimiyat binosi oldiga yig‘ildi. Tadbirkorlarga ko‘ra, bu majburlovning boshida hokimliklar va prokuratura organlari turibdi.

Mavzuga oid